Mariya Vetrova
Mariya Fedosyevna Vetrova | |
---|---|
ukraincha: Марія Федосіївна Вєтрова | |
Tavalludi |
1870-yil3-yanvar Solonivka, Moshchenskaya volosti, Gorodnyanskiy tumani, Chernigov viloyati, Rossiya imperiyasi |
Vafoti |
1897-yil 24-fevral Sankt-Peterburg, Rossiya imperiyasi |
Fuqaroligi | Rossiya imperiyasi |
Taʼlimi | Gimnaziya, Sankt-Peterburg davlat universiteti |
Kasbi | Professional inqilobchi, oʻqituvchi |
Dini | Pravoslavlik |
Mariya Fedosyevna Vetrova (ukraincha: Марія Федосіївна Вєтрова; 1870-yil 3-yanvar – 1897-yil 24-fevral) — ukrainalik oʻqituvchi va inqilobchi. Ukrainaning turli hududlarida oʻqituvchi boʻlib faoliyat yuritgan. Azovdagi sotsialistik doiraga qoʻshilgan va Lev Tolstoy asarlarining ixlosmandiga aylangan. Vetrova keyinchalik Sankt-Peterburgda oʻqishini davom ettirgan. Lev Tolstoy bilan uchrashganidan keyin bu uchrashuv uni inqilobchi boʻlishga undagan. Mariya chorizmga qarshi nashriyotdagi faoliyati tufayli hibsga olingan va Petropavlovsk qalʼasida oʻzini yoqib yuborgan. Uning oʻlimi chorizmga qarshi talabalar harakatining kuchayishi uchun hayqiriq boʻlib xizmat qilgan va bu narsa keyinchalik Tolstoy va Maksim Gorkiy tomonidan „Pesnya o Burevestnike“ (Boʻronli gulchambar qoʻshigʻi) asarining yaralishiga sabab boʻlgan.
Biografiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Mariya Fedosyevna Vetrova 1870-yilning 3-yanvarida Ukrainaning Solonivka shahrida tugʻilgan[1]. Rossiya imperiyasining Chernigov gubernatorligida yashovchi (hozirda Ukrainaning Chernigov viloyati) kazak ayol Aleksandra Vetrovaning noqonuniy farzandi boʻlgan[1]. 1888-yilda kollejni oʻqituvchi sifatida tamomlagan va shundan keyin Liubechdagi qishloq maktabida dars berishni davom ettirgan[1].
Oʻqituvchilarga toʻlanadigan arzimagan maosh Mariyaning kun kechirishi uchun yetmasdi[1]. 1889-yil aprel oyida Mikola Sadovskiydagi Ukraina aktyorlik truppasiga qoʻshilgan. Truppa Ukraina boʻylab birgalikda sayohat qilib, kichik teatrlarda rol oʻynagan. Mariya Vetrova birinchi marotaba spektaklda rol ijro etish uchun sahnaga chiqqanida qattiq hayajonlangan va teatr truppasini tark etgan[1].
Vetrova keyinchalik oʻqituvchilik faoliyatini davom ettirish uchun Azovga koʻchib oʻtgan. U yerda u mahalliy sotsialistik doiraga qoʻshilgan va taganroglik Antip Kulakov bilan yaqin doʻst tutingan. Shundan keyin Vetrova kitobxon ixlosmandiga aylangan, ayniqsa, Lev Tolstoyning „Baxt nima?“ maqolasidan qattiq ilhomlangan. Yillar oʻtishi bilan Mariyaning oʻqishni davom ettirishga boʻlgan istagi tobora kuchayib bordi[1]. 1894-yilda u Azovni tark etib, Sankt-Peterburg davlat universitetining Bestujev kurslariga oʻqishga kirgan. Biroq u yerdagi professor oʻqituvchilardan Vetrovaning hafsalasi pir boʻlgan, chunki ularning maʼruzalari Mariyani qoniqtirmas edi. Keyingi yili u Tolstoyning shaxsan oʻzi bilan uchrashgan va aynan shu uchrashuv Mariyani inqilobchi boʻlishga undagan. Keyinchalik esa Obuxov davlat zavodidagi ishchilar yakshanba kungi maktabida rus tili va arifmetikadan dars bera boshlagan[1].
1897-yil 24-iyunda chor hukumati Sankt-Peterburgda „Narodnik“ matbaa operatsiyasiga aloqadorlikda gumon qilingan shaxslarni ommaviy hibsga olgan. Mariya Vetrova hibsga olinganlarning bir qanchasini bilar edi[1]. 1897-yil 2-yanvarda u hukumatga qarshi tashviqotda ayblanib hibsga olingan, shuningdek, inqilobiy bosma operatsiyaga aloqadorlikda ham gumon qilingan edi[2]. Vetrova Petropavlovsk qalʼasida qamoqqa olinib, u yerda 1897-yilning 20-fevral kuni oʻzini oʻzi yoqib yuborgan va oradan 4 kun oʻtib, 24-fevral kuni vafot etgan. Qamoqxona maʼmurlari Vetrovaning oʻz joniga qasd qilishi bilan bogʻliq bu ishni yashirishga harakat qilgan va uni yashirincha dafn qilishgan[1][2].
Merosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Keyingi oyda Mariya Vetrovaning oʻlimi haqidagi xabar tarqalib, bu narsa Sankt-Peterburg, Moskva va Kiyevda talabalar noroziligiga sabab boʻlgan[1][2]. 1897-yil 4-martda Sankt-Peterburgning Qozon soborida Vetrovaga hurmat bajo keltirish maqsadida 5 000 kishi yigʻilgan, ammo xotira marosimini oʻtkazish taqiqlangan va natijada 850 namoyishchi hibsga olingan[1]. Ishtirok etganlar orasida Nikolay Beketov, Nikolay Kareyev, Vladimir Lamanskiy, Sergey Platonov va Nestor Kotlyarevskiy kabi taniqli shaxslar ham bor edi[2]. Shundan keyin Qozon sobori talabalarning keyingi namoyishlari uchun markaziy hududga aylandi, Maksim Gorkiyning 1901-yilgi namoyish haqidagi fikrlari aks ettirilgan „Pesnya o Burevestnike“ qo‘shig‘i inqilobiy madhiyaga aylangan[1].
Mariya Vetrova Nikolay Voroniy va Boris Xrinchenko tomonidan inqilobiy shahid sifatida eʼlon qilingan[2]. Shuningdek, Lev Tolstoy ham uning xotirasiga hurmat bajo keltirgan[1].