Paul Gauguin
Paul Gauguin (talaffuzi: Pol Gogen) (1848.7.6, Parij — 1903.8.5, Markiz orollari) — fransuz rassomi; postimpressionizmning yirik vakili. 1883-yildan ijod bilan shugʻullangan. Gauguin Yunoniston, qadimgi Sharq mamlakatlari sanʼati, ibtidoiy madaniyati bilan qiziqdi. Oʻtmish hayot tarziga qiziqish uni simvolizm bilan yaqinlashtirdi, oʻziga ergashgan yoshlar bilan oʻziga xos yangi rangtasvir tizimi („sintetizm“)ni yaratdi.
Gauguinning „Arldagi qahvaxona“ (1888), „Rashk qilasanmi?“ (1892), „Taiti pastorali“ (1893), „Qirolning xotini“ (1896), „Meva terimi“ (1899) va boshqa asarlarida notanish olamning ajoyibotlari, inson va tabiat uygʻunligi haqidagi orzularining goʻzal dunyosini yaratishga intiladi. Gauguin ijodiga xos boʻlgan joʻshqin rang, bezak va mahobatlilikning uygʻunligi 20-asr boshida yashagan rassomlarning ijodiy izlanishlariga taʼsir koʻrsatdi.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |