Sotsiolingvistika
Sotsiolingvistika (lot societas — jamiyat va lingvistika) — tilshunoslik, sotsiologiya (jamiyatshunoslik), ijtimoiy psixologiya va etnografiya fanlari tutashmasida rivojlanuvchi va tilning ijtimoiy tabiati, uning ijtimoiy vazifalari, tilga taʼsir koʻrsatish mexanizmi hamda tilning jamiyat hayotida tutgan oʻrni bilan bogʻliq koʻplab muammolar majmuini oʻrganuvchi ilmiy nazariy soha hisoblanadi. Ushbu muammolarning ayrimlari („til va jamiyat“) umumiy tilshunoslik doirasida ham oʻrganiladi. Sotsiolingvistikaning fanlar aro maqomi u foydalanadigan tushunchalar majmuida namoyon boʻladi. Oʻtgan asrning 70— 80 yillaridagi ayrim sotsiolingvistik izlanishlar bir tomonlama — oʻsha vaqtdagi til siyosati nuqtai nazari va talablari asosida olib borilgan.[1] Sotsiolingvistikadagi meʼyoriylik mezoni deyilganda tilning muayyan meʼyorlar asosida muvofiqlashtiriluvi tushuniladi. Til grammatikasiga oid qonun-qoidalarning yaratilishi meʼyorlashtirishning muhim omillaridan hisoblanadi. Meʼyorlashtirilgan til muayyan jamiyatning ehtiyoji uchun xizmat qiladigan, muayyan qonun-qoidalar asosida muvofiqlashtirilgan milliy-adabiy tildir. Hududiylik tilning maʼlum hudud bilan bog‘liqligini ifoda etadi. Hududiylik millat, elatga xos urf-odat, anʼanalar, tarixiy-etnik birlik va yagona davlat tizimining shakllanganligi bilan bog‘liq. Millatning, hududning, tarixiy-etnik asos va taraqqiyotning boshqa-boshqaligi tillar o‘rtasidagi farqlar uchun asos bo‘ladi. Millat va etnik asosning bir xil bo‘lishi hududning farq qilishidan qatʼi nazar, aloqamunosabat vositasining bir xil bo‘lishini taʼminlaydi. Masalan, o‘zbek va tojik tillarida har bir tilning o‘ziga xosligi ko‘zga tashlanadi. Bir xil etnik asosga ega bo‘lgan o‘zbek va qirg‘iz tillari o‘rtasida fonetik, leksik, grammatik farqlar bor. Adabiy til va shevalar o‘rtasida ham tilning ichki tuzilishi bilan bog‘liq farqlar kuzatiladi. Ijtimoiy tabiati va o‘ziga xos xususiyatlaridan kelib chiqib, tillarni quyidagicha guruhlash mumkin.
Meʼyorlashtirilgan tillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Adabiy til meʼyoriga ega bo‘lgan tillardir. Bunday tillarga adabiy shakliga ega bo‘lgan barcha tillar kiradi. Adabiy til tarixiy taraqqiyot jarayonida takomillashib, o‘zgarib boradi.
Qadimiy tillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Tillarning dastlabki taraqqiyoti davrida shakllangan, takomiliga yetgan, eng qadimiy madaniy-maʼnaviy yodgorliklar yaratilgan tillardir. Bu tillar keyingi davrlarda shakllangan bir qator tillar uchun asos bo‘lib xizmat qilgan. Qadimiy tillar kishilik jamiyatining umumiy taraqqiyoti uchun katta ahamiyat kasb etgan. Maʼlum davrda aloqa-munosabat vositasi sifatida mavjud bo‘lib, keyingi davrlarda isteʼmoldan chiqa borgan. Natijada o‘lik tilga aylangan. Lotin tili qadimiy tilning yaqqol namunasidir.
Mahalliy tillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Kam sonli aholiga xizmat qiladigan tillardir. Mahalliy tillar o‘z yozuviga ega emas. Bunday tillar faqat og‘zaki shaklda mavjud bo‘lib, aholining kundalik aloqa-munosabat ehtiyoji uchun xizmat qiladi.
Kreol tillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yevropa mustamlakachilarining afrikaliklar, Sharq mamlakatlari xalqlari va Amerika hindulari bilan muloqoti natijasida mahalliy aholi tillariga Yevropa tillari (fransuz ingliz portugal) xususiyatlarining singishidan hosil bo‘lgan tillardir. Masalan, Amerikadagi Gaiti oroli mahalliy aholisi tilining fransuz tili bilan aralashuvi natijasida giti-kreol, Lotin Amerikasidagi mahalliy aholi tili bilan ispan tilining aralashuvidan ispan-nauatal kreol tili hosil bo‘lgan. Kreol tillarning har biri o‘ziga xos xususiyatlarga ega. Ularda birdan ortiq tilning o‘ziga xos xususiyatlari yaxlit holda namoyon bo‘ladi.
Pijin tillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ham Yevropa tillari bilan mahalliy tillarning aralashuvidan yuzaga keladi. Lekin pijin tillarida so‘zlashadigan jamiyat yo‘q (kreol til jamiyat uchun aloqa-munosabat vositasi sifatida xizmat qiladi). Pijin tillardan port shaharlarida ikkinchi til sifatida foydalaniladi.
Sunʼiy tillar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Maxsus yaratilgan xalqaro tillardir. Polyak olimi L. Zamengof tomonidan yaratilgan esperanto tili sunʼiy til hisoblanadi. Bu tilning lug‘aviy asosi Yevropa tillaridan olingan, grammatikasi agglyutinativ xarakterda, grafikasi lotin yozuvi asosida. Bu tilda mashhur asarlar tarjima qilingan. Radio eshittirishlar ham tashkil qilingan. Bu tilning keyingi taqdiri muayyan davr bilan bog‘liq. Sotsiolingvistika til va jamiyat munosabatlarini tahlil qilar ekan, umumiy va xususiy qonuniyatlarga tayanadi.[2]