Kontent qismiga oʻtish

Nafas chastotasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Nafas olish chastotasi – bu vaqt birligidagi (odatda bir daqiqada) nafas olish harakatlarining soni (nafas olish-chiqarish sikllari).

Nafas olishning ahamiyati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Odam va har bir boshqa tirik organizm tashqi muhitdan kislorod qabul qilib, karbonat angidrid gazini chiqarib turishi nafas olish deb ataladi. Nafas olish har bir tirik organizmning hayoti uchun eng zarur fiziologik jarayon hisoblanadi. Nafas olish jarayoni quyidagi qismlardan iborat: 1. Oʻpka alveolalari va tashqi muhit oʻrtasida kislorod va karbonat angidrid almashinuvi (tashqi nafas olish). 2. Oʻpka alveolalari va oʻpkaning kapillyar qon tomirlari oʻrtasida kislorod va karbonat angidrid almashinuvi. 3. Qon va toʻqimalar oʻrtasida kislorod va karbonat angidrid almashinuvi (ichki nafas olish).Nafas olish orqali tashqi muhitdan qabul qilingan kislorod ishtirokida hujayra va toʻqimalarda oqsil, yogʻ va uglevodlar oksidlanib, energiya hosil qiladi. Hujayra va toʻqimalardagi barcha hayotiy jarayonlar (qoʻzgʻalish, sirg`alish,harakatlanish, koʻpayish) ana shu energiya hisobiga amalga oshadi. Bu hayotiy jarayonlar natijasida hosil boʻlgan karbonat angidrid gazi hujayra va toʻqimalardan qonga oʻtib, oʻpkalar orqali tashqi muhitga chiqariladi.

Nafas olish aʼzolarining tuzilishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nafas olish aʼzolariga: burun boʻshligʻi, hiqildoq, kekirdak (traxeya), bronxlar, oʻpkalar va plevra pardalari kiradi.

Burun boʻshligʻi. Burun boʻshligʻi yuqori, pastki va ikkita yon devordan tashkil topgan. Burun boʻshligʻi oʻrtasidan ikkiga boʻlingan. Uning ichki yuzasi shilimshiq parda bilan qoplangan. Bu pardada juda koʻp mayda bezchalar boʻlib, ulardan shilimshiq suyuqlik ajraladi. Shilliq parda mayda qon tomirlari va nerv tolalariga boy. Burun boʻshligʻining oldingi qismida mayda tukchalar boʻladi. Ular nafas olinadigan havo tarkibidagi chang zarrachalarini tutib qolib, organizmni himoya qilish vazifasini bajaradi. Nafas olganda tashqi muhitdan kirgan havo burun boʻshligʻi orqali oʻtganda iliydi, namlanadi va chang zarrachalaridan tozalanadi. Shundan keyin bu havo halqum orqali hiqildoqqa oʻtadi.

Hiqildoq. Hiqildoq IV-VI boʻyin umurtqalari roʻparasida joylashgan. U old tomondan til osti suyagi muskullari va teri, yon tomondan qon tomirlari va nerv tolalari hamda qalqonsimon bez bilan chegaralangan. Hiqildoq havo oʻtkazuvchi nafas yoʻli vazifasini bajarishdan tashqari, u tovush hosil qiladigan ovoz apparati hamdir. Uning ichki qavati shilimshiq pardadan iborat, devori esa togʻay va muskullardan tashkil topgan. Ichki qavatining oʻrtasida tovush boylamlari va muskullari joylashgan boʻlib, ularning harakati, qisqarishi va boʻshashishi natijasida ovoz teshiklari ochilishi yoki yopilishi orqali tovush hosil boʻladi. Hiqildoq uzuksimon, qalqonsimon, hiqildoq usti kabi uchta yirik togʻaydan va uch juft mayda togʻaydan tashkil topgan. Hiqildoqda uch guruh muskullar boʻlib, ularning bir guruhi tovush teshigini kengaytiradi, ikkinchi guruhi toraytiradi, uchinchi guruhi tovush boylamlarini taranglashtiradi. Hiqildoqdan havo uning pastki qismiga tutashgan nafas yoʻliga, yaʼni kekirdakka oʻtadi.

Kekirdak (traxeya). Kekirdak hiqildoqning pastki qismidan, yaʼni VI-VII boʻyin umurtqalari roʻparasidan boshlanib, V koʻkrak umurtqasi roʻparasigacha davom etadi va shu joyda oʻng va chap bronxlarga boʻlinadi. Kekirdakning devori 16-20 ta aylanasimon togʻaylar va paylardan tashkil topgan. Aylanasimon togʻaylarning orqa qismi silliq muskullardan iborat. Kekirdakning ichki qavati tuksimon shilliq pardadan tashkil topgan boʻlib, unda mayda bezchalar joylashgan. Ulardan ajralgan suyuqlik havoni namlab oʻtkazadi. Tuksimon silliq parda esa havodagi chang zarrachalarini ushlab qolib, tashqariga chiqarib yuboradi.

Bronxlar. V koʻkrak umurtqasi roʻparasida kekirdakning ikkiga (oʻng va chap bronxlarga) boʻlinishidan hosil boʻladi. Bronxlar oʻpka toʻqimasiga kirib, xuddi daraxt shoxiga oʻxshab, juda koʻp mayda bronxchalarga tarmoqlanadi va alveola pufakchalarini hosil qiladi. Kekirdak va bronxlar nafas yoʻli hisoblanib, ular havoni ilitib, namlab, mayda chang zarrachalaridan tozalab, oʻpka alveolalariga oʻtkazadi.

Oʻpka. Oʻpka bir juft boʻlib (oʻng va chap oʻpka), konussimon tuzilgan. Ular koʻkrak qafasining ikki tomonida joylashgan. Oʻng va chap oʻpkaning oʻrtasida kekirdak, qiziloʻngach, qon tomirlari, ayrisimon bez, nerv tolalari, limfa tomirlari va tugunlari hamda yurak joylashgan. Oʻng oʻpka chap oʻpkadan kattaroq boʻlib, u yuqorigi, oʻrta va pastki boʻlakdan iborat. Chap oʻpka esa yuqorigi va pastki boʻlakdan tashkil topgan. Oʻpkalar pastki tomondan diafragma, orqa tomondan umurtqa pogʻonasi, oldingi tomondan toʻsh suyagi va atrof tomondan qovurgʻalar bilan chegaralangan. Oʻpka toʻqimasi daraxtsimon shakldagi oʻrtacha, mayda va eng mayda bronxchalardan hamda pufakchasimon alveolalardan tashkil topgan. Oʻpka toʻqimasi bronxlar va alveolalardan tashkil topganligi tufayli, u gʻovaksimon tuzilgan boʻladi. Oʻpka alveolalarida gaz almashinuvi jarayoni kechadi. Ularning devorlari bir qavatli epiteliy toʻqimasidan iborat boʻlib, atrofi mayda qon tomirlari – kapillyarlar bilan toʻrsimon shaklda oʻralgan. Alveolalarning soni ikkala oʻpkada 750 mln atrofida boʻladi. Oʻpkalar tashqi tomondan plevra pardasi bilan oʻralgan. U ikki qavatdan (ichki va tashqi) iborat boʻlib, ular orasida torgina plevra boʻshligʻi hosil boʻladi. Plevra boʻshligʻi ichidagi bosim atmosfera bosimiga nisbatan kam, yaʼni manfiy boʻladi. Bu esa nafas olgan paytda oʻpka toʻqimasining kengayishiga va undagi alveolalarga havo kirishiga, nafas chiqarganda esa torayib, alveolalardagi havoni qisib chiqarishga imkon beradi. Oʻpkalar katta qon aylanish doirasidan kelgan bronxial arteriya tomiri orqali oziqlanadi. Kichik qon aylanish doirasining tomirlari, yaʼni oʻpka arteriyalari va oʻpka venalari oʻpka toʻqimasini oziqlantirishda ishtirok etmaydi. Bu tomirlardagi qon oʻpka alveolalariga oʻzidagi karbonat angidridni berib, ulardan kislorod qabul qiladi, yaʼni venoz qon arterial qonga aylanadi.

Ovoz apparati.Yuqorida aytilganidek, asosiy ovoz apparati hiqildoqda joylashgan. Hiqildoqda joylashgan ovoz boylamlari, muskullari bilan birga, ovoz hosil boʻlishida til, lablar, ogʻiz boʻshligʻi, burun boʻshligʻi va uning yuz, peshona suyaklari orasida joylashgan qoʻshimcha kovaklari, halqum, kekirdak, bronxlar va oʻpkalar ham ishtirok etadi. Odam gapirmay turganda hiqildoqda joylashgan ovoz boylamlarining teshigi ochiq holda boʻladi (u uchburchak shaklda). Pichirlab soʻzlaganda ham ovoz teshigi ochilgan holda boʻladi. Soʻzlashganda, kuylaganda ovoz teshigi yopiladi va oʻpkadan nafas bilan chiqariladigan havo katta kuch bilan ovoz boylamlariga taʼsir qilib, ulaming tebranishi natijasida ovoz hosil boʻladi. Ovoz boylamlari oʻpkadan chiqariladigan havo taʼsirida bir sekundda 80 martadan 10 ming martagacha tebranishi mumkin. Tebranish qancha koʻp boʻlsa, ovoz shuncha kuchli boʻladi. Ovozning oʻtkirligi ovoz boylamlarining kalta yoki uzun boʻlishiga bogʻliq.

Nafas harakatlari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Nafas harakatiari nafas olish va nafas chiqarishdan iborat. Nafas olish harakati qovurgʻalarning koʻtarilishi va diafragmaning pastga tushishi orqali taʼminlanadi. Qovurgʻaiarning koʻtarilishi boʻyin va tashqi qovurgʻalararo muskullarning qisqarishi natijasida yuzaga keladi. Diafragmaning pastga tushishi esa uning muskullari qisqarishi natijasida sodir boʻladi. Bu harakatlar natijasida koʻkrak qafasining hajmi kattalashadi, oʻpka kengayadi va tashqi muhitdan oʻpkaga havo soʻrib olinadi. Qovurgʻalararo muskullarning faol ishtirok etishi bilan nafas olish koʻkrak bilan nafas olish deb ataladi. Diafragmaning koʻproq harakatianishi orqali nafas olish qorin bilan nafas olish deb ataladi. Erkaklarda asosan qorin bilan nafas olish, ayollarda esa asosan koʻkrak bilan nafas olish harakatiari rivojlangan. Nafas olish harakatlarining koʻkrak yoki qorin orqali bajarilishi odamning holatiga, bajarayotgan ishiga ham bogʻliq. Masalan, odam ogʻir yuk koʻtargan vaqtda koʻkrak qafasi va umurtqa pogʻonasi yuk uchun tayanch vazifasini oʻtaganligi sababli koʻkrak qafasining harakati qiyinlashadi. Shuning uchun nafas olish harakatida asosan diafragma ishtirok etadi. Homilador ayollarda esa diafragmaning pastga tushish harakati qiyinlashadi. Shu sababli nafas olish harakatiari qovurgʻalararo muskullarning qisqarishi orqali taʼminlanadi. Nafas chiqarish harakati ichki qovurgʻalararo va qorin muskullarining qisqarishi orqali taʼminlanadi. Ichki qovurgʻalararo muskullar qisqarganda qovurgʻalar pastga tushadi, qorin muskullari qisqarganda diafragma yuqoriga koʻtariladi. Natijada koʻkrak qafasining hajmi kichrayib, oʻpkalarning torayishiga va ulardagi havoning tashqi muhitga siqib chiqarilishiga sabab boʻladi. Nafas olish va nafas chiqarish harakatlarida, yaʼni nafas olganda oʻpkalar hajmining kengayib-torayishida koʻkrak qafasi va plevra boʻshligʻidagi bosimning manfiy boʻlishi (atmosfera bosimiga nisbatan 6 mm simob ustuni chamasida past boʻlishi) muhim rol oʻynaydi. Bu manfiy bosim nafas olish harakati vaqtida tashqi muhitdan oʻpkaga havo soʻrilishini taʼminlaydi. Bundan tashqari, koʻkrak qafasidagi manfiy bosim vena tomirlaridagi qonning koʻkrak qafasidagi pastki va yuqorigi kovak venalariga soʻrib olinishiga va yurakning oʻng boʻlmasiga quyilishiga qulaylik yaratadi.

Nafas bilan qabul qilinadigan va chiqariladigan havoning tarkibi. Atmosfera havosi tarkibida 20,94% kislorod, 0,03% karbonat angidrid, 79,3% azot boʻladi. Boshqa gazlar juda kam miqdorda boʻladi. Nafas bilan chiqarilgan havo tarkibida esa 16,3% kislorod, 4% karbonat angidrid, 79,7% azot boʻladi. Oʻpka alveolalari ichidagi havo tarkibida 14,2-14,6% kislorod, 5,5-5,7% karbonat angidrid va 80% azot boʻladi. Nafas bilan chiqariladigan va oʻpka alveolalari ichidagi havoning tarkibi bir-biridan farq qilishiga sabab shuki, oʻpka alveolalaridan nafas bilan chiqariladigan havo nafas yoʻllaridagi (bronxlar va traxeyalardagi) havo bilan amlashadi. Nafas yoʻllaridagi havoning tarkibi atmosfera havosining tarkibiga yaqin boʻladi, chunki u nafas organi bilan qon oʻrtasidagi gazlar almashinuvida ishtirok etmaydi.[1]

  1. dam8.narod.ru/nafas.htm