Lyamblioz
Lyamblioz (lambliosis) — lambliyalar qoʻzgʻatadigan invazion kasallik. Odamlarda lyambliozni Lamblia intestinalis qoʻzgʻatadi. Lyambliyalarning harakatchan (vegetativ) va harakatlanmaydigan (sista) shakllari bor. Kasallik manbai lyambliyalar bilan zararlangan kishi hisoblanadi. Lyambliyalar sogʻlom odamning meʼda-ichak yoʻliga tushib, ingichka ichakda koʻpayadi va uning shilliq pardasini zararlaydi. Ular ingichka ichakdan yoʻgʻon ichakka oʻtib (bu yer ular uchun noqulay sharoit hisoblanadi), oʻz harakatini yoʻqotadi va sistalarga aylanadi. Ular najas bilan tashqariga chiqadi. Lyambliya sistalari tashqi muhitda yaxshi saqlanadi. Kasallik lyambliya tushgan ovqat (ayniqsa, meva va sabzavotlar) isteʼmol qilinganda va suv ichilganda, shuningdek, kir qoʻl va roʻzgʻor buyumlari orqali yuqadi. Turli geografik mintaqalarda katta yoshdagi axrli orasida 5—12% hollarda najasda sista topiladi. Lyamblioz aksari bolalarda uchraydi. Klinik belgilari zararlangan aʼzoga qarab har xil boʻladi. Koʻproq ichak va oʻt yoʻllari zararlanadi. Baʼzan kasallik alomatlari roʻyrost koʻrinmay, enterit, xoletsistit va hokazo bilan birga kechishi ham mumkin. Tekshirish chogʻida najasdan lyambliyalarning sistasi, oʻt (safro)dan uning vegetativ shakllarini topish mumkin. Lyambliozning oldini olishda shaxsiy gigiyena qoidalariga qatʼiy rioya qilish talab etiladi. Davosi: kasallikning kechishiga qarab trixopol, furazolidon, aminaxinol va boshqa dori vositalari shifokor tomonidan tavsiya etiladi. Oʻzbekistonda Lyambliozning turli jixatlari professor Nozima Abdullayevna Dehqonxoʻjayeva tomonidan chuqur oʻrganilgan[1].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |
Bu maqola birorta turkumga qoʻshilmagan. Iltimos, maqolaga aloqador turkumlar qoʻshib yordam qiling. (avgust 2024) |