Kontent qismiga oʻtish

Xizr

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Xizr, Hazrati Xizr, Xizr buva — islom rivoyatlaridagi shaxs, taqvodor inson. Xizr Qurʼonda tilga olinmagan, lekin ulamolar Qurʼonda „Allohning quli“ nomi bilan tilga olingan shaxsni Xizr deb talqin kiladilar. Xizrga odamlarda Allohga boʻlgan eʼtiqodni qoʻllab turish uchun Iso, Ilyos va Idris singari abadiy hayot ato etilgan. U hayot bulogʻidan „obi hayot“ ichgan va umri boqiy boʻlgan. Oʻng qoʻlining bosh barmogʻi suyaksiz boʻlishi, nogahonda yoʻliqib, bir zumda koʻzdan gʻoyib boʻlishi Xizrga xos belgi sanaladi. Rivoyatlarga koʻra, Xizr orollarda yashaydi, osmonda uchadi, dunyo boʻylab kezib yuradi, har yili haj qiladi, juma kunlari Makka, Madina va Quddus sh.laridagi masjidlarda namoz oʻqiydi. Dengizda suzuvchilarga homiylik qiladi, maxsus duolar bilan chaqirilsa, yordamga keladi: suvga choʻkayotganlarni qutqaradi, yongʻinni oʻchiradi, oʻgʻrilar xurujidan, jinlarning xiylalaridan, ilon chaqishidan asraydi. Chol, suvori yoki yoʻlovchi koʻrinishida paydo boʻladi, dehqon dalasiga yoki xirmonga nazar tashlasa, hosil barakali boʻladi va hokazo. Sufiylar Xizrni avliyolar piri sifatida eʼzozlaydi. Islom anʼanasida Xizrning umri boqiy deb talqin etilganiga qaramay, musulmon mamlakatlarida Xizrning bir qancha qabri bor va ular musulmonlarning ziyoratgohlariga aylantirilgan.Xalqimizda "Xar kelganni Hizr bil" degan ibora bor.