Kontent qismiga oʻtish

Nippur

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nippur (hozirgi Niffer yoki Nuffar, Iroqdagi Bagʻdod va Basra shaharlari orasida) — qad. Shumer shaharlaridan biri, uning bosh diniy markazi (miloddan avvalgi 3-ming yillik boshi — 2-ming yillik boshlari). Miloddan avvalgi 3-ming yillikda N.da shumerlarning mahalliy maʼbudlari — "togliklar" (Enlil boshchiligida) va Eridu — "dengiz" (Enki boshchiligida) maʼbudlarini birlashtirgan bir sajdagohi (panteon) qurilgan. Miloddan avvalgi 18-asrda N. Bobil tomonidan bosib olingan. Shu munosabat bilan N. diniy markaz sifatidagi rolini Bobilga bergan. Bobilning bosh maʼbudi Marduk, oliy maʼbud Bela nomini olgan Enlil deb eʼtirof etila boshlangan.

N. diniy markaz sifatida Shumer shahar-davlatlari hayotida katta rol oʻynagan. N. kohinlari tan olmagan bironta ham podsho Shumerda tan olinmagan. N. ibodatxonasida kutubxona barpo etilgan boʻlib (miloddan avvalgi 3-ming yillik), unda tarix, geografiya, astronomiya, botanika, zoologiya, filologiya va boshqa fanlarga oid shumeriylarning risolalari ilohiyot, munajjimlik-sehrgarlikka (ularning koʻpchiligi miloddan avvalgi 1-ming yillikda Ashshurnasirpal va Ashshur banipal kutubxonasi olimlari tomonidan qayta koʻchirilgan) oid asarlar bilan birga saqlangan. Miloddan avvalgi 2-ming yillik boshida kutubxona Elam istilochisi Kudurmabuk tomonidan yoqib yuborilgan. Miloddan avvalgi 2 - 1-ming yilliklarda N. Bobilning "erkin shahri" sifatida ichki muxtoriyat huquqiga ega boʻlgan. Ahamaniylar davrida (miloddan avvalgi 5-asr) N.da Murashu savdo-sudxoʻrlik uyi mavjud boʻlgan (unda katta arxiv hujjatlari saqlangan). Soʻngra N. kimsasiz shaharga aylanib, sosoniylar davrida nekropol boʻlgan N.da qazishma ishlari 19-asrdan olib boriladi; Enlil (Ekur) ibodatxonasi, maktab, kutubxona (80 xonadan iborat, 80 mingga yaqin mixxat hujjatlari, shundan 23 minggi kutubxonaning eng qad. davriga oid), xususiy uy-joylar va boshqa topilgan.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil