Xondamir
Xondamir Gʻiyo
siddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziy (1473—1476, Hirot — 1534, Mandu; Dehlida dafn etilgan) — tarixchi.
Ona tomondan Mirxondning nabirasi va shogirdi. Otasi temuriylardan Sulton Maxmud mirzoning vaziri boʻlgan. 10 yoshida Navoiyning kutubxonasida kutubxonachi, 1498-yil mudir. 1503-yildan Balxda Badiuzzamon Mirzo saroyida xizmat qilgan. 1507—1510-yillarda Shimoliy Afgʻonistonda (Basht qishlogʻida) adabiy ijod bilan shugʻullangan. 1510-yil Xondamir Hirotga qaytib kelgan. 1528-yil Xondamir Hindistonga, Boburiylar poytaxti Agraga, yaʼni Bobur xuzuriga borgan va 1529-yil Boburning Bengaliya va Gang daryosi sohili tomon qilgan yurishida qatnashgan. Bobur vafotidan soʻng X. uning vorisi Humoyun bilan harbiy yurishlarda ishtirok etgan. Ayni vaqtda u "Humoyunnoma" asarini yozadi. Bu xizmati evaziga unga "Amir ulmuarrixin" unvoni berilgan. Humoyun bilan harbiy yurishdan qaytib kelayotganda vafot etgan. Vasiyatiga binoan, Dehlidagi mashhur qabristonga, shoir Xusrav Dexlaviy (1253—1325) yoniga dafn etilgan. X. 13 ta asar yozgan, bizgacha 8 tasi yetib kelgan; "Maʼosir ulmuluk" ("Hamasr podshoxdarning tarixi") (1498—1499); Alisher Navoiyga bagʻishlangan: "Xulosat ulaxbor fi bayon ulahvol ulaxyor" ("Xayrli kishilar ahvolini bayon etish borasida xabarlar xulosasi") (1498—1500) va "Makorim ulaxloq" ("Oliyjanob xulkdar") (1501); "Dastur ulvuzaro" ("Vazirlar uchun qoʻllanma") (1500—1501); "Nomai nomi" ("Atokli nomalar") yoki "Inshoi Gʻiyosiddin", "Inshoi Gʻiyosiy" (1522—1523); Mirxondning "Ravzat ussafo" asariga X. tomonidan qoʻshilgan ilova — 7 jild va "Geografik qoʻshimcha" (1522—1523); "Habib us-siyar fi axbor afrod ulbashar" ("Inson zoti xabarlari va doʻstning tarjimai holi") (1520—1524); "Humoyunnoma" (1534).
X.ning qolgan 5 ta asarining nomlari maʼlum xolos: "Osor ulmuluk valanbiyo" ("Podshoh va paygʻambarlar haqida hikoyalar") (1524—1525); "Axbor ulaxyor" ("Yaxshi insonlar haqida xabarlar"); "Muntaxabi tarixi Vassof" ("Vassof tarixidan saylanma"); "Javohir ulaxbor" ("Xabarlar gavharlari"); "Gʻaroyib ulasror" ("Qiziqarli sirlar"). Navoiyning maʼlumotiga kura, X. "Nakiy" taxallusi bilan sheʼrlar yozgan. X.ning 3 jildli "Habib ussiyar fi axbor afrod ulbashar" asarining 1 va 2jiddi Turkistondagi xonlar, Chingizxon va uning avlodlarining tarixi haqida, 3 jildida esa, 1490-yillarda Movarounnaxr va Xurosondagi temuriylar oʻrtasidagi oʻzaro kurashlar, Shayboniyxon bosqini haqida birmuncha maʼlumotlar bor. Xondamir Oʻrta Osiyo, Afgʻoniston, Hindiston tarixiga oid muhim asarlar yaratgan va bu bilan jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qoʻshgan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Madraimov, Abdumajid. Manbashunoslik: Bakalavriatning tarix yo'nalishi talabalari uchun darslik. A. Madraimov, G. Fuzailova. Т.: O'zbekiston faylasuflari milliy jamiyati nashriyoti, 2008.
- Dilorom Yusupova.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |