Kontent qismiga oʻtish

Qasida

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Qasida (arab tilidan olingan boʻlib — koʻzlamoq, niyat qilmoq maʼnosini anglatadi) — Sharq mumtoz adabiyotidagi sheʼriy janrlardan biri. Qasida biror shaxsning (koʻpincha hukmdorning) madhiga bagʻishlangan. uchun koʻtarinki, tantanavor ohang xos. Hajmi 20 baytdan 200 baytgacha boʻlishi mumkin. Gʻazalga oʻxshab qofiyalanadi (aa, ba, va, …). Kompozitsiyasi gʻazalga nisbatan murakkab boʻlib, nasib (yoki tashbib) deb ataluvchi lirik muqaddima, gurezgoh (qochish joyi; nasibdan asosiy qism — madhga oʻtish vazifasini bajaruvchi bayt yoki baytlar), madh (maqtov) va mamduh (maqtalayotgan shaxs) haqidagi duo va matlabni oʻz ichiga oluvchi xulosa qismlardan iborat. Qasida mazmuniga koʻra, Qasidayi bahoriya, Qasidayi ishqiya, Qasidayi holiya (oʻz ahvolidan shikoyat tarzida), Qasidayi hamriya (may bilan bogʻliq tasvir), Qasidayi hazoniya (kuz tasviri), Qasidayi faxriya (shoirning oʻz isteʼdodidan faxrlanishi), Qasidayi hajviya tipida boʻlishi mumkin. 11—12-asrlardan uning mazmun va mavzu doirasi kengayib, falsafiy, axloqiy, ijtimoiy qasidalar ham yozilgan (masalan, Unsuriy, Anvariy, Xoqoniy qasidalari).

Oʻzbek mumtoz qasidalari arab va fors qasidachiligi zaminida yuzaga kelgan, uning ilk namunalari „Devonu lugʻotit turk“da uchraydi. 15-asrda Sakkokiy, Lutfiy, Gadoiy, Amiriylar ijodida qasida oʻzining yuqori bosqichiga koʻtarilgan. Ayniqsa, Sakkokiy yaratgan qasidalar alohida ajralib turadi. Uning devonida 10 ta qasida boʻlib, undan 4 tasi hukmdor va olim Mirzo Ulugʻbekka bagʻishlangan. Alisher Navoiyning original kompozitsiya va uslubga ega boʻlgan „Hiloliya“, katta ijtimoiy mazmun tashuvchi „Tuhfat ulafkor“ („Sittayi zaruriya“dan) qasidalari mashhurdir. Keyingi davrda oʻzbek adabiyotida Munis va boshqalar shoirlar ham bu janrga murojaat qilganlar.

Hozirgi oʻzbek adabiyotida ham qasida janrida bir qancha asarlar yaratilgan (Gʻ.Gʻulom, H.Olimjon, T. Toʻla, E.Vohidov, A.Oripov va boshqalar).

Lugʻaviy maʼnolari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Qasida — [ قصىده ] — arabcha „qasd“ soʻzidan olingan boʻlib, „maqsad“, „niyat“, „biror  ishga qasd qilish“ maʼnolarini bildiradi. Nazmiy asar turi. Sharq mumtoz adabiyotidagi sheʼriy janrlardan biri, koʻpincha biror shaxsning madhiga bagʻishlanadigan, shuningdek, falsafiy, axloqiy-didaktik, ijtimoiy mazmundagi, koʻtarinki, tantanavor ohangli, gʻazalga oʻxshab qofiyalanadi, hajmi 20 baytdan 200 baytgacha boʻladigan sheʼriy asar[1].

Shohlar, amirlar, mashhur kishilar, tarixiy voqealarga ega boʻlgan sheʼrga qasida deyiladi. Qasidaning „qonugʻ“ deb atalgan dastlabki namunalarini Mahmud Koshgʻariy oʻz asarida keltirgan. Mumtoz adabiyotimizdagi qasidalarning asosiy qismi aruz vaznida bitilgan boʻlib, ular 12 baytdan bir necha yuz baytgacha hajmdadir. Zamonaviy oʻzbek adabiyotida M.Shayxzodaning „Toshkentnoma“, E. Vohidovning „Oʻzbegim“, A. Oripovning „Oʻzbekiston“ kabi asarlari qasidachilik rivojiga qoʻshilgan ulkan hissadir[2].

Qasidalar gʻazalga oʻxshash tarzda qofiyalanadi. Yaʼni a-a, b-a, d-a… Lekin hajm jihatidan cheklanmaydi. Mumtoz sheʼriyatimizda yaratilgan qasidalarning aksar qismi hukmdorlar madhiga bagʻishlangan. Sakkokiyning Ulugʻbekka, Navoiyning Husayn Boyqaroning taxtga chiqishiga bagʻishlab yozgan qasidalari qasida janrining eng yaxshi naʼmunalari sanaladi[3].

Qasida tuzulishiga koʻra ikki xil boʻladi:

[tahrir | manbasini tahrirlash]

1.Qasidayi tom (toʻliq qasida) — bunda qasida 4 qismdan tarkib topadi :

a) nasib — lirik kirish (tabiat tasviri)

b) gurizgoh — nasib bilan madhni bogʻlovchi, 4-5 baytdan tashkil topgan qism

c) madh — asosiy qism

d) qasd — mamduh(madh etilayotgan shaxs)ga niyat va istaklar bildirilgan qism.

2.Qasidayi mujarrada (tovliq boʻlmagan, chala qasida) — bunda faqat madh keltiriladi.

Qasidalar mavzusiga koʻra quyidagi turlarga boʻlinadi:

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vasfiy qasida

Madh  qasida

Hajv qasida

Marsiya qasida

Munojot qasida

Falsafiy qasida

Turkiy adabiyotda ilk qasida „Devoni lugʻatit turk“ uchraydi. Qasida haqida ilk maʼlumot „Funun al balogʻa“da keltirilgan.

Navoiyning turkiy tilda yaratilgan bitta („Hiloliya“), forsiy tilda yozilgan 10 ta („Sittayi zaruriya“ (6 ta) va „Fusuli arba“ (4 ta) qasidasi bor[4].

  1. Oʻzbek tilining izohli lugʻati. Davlat ilmiy nashriyoti, 2006 — 257-bet. 
  2. Adabiyot fanidan maʼlumotnoma. Yangi kitob nashriyoti, 2020 — 61-bet. 
  3. Mumtoz badiiyat lugʻati. Yangi asr avlodi, 2008 — 170-bet. 
  4. Dilnavoz Yusupova. Aruz va mumtoz poetikaga kirish. Akademnashr, 2020.