Xatirchi tumani
tuman | |
---|---|
Tarkibida | Navoiy viloyati |
Maʼmuriy markazi | Yangirabot |
' | Umidjon Adizov |
Rasmiy tillar | Oʻzbek |
Vaqt mintaqasi | UTC 5 |
Telefon kodi | 79 544 |
Avtomobil raqami kodi | 85 |
Rasmiy sayti | https://xatirchi.uz |
Xaritada | |
40°2′24″N 65°57′36″E / 40.04000°N 65.96000°E |
Xatirchi tumani – Navoiy viloyatidagi tuman. 1926-yil 29-sentyabrda tashkil etilgan. 1920—1921-yillarda Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarkibidagi viloyat, 1922—1926-yillarda Karmana viloyatida uyezd, 1925—1926-yillarda Karmana uyezdining volosti, 1925—1926-yillarda Karmana uyezdining volosti. 1927—1930-yillarda Zarafshon okrugidagi tuman, 1938-yildan Samarqand viloyati, 1982-yildan Navoiy viloyati, 1989-yildan Samarqand viloyati, 1992-yildan Navoiy viloyati tarkibida. Shimolidan Nurota, janubi sharqdan Samarqand viloyatining Kattaqoʻrgʻon, shimoli-sharqdan Qoʻshrabot, janubidan (Zarafshon daryosi orqali) Narpay va Paxtachi tumanlari, gʻarbdan Navoiy viloyatining Navbahor tumani bilan chegaradosh. Maydoni 1,37 ming km². 2022-yilgi holatga koʻra aholisi 207 ming kishidan ziyod[1]. Tumanda 1 shahar (Yangirabot), 1 shaharcha (Langar), 9 qishloq fuqarolari yigʻini (Bogʻchakalon, Olchinobod, Oxunboboyev, Oqoltin, Poʻlkan shoir, Xonaqa, Yangiyoʻl, Krracha Mirdosh) bor. Markazi – Yangirabot shahri.
Tumanda 23 ta madaniyat uyi, 44 ta ommaviy kutubxona, 21 ta kino qurilma, 3 ta xalq muzeyi mavjud (1996-yilgi holatga koʻra).
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman 1926-yil 29-sentyabrda Oʻzbekistondagi boshqa 79 ta tuman qatori rasman tashkil topgan. Ungacha Xatirchi Buxoro Xalq Sovet Respublikasi tarkibidagi viloyat (1920—1921-yil), 1922—1924-yillarda esa Karmana viloyatida uyezd, 1925—1926-yillarda Karmana uyezdining volosti boʻlib kelgan.
1927—1930-yillarda Zarafshon okrugida rayon, 1938-yilgacha esa respublikaga boʻysunuvchi rayon, 1938-yilda yangidan viloyatlar tuzilgach, 1982-yil 20-aprelgacha Samarqand viloyatining, soʻngra 1989-yil sentyabr oyiga qadar yangi tashkil etilgan Navoiy viloyati tarkibida boʻldi. 1989-yilda Navoiy viloyati tarqatib yuborilgach, yana Samarqand viloyatiga qoʻshildi. 1992-yildan boshlab, qayta tashkil qilingan yangi Navoiy viloyatining tumani hisoblanadi.
Xatirchidan atoqli xalq baxshisi Poʻlkan shoirning nabirasi, hassos shoir Amirqul Poʻlkan[2] va taniqli qomuschi olim, adabiyotshunos Gʻaybulla as-Salomlar, tarixchi Eshnorov Shoxrux yetishib chiqqan.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shimoliy qismi Nurota togʻ tizmasi va togʻ etagi qiya tekisligidan iborat, janubiy qismi Oqdaryo, Qoradaryo va qisman Zarafshon daryosi vodiylarini oʻz ichiga oladi. Iqlimi kontinental, yillik oʻrtacha tempatura 13,5°. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi −1,7°, eng past temperatura −33°. Iyulning oʻrtacha tempaturasi 28,7°, eng yuqori tempatura 44°. Vegetatsiya davri 212 kun. Yillik yogʻin miqdori, shimoliy togʻlik qismida 300 mm, janubidagi tekislikda 200 mm. Suv resurslari Qoradaryo, Oqdaryo, Zarafshon va bir necha soylardan iborat. Tuproqlari togʻ etaklari tipik boʻz, och boʻz tuproqlar. Janubiy qismida sugʻoriladigan boʻz, allyuvial, oʻtloqi va oʻtloqibotqoq tuproqlar tarqalgan. Togʻ etaklaridagi qiya tekisliklarda chorvachilik va tokchilik rivojlangan. Yovvoyi oʻsimliklardan daryo terrasalari va qayirlarida qamish, roʻvak, bugʻdoyiq, shoʻrajriq, kampirsoch, itgunafsha, suvrang, yulgʻun va boshqa, Nurota togʻlari etaklarida rang, yaltirbosh, chalov, karrak, kiyik oʻti, oq safrak, gulxayri, betaga; bahorda efemerlar oʻsadi. Butalardan doʻlana, pista uchraydi. Yovvoyi hayvonlardan boʻri, tulki, chiyaboʻri, quyon, jayran, togʻ echkisi va toʻqayzorlarda qirgʻovul, loyxoʻrak, oʻrdak, lochin, bulduruq, qirgʻiy, soʻfitoʻrgʻay, chumchuq, chugʻurchiq, zargʻaldoq; sudraluvchilardan gekkonlar, toshbaqa, sariq ilon, kobra, echkemar; kemiruvchilardan jayra, koʻrsichqon, kichik qoʻshoyoq, qumsichqon, tipratikan, kalamush va boshqa uchraydi. Nurota togʻining yon bagʻrida. Langar koni bor.
Aholisi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Aholisi 2022-yilgi holatga 207 ming kishidan ziyod[1]. Asosan oʻzbeklar (99, 1%), shuningdek, tojik, rus, ukrain, tatar, ozarbayjon, qozoq va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining oʻrtacha zichligi 1 km² ga 105 kishi. Shahar aholisi 20,2 ming kishi, qishloq aholisi 123,7 ming kishi (2004).
Sanoati va iqtisodiyoti
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tuman sanoatining rivoj topishi 1933-yilda shu tumanda „Paxtakor“ (hozirda „yangi hayot“ gazetasi bosmaxonasi asos solinishiga borib taqaladi. Usmon Ernazarov bosmaxona direktori boʻlgan. Oʻsha paytlarda gazetani chop qilish, qogʻoz kesish, harf terish kabi ishlar qoʻlda qilingan.
Langarning kon oʻlaroq shakllanish tarixi tuman iqtisodiyotida alohida oʻrin tutgan.
1922—1924-yillarda, Nurota togʻ tizmasida uning chap tarmogʻi boʻlmish Oqtovda Oʻrta Osiyo geologiya komiteti qidiruv boʻlimining geologlari N. A. Smirnov, B. A. Nikolayevlar ish olib borgan.
1929-yilda, Hozirgi A. Yorlaqabov nomli jamoa xoʻjaligi Chigʻatoy qishogʻida „Yangiyoʻl“ jamoa xoʻjaligi tashkil qilingan. „Qizil karvon“, „Lochin“, „Qaytmas“ jamoa xoʻjaliklari tashkil etiladi
Ikkinchi jahon urushidan soʻng, 1946—1948-yillarda tumanda „Langarstroy“ korxonasidan oʻzga yirik tashkilot boʻlmagan. Ammo bu yerda qadimdan hunarmanchilik rivojlangan topgan edi.
Pishiq va xom gʻisht ishlab chiqarish, kulolchilik, duradgorlik (rom, eshik, sandiq, beshik va boshqalar), aravasozlik, tikuvchilik, charm tayyorlash, etikdoʻzlik, savat va boʻyra toʻqish, boʻyoq ishlab chiqarish, gilam toʻqish, temirchilik, sovun ishlab chiqarish, qandolatchilik (novvot, holva, nisholda, parvarda va hokazo) sexlari ishlagan. Shaharda 3 ta pishgan gʻisht ishlab chiqaruvchi xumdonlar boʻlgan[3].
Tumanda 2004-yilgi holatga koʻra, 2,1 ming korxona roʻyxatga olingan. 55 kichik, 32 oʻrta, 109 yirik korxona, mikrofirmalar faoliyat koʻrsatadi. Xatirchi tumanida „LangarUzRos“ qoʻshma korxonasi ishlab turibdi (2003). Xatirchi paxta tozalash zavodi, non kombinati, qurilish tashkilotlari, MTP va boshqa bor. Qishloq xoʻjaligi, asosan, paxtachilikka ixtisoslashgan. Tumanda 300 ga yaqin dehqon, 907 fermer, 17 shirkat xoʻjaliklari mavjud (2003). Ekin maydonlariga paxta, don, ozuqa, kartoshka, sabzavot va poliz ekinlari ekiladi. Shu jumladan, 12,3 ming gektar yerda paxta, 10,3 ming gektar yerda gʻalla yetishtiriladi (2004). Bogʻdorchilik (bodom, yongʻoq, anor, oʻrik, anjir va boshqalar), tokchilik rivojlangan. 19,9 ming gektar yer oʻrmonzor (2004). Tutzorlar ham bor. Ipakchilik bilan shugʻullaniladi.
Tuman jamoa va shaxsiy xoʻjaliklarida 56,8 mingga yaqin qoramol (shu jumladan, 33,1 mingdan ziyod sigir), 86,7 mingga yaqin qoʻy va echki, 38 mingga yaqin parranda, 853 yilqi boqiladi (2003).
Tumanda 85 umumiy taʼlim maktabi (44 mingga yaqin oʻquvchi), shu jumladan, 1 litsey (245 oʻquvchi), bolalar musiqa va sanʼat maktabi, 4 kasb-hunar kolleji (2000 dan ziyod oʻquvchi), 23 klub muassasasi, 35 kutubxona, muzey, madaniyat va istirohat bogʻi, madaniyat saroyi ishlab turibdi (2004).
Xatirchi tumanida markaziy stadion, bir qancha sport inshootlari, sport maydonlari va sport zallari faoliyat koʻrsatadi.
Markaziy kasalxona, tugʻruqxona, poliklinika, qishloq shifokorlik punktlari, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 244 vrach xizmat qiladi. Oltinsoy sanatoriysi mavjud. Tuman markazi bilan Navoiy shahri oʻrtasida avtobus qatnaydi. „Xatirchi hayoti“ tuman gazetasi (avvalgi „Yangi Hayot“) 1998-yildan nashr qilinadi (adadi 7300 ga yaqin).
Joylashuvi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Xatirchi tumani shimoldan va shimoliy gʻarbdan viloyatning Nurota, gʻarbdan Navbahor tumanlari bilan, janubdan Zarafshon daryosi orqali Samarqand viloyatining Paxtachi va Narpay tumanlari, janubi sharq va sharqdan Kattaqoʻrgʻon hamda shimoli-sharqdan Qoʻshrabod tumanlari bilan chegaradosh. Tumanning yer maydoni 1382 km²[4].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 „Hududlar kesimida doimiy aholi soni“.
- ↑ Pulkan.com[sayt ishlamaydi]
- ↑ XATIRCHI TUMANI tarixidan lavhalar. Toshkent: Oʻzbekiston FA „Fan“ nashriyoti“, 1996.
- ↑ Navoiy viloyati hokimligi rasmiy sayti, 2007-06-10da asl nusxadan arxivlandi, qaraldi: 2008-07-28
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Navoiy viloyati sayti (Wayback Machine saytida 2007-06-10 sanasida arxivlangan)
- Xatirchi tumani toʻgʻrisidagi sayt
- Pulkan.com
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |