Jazoir
Jazoir Demokratik va Xalq Respublikasi الجمهورية الجزائرية الديمقراطية الشعبية
| |
---|---|
Shior: من الشعب و للشعب (Arabcha: xalq tomonidan va xalq uchun inqilob) | |
Madhiya: Qasaman | |
Poytaxt | Jazoir |
Rasmiy til(lar) | Arab tili |
Hukumat | Semi-Prezidentlik Davlat |
Abdulmajid Tebbun | |
Aymen Benabderrahmane | |
Mustaqillik (Fransiyadan) | |
• Sana |
5-iyul 1962 |
Maydon | |
• Butun |
2,381,740 km2 (11-oʻrin) |
Aholi | |
• 2002-yilgi roʻyxat |
32,531,853 (37-oʻrin) |
• Zichlik | 13/km2 |
YIM (XQT) | 2005-yil roʻyxati |
• Butun |
AQSh$233,900 mil. (40-oʻrin) |
• Jon boshiga |
AQSh$7,190 |
Pul birligi | Algerian Dinar (DZD) |
Vaqt mintaqasi | UTC 1 |
• Yoz (DST) |
UTC 1 |
Qisqartma | AG |
Telefon prefiksi | 213 |
Internet domeni |
.dz الجزائر. |
|
Jazoir Demokratik Xalq Respublikasi (arabcha: الجمهورية الجزائرية الديمقراطية الشعبية, Al-Jumhuriyatu l-Jazoiriyatu d-Dimuqrotiyatu sh-Shaʼbiya) — Afrikaning shim,-gʻarbidagi davlat, Magʻrib mamlakatlaridan biri. BMT aʼzosi Mayd. 2381,7 ming km2. Aholisi — 37,9 mln. kishi (2013). Poytaxti — Jazoir shahri. Jazoir hududi maʼmuriy jihatdan 47 viloya (viloyat) va Katta Jazoir poytaxt okrugiga boʻlinadi.
Davlat tuzumi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazoir — respublika. Amaldagi konstitutsiya 1996-yil 28-noyabrdagi referendumda maʼqullangan. Davlat boshligʻi — prezident (1999-yildan A. Buteflika). U umumiy va toʻgʻri yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana 1-marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — bir palatali Milliy xalq majlisi. Ijrochi hokimiyat — prezident boshchiligidagi Vazirlar kengashi.
Tabiati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazoir Atlas togʻlarining markaziy qismida va Sahroi Kabirda joylashgan. Oʻrta dengiz sohili subtropik, qolgan qismi tropik mintaqada. TelAtlas, Sahroi Kabir Atlasi tizmalari, Ores va Varsenis togʻlarini chuqur daralar kesib oʻtgan. Togʻ oralaridagi tekislik va platolarda shoʻr kul (sebx)lar, Shimoli-sharqdagi katta past-tekislikda qumliklar uchraydi. Janubi-sharqda zinapoyasimon platolar bilan oʻralgan Axaggar vulqon togʻligi (Taxat choʻqqisi 3005 m) joylashgan. Qumli (Katta Gʻarbiy Erg, Katta Sharqiy Erg, Igidi, Shesh va boshqalar) va toshloq, katta choʻllar bor. J.da neft, tabiiy gaz, uran, temir, qoʻrgʻoshin va rux rudalari, fosforit, simob qazib olinadi. Jazoir neft zaxirasi boʻyicha Afrikada 3-oʻrinda (200 ga yaqin neft va gaz konlari bor).
J.ning shimolda iqlim subtropik, Oʻrta dengiz iqlimi, qishi seryomgʻir, iliq, yozi issiq, quruq. Yanvarning oʻrtacha tempaturasi sohilda 12°, togʻ oraligʻidagi tekisliklarda 5°, iyulniki 25°. Eng yuqori tempatura hamma joyda 40° dan baland. Yozda quruq shamol va qattiq qurgʻoqchilik boʻlib turadi. Noyabr-yanvarda yogʻingarchilik koʻproq boʻladi. Yillik yogʻin Tel-Atlasda 400-800 mm, Kabiliya togʻlarida 1200 mm gacha. Qishda qor togʻ choʻqqilarida 10—20 kungina saqlanib turadi. Sahroi Kabir qismida iyulning oʻrtacha tempaturarasi 30°, yillik yogʻin 200-400 mm. Sahroi Kabirda choʻl iqlimi, yillik yogʻin 50 mm dan kam. Tempaturaning sutkalik farqi 30° ga yetadi. Qumli boʻron boʻlib turadi.
Quruq daryo oʻzanlari — vodiy koʻp. Eng kattasi — Shalif (uz. 700 km). Daryolarda qisqa vaqtli toshqinlar boʻlib turadi. J.ning shimoldagi vodiylarda toʻgʻon, suv omborlari va GESlar qurilgan. Sugʻorishda foydalaniladi. Sahroi Kabirda yer osti suvlarining zaxirasi katta. Shimoliy J.da jigarrang tuproqlar, balandlik mintaqalarida esa jigarrang va qoʻngʻir oʻrmon tuproqlari tarqalgan. Togʻ etaklarida shoʻrxoklar uchraydi. Sahroi Kabirda toshloq choʻl tuproqlari, shamolda koʻchib yuruvchi qumlar bor.
Sohillarda Oʻrta dengizga xos oʻsimliklar, togʻlarning 800-1000 m balandliklari oraligʻida doimiy yashil butazorlar, zaytun, xandon pista, undan yuqorida poʻkak daraxti, dub, qaragʻay, archa, sarv va b. oʻsadi. 1500-2000 m balandlikda tuyya va archazorlar, 2000 m dan yuqorida kedrzorlar bor. TelAtlasdan janubda chala choʻl oʻsimliklari, Sahroi Kabir qumlarida shoʻra, efemer oʻsimliklar oʻsadi.
Arslon, qoplon, gʻizol, tuyaqush, baklanning koʻpi qirib yuborilgan. Shimoliy Jazoirda maymun, toʻngʻiz, quyon, Sahroi Kabirda sirtlon, chiyaboʻri, tulki, gʻizol va jayronlar uchraydi. Kemiruvchilar, yirtqich qushlar, sudralib yuruvchilar, hasharotlar (chigirtka) va b. koʻp.
Aholisi asosan jazoir arablari (83 %) va barbarlardan iborat. Yevropaliklar ham bor. Shahar aholisi — 51,7 %. Rasmiy tili — arab tilining jazoir lahjasi. Arab va barbarlar islom dinining sunna mazhabida. Yirik shaharlari: Jazoir, Vahron, Qusantina, Annoba.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazoir hududidan topilgan quyi va oʻrta paleolit davriga mansub tosh qurollar bu yerda 300—400 ming yil ilgari ibtidoiy odamlar yashaganidan dalolat beradi. Mil. av. 12-asrda finikiyaliklarning birinchi manzilgohlari paydo boʻlgan. Mil. av. 3-asrda Jazoir hududida vujudga kelgan Numidiya davlatida shaharlar qurilgan, dehqonchilik rivojlangan. Keyinchalik u Rimning bir mil. av. 46 yil).
Rimliklar hukmronligi vaqtida lotin tili, 2-asrdan xristian dini tarqaldi. 5-asrda Jazoir hududini vandamar, 6-asrda vizantiyaliklar egallagan. 7-asrda Jazoir Arab xalifaligi tarkibiga qoʻshib olindi. Barbarlar islom dinini qabul qildi. 8-asrga kelib, Magʻribda bir necha sultonliklar Arab xalifaligidan ajralib chiqdi. Bulardan eng yirigi xorijiylar imomatlpgp edi. Keyinchalik bu yerda fotimiylar, ziyoriylar, hammodiylar davlati vujudga keldi. 11-asrda ikki yirik arab qabilasi (Banu Hilol va Banu Sulaymon)ning Jazoirga kirib kelishi arablashtirishni tezlashtirdi. Mamlakatning gʻarbiy qismida Al-Murobitun, keyinchalik Al-Muvahhidun davlati paydo boʻldi.
16-asr boshlarida Jazoirning qirgʻoqboʻyi shaharlarini ispanlar bosib oldi. Jazoir zamindorlari mamlakatni himoya qilishda „dengiz qaroqchilari“ deb nom chikargan aka-uka Barbarossaaan yordam surashdi. Lekin Xayruddin Barbarossa (1519—46 yillar xukmronlik qilgan) harbiy tartib oʻrnatib, oʻzini turk sultonining noibi deb eʼlon qildi. 16-asrning 2-yarmida Jazoir Usmonli turk saltanatining qirolligi (viloyati)ga aylantirildi. Yuqori tabaqa vakillari tomonidan saylangan dey (yoʻlboshchi) Bobo Ali turklarga boj toʻlamay, mustaqil boʻlib oldi (1711). Yevropa davlatlari Jazoir mustaqilligini tan olib, u bilan shartnoma tuza boshladilar. Lekin fransuzlar dey armiyasini yengib (1830), mamlakat poytaxti — Jazoirni egalladi. Mamlakat ichkarisida amir Abdulkrdir boshchiligidagi kabilalar fransuzlarga qattiq qarshilik koʻrsatdi. Lekin bu harakat bostirildi. Fransiya hukumati yevropaliklarga Jazoir yerlaridan foydalanishga ruxsat berdi. Mamlakatda yevropalik ishchilar, xizmatchilar va ziyolilar soni orta boshladi. Ammo mahalliy aholining siyosiy partiyalar, kasaba uyushmalari va yevropaliklar tuzgan tashkilotlarga aʼzo boʻlishi man qilingan edi. 20-asr boshlarida yosh jazoirliklar harakati boshlandi. Bu harakat qatnashchilari jazoirliklarga Fransiya fuqarolarining siyosiy huquqlari berilishini talab qildilar. Birinchi jahon urushi yillarida jazoirliklar Fransiya armiyasiga safarbar qilindi, bu esa mahalliy aholi noroziligini yanada kuchaytirdi. Mustamlakachilar hukumati ozodlik harakati tazyiqi ostida ayrim jazoirliklarga (sarmoyador, mansabdor va yer egalariga) oʻzini oʻzi boshqarish organlariga saylovda ishtirok etishlariga rozilik berdi (1919). 1926-yil Fransiyadagi jazoirlik ishchilarning koʻpchiligi „Shimoliy Afrika yulduzi“ nomli milliy inqilobiy tashkilotga birlashdi. Lekin bu tashkilot 1929-yildan Parijda, 1936-yildan J.da yashirin ishlashga majbur boʻldi. 1931-yil tuzilgan Ulamolar uyushmasi madaniyat va taʼlimning arab tilida olib borilishini talab qilib chiqdi. Natijada mahalliy aholi birmuncha siyosiy erkinliklarga, siyosiy partiyalar va kasaba uyushmalariga aʼzo boʻlish huquqiga ega boʻldi. Siyosiy tashkilotlar J.ni tinch yoʻl bilan demokratlashtirish tarafdorlari tashkiloti — Musulmonlar Kongressi (1936-yil tuzilgan)ga birlashdi. Ammo Ikkinchi jahon urushi boshlanishi bilan mamlakatda reaksiya kuchayib, bir necha partiyalar faoliyati taqiqlab qoʻyildi. Mamlakatda ishsizlar tobora koʻpaydi. Bu esa mustamlaka tuzumiga karshi norozilikni yanada kuchaytirdi. 1947-yil Jazoirning togʻli joylarida partizan otryadlari (fidoyilar) paydo boʻldi. 1954-yil martda „Birlikda harakat qilish inqilobiy qoʻmitasi“ tuzilib, keyinchalik u Milliy ozodlik fronti (MOF)ga aylantirildi. MOF sekin-asta qurolli qoʻzgʻolonga tayyorlandi. 1954-yil 1-noyabr da qoʻzgʻolon boshlandi. Fransiya hukumati qoʻzgʻolonni bostirish uchun J.dagi armiyasining sonini koʻpaytirdi. Jazoir Milliy ozodlik armiyasi (JMOA, 1954-yil tuzilgan) barcha vatanparvarlar bilan birlashib, mustamlakachilarga qattiq qarshilik koʻrsatdi. 1958-yilda JMOA rahbarlari bilan Marokash va Tunis hukmron partiyalari vakillari ishtirokida Tanjer va Tunis shaharlaridagi anjumanda tuzilgan Jazoir Respublikasining Muvaqqat hukumatini Osiyo va Afrikaning koʻpgina davlatlari tan oldi. J.dagi milliy ozodlik kurashini bostira olmagan Fransiya xukumati yon berishga majbur boʻddi. 1962-yil 18-martda Evian sh.da tuzilgan shartnomaga muvofiq urush harakatlari toʻxtatilib, Fransiya Jazoirdan oʻz armiyasini, Sahroi Kabirdan harbiy bazalarini olib ketdi. 1962-yil oʻtkazilgan saylovda Jazoir Xalq Demokratik Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. Respublikaning birinchi hukumatini Axmad Bin Bella boshqardi.
1963-yil avgust konstitutsiyasiga binoan prezidentlik va yakka partiyalik tizimi joriy qilinib, Ahmad Bin Bella prezident deb eʼlon qilindi. Shundan soʻng teskarichi kuchlar qoʻzgʻolon uyushtirdi va bu qoʻzgʻolon vaqti-vaqti bilan 1965-yilgacha davom etdi.
Agrar islohot oʻtkazilishining choʻzilib ketishi, mamlakatda ishsizlik koʻpligi natijasida aholi oʻrtasida hukumatga qarshi norozilik paydo boʻldi. 1965-yil 19-iyunda armiya Bin Bellani hokimiyatdan chetlatdi. Hokimiyat Inqilobiy Kengash qoʻliga oʻtdi va Xuari Bumiddin rahbarligida yangi hukumat tuzildi. Inqilobiy Kengash Amerikaning neft trestlari ustidan nazorat oʻrnatdi (1967), Fransiyaning 12 bankidan 11 tasini (1968) va chet el (asosan Fransiya) sanoat kompaniyalarini davlat ixtiyoriga oldi. 1979-yildan buyen prezident lavozimini egallab kelgan Sh. Binjadid 1992-yilda isteʼfoga chiqdi. 1995-yil 16-noyabrda oʻtkazilgan saylovda Liamin Zerual, 1999-yil 15-aprelda oʻtkazilgan saylovda Abdulaziz Buteflika prezident etib saylandi.
Jazoir — 1962-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatiya munosabatlarini 1992-yil 30-iyunda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 1-noyabr — Inqilob kuni (1954).
Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari
[tahrir | manbasini tahrirlash]1989-yilgacha Milliy ozodlik fronti mamlakatdagi birdan-bir partiya edi. Oʻsha yili boshqa partiyalarning faoliyatiga ham ijozat berildi. Asosiy partiyalari: Milliy ozodlik fronti, 1954-yil tuzilgan; Sotsialistik kuchlar fronti; 1963-yilda tuzilgan; Madaniyat va demokratiya uchun birlashma, 1989-yilda asos solingan;Jazoir bayrogʻi. Milliy demokratik birlashma, 1997-yilda tuzilgan; „AnNaxda“ harakati, 1990-yilda tashkil etilgan; Islom najot fronti, 1989-yilda asos solingan; Tinchlik uchun kurashuvchi jamiyat harakati, 1990-yilda tuzilgan, 1997-yilgacha Islom jamiyati harakati deb atalgan; Milliy islohotlar harakati, 1999-yilda asos solingan. Jazoir mehnatkashlari umumiy ittifoqi kasaba uyushmasi 1956-yilda tuzilgan, Afrika kasaba uyushmalari birligi tashkiloti va Arab kasaba uyushmalari xalqaro konfederatsiyasi aʼzosi.
Xoʻjaligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazoir — sanoati (xususan kon sanoati) nisbatan rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi — 37,7 %, qishloq xoʻjaligining ulushi — 14,9 %. Jazoir Afrika mamlakatlari ichida tabiiy gaz chiqarish, uzum yetishtirish va vino tayyorlashda, neft qazib olish, bugʻdoy, arpa yetishtirish va zaytun moyi tayyorlashda, sitrus mevalari yetishtirishda yetakchi oʻrinda turadi. Jazoir mustaqillikka erishgandan soʻng iqtisodiyotni tiklash va rivojlantirish yoʻliga oʻtdi. Iqtisodiyotda davlat sektori ustun mavqeni egallaydi (yalpi ichki mahsulotning salkam 80 %). Ammo davlat korxonalarining aksariyati oʻz quvvatining 40—50 % atrofida ishlaydi. Yengil va oziq-ovqat sanoatida xususiy sarmoya ustun — 70— 90 %, qurilishda 60 %, xizmat koʻrsatish, ulgurji va chakana savdoda 80 % gacha.
Sanoatda neft (yiliga oʻrtacha 35 mln. tonna), gaz (163 mlrd. m3), temir rudasi, fosfat va rangli metallar qazib olish va ularni qayta ishlash yetakchi tarmoqlarga aylangan. Temir va qoʻrgʻoshin rux rudalari, toshkoʻmir, birmuncha miqdor mis rudasi ham qazib olinadi. Bir yidda 17,3 mlrd. kVt-soat elektr energiyasi ishlab chiqariladi. Mahsulot ishlab chiqarish sanoati metallurgiya, mashinasozlik, neftni qayta ishlash, kimyo va elektrotexnika tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi xom ashyosini qayta ishlash korxonalaridan iborat. Oziq-ovqat, ayniqsa vinochilik, tamaki, konserva sanoati, zaytun yogʻi ishlab chiqarish rivojlangan. Toʻqimachilik, metall ishlash korxonalari bor.
Qishloq xoʻjaligining asosiy tarmogʻi — dehqonchilik. Bugʻdoy, arpa, sholi, javdar, makkajoʻxori va b. don ekinlari ekiladi. Ammo tabiiy sharoitlari gʻoyat qulay boʻlishiga qaramay, qishloq xoʻjaligi mamlakat oziq-ovqat ehtiyojining atigi ʻ/3 qismini taʼminlaydi. Yiliga donli ekinlar hosili 4—5 mln. tonnani tashkil etadi. J.da sabzavot va mevalar ham yetishtiriladi. Vohalarda tokzor, zaytunzor va xurmozorlar bor. J.da qoramol (1,5 mln.ga yaqin), qoʻy (15 mln.), echki, tuya boqiladi. Baliqchilik rivojlangan. Poʻkakbop dub poʻstlogʻi, eng yaxshi nav qogʻoz ishlab chiqarishda ishlatiladigan alfa oʻti (dunyoda 1-oʻrin) terib olish yoʻlga qoʻyilgan. 1980-yillar oxiridan mamlakatda xoʻjalikni bozor iqtisodiyoti iziga koʻchirishga kirishiddi. Islohot doirasida davlat xoʻjaliklarining mustaqilligi kengaytirildi, ularning bir kismi aksiyadorlik jamiyatlariga aylantirildi va xususiy kishilar qoʻliga berildi. Xorijiy sarmoyani faol jalb etish siyosati olib borildi. Agrar islohat oʻtkazilishi natijasida sotsialistik tipdagi davlat xoʻjaliklari tarqatib yuborildi va ular oʻrnida 22 mingga yaqin mayda koperativlar tuzildi. Yerlarning bir qismi yakkahol dehqonlarga topshirildi. Transportida temir yoʻl muhimahamiyatga ega (4,3 ming km, shundan 240 km elektrlashtirilgan). Asosiy temir yoʻl magistrali Ujda (Marokash) — Vahron — Jazoir — Qusantina — Gardimav (Tunis). Avtomobil yoʻllarining uz. 88 ming km. Asosiy magistral sohil boʻylab ketgan. Neft va gaz quvurlari bor. Dengiz transporti tashki savdo uchun xizmat qiladi. Muhim dengiz portlari: Jazoir, Vahron, Annoba, Bajoiya, Arzev. Havo transporti rivojlangan. 31 ta aerodrom bor. Xalqaro ahamiyatga ega aeroportlari Jazoir, Annoba va Vahron shaharlarida.
Jazoir chetga neft, gaz, vino, sitrus mahsulotlari, tamaki, poʻkak, qogʻoz va b. chiqaradi. Chetdan mashinalar, sanoat uskunalari, oziq-ovqat (don, sut, goʻsht), kiyim-kechak va b. keltiriladi. Tashqi savdodagi asosiy mijozlari: AQSH, Fransiya, Germaniya, Italiya, Yaponiya. Pul birligi — dinor.
Sogʻliqni saqlash. 1974-yildan mamlakatda bepul tibbiy xizmat joriy etilgan. 40 mingdan ortiq oʻrinli 200 ga yaqin kasalxona va tibbiy muassasa bor. Mamlakatda 7,6 ming shifokor ishlaydi. Shifokor va dorishunoslar Jazoir universitetida tayyorlanadi. Oʻrta malakali tibbiy xodimlarni 20 tibbiyot maktabi yetishtirib chiqaradi. Universitetlarning tibbiyot fakultetlarida, sogʻliqni saqlash, gigiyena, tropik oftalmologiya, stomatologiya ilmiy tadqiqot institutlarida tibbiyotga oid ilmiy tadqiqotlar olib boriladi. Maorifi, madaniymaʼrifiy va ilmiy muassasalari. Jazoir mustaqillikka erishgach, maorif sohasida katta yutuqlarga erishildi. 7 ta universitet, 170 ta boshqa oliy oʻquv yurtlari, 700 ta hunar-texnika taʼlimi markazlari bor. Mamlakatdagi umumtaʼlim maktablarida 260 mingdan ortiq oʻquvchi, oliy oʻquv yurtlarida 200 ming talaba taʼlim oladi. Eng yirik kutubxonasi — Jazoir sh.dagi Milliy kutubxona (1 mln.ga yaqin asar). Yirik muzeylari — Jazoir Milliy muzeyi (1930), Antik dunyo yodgorliklari milliy muzeyi (1897) va b. Asosiy ilmiy muassasalar Jazoir sh.da. Yadro tadqiqot instituti (1966), Okeanografiya instituti, Astronomiya, astrofizika va meteorologiya rasadxonasi, Biokimyo instituti mavjud. Tibbiyot muammolari bilan Rakka qarshi markaz, Paster instituti (parazitologiya va mikrobiol.), gigiyena, traxoma va tropik oftalmologiya, stomatologiya institutlari shugullanadi. Veterinariya, vinochilik texnologiyasi, chigirtkaga qarshi kurash muammolari Milliy agronomiya institutida oʻrganiladi. I. t.larni rivojlantirish va kadrlar tayerlashda Jazoir universiteti va uning Vahron hamda Qusantinadagi filiallari yetakchi rol oʻynaydi. Turli soha mutaxassislari Jazoir sh.dagi maxsus maktablar (politexnika, pedagog, jurnalistika, savdo va b.)da tayyorlanadi.
Matbuoti, radio eshittirishi va telekoʻrsatuvi. Asosiy gaz. va jurnallari: „Al-Mujohid“ („Kurashchi“, 1963-yildan arab tilida va 1965-yildan fransuz tilida chiqadigan gaz.), „Ash-Shaab“ („Xalq“, 1962-yildan arab tilida chiqadigan gaz.), „Revolyuson afriken“(„Afrika inqilobi“, 1963-yildan fransuz tilida chiqadigan jurnal), „Revolyuson e travay“ („Inqilob va mehnat“, 1963-yildan fransuz va arab tilida chiqadigan oylik jurnal), „Aljeri—aktyualite“ („Jazoir — soʻnggi xabarlar“, 1965-yildan fransuz tilida chiqadigan gaz.), „Al-Jumhuriya“ („Respublika“, 1963-yildan arab tilida chikadigan gaz.,), „Jurnal ofisyel de la Repyublik Aljeryen Demokratik e Popyuler“ („Jazoir Xalq Demokratik Respublikasining rasmiy gazetasi“, 1962-yildan fransuz va arab tillarida chiqadi). Jazoir rasmiy axborot agentligi — Aljeri PressServis 1961-yilda tuzilgan. Jazoir radiotelevideniyesi 1962-yildan ishlaydi. Radioeshittiruv arab, kabil, fransuz tillarida, telekoʻrsatuv arab va fransuz tillarida olib boriladi. Adabiyoti arab, kabil va fransuz tillarida. Arab va kabil tillaridagi adabiyot ispan va turk mustamlakachilariga karshi kurash davri (16— 18-asrlar)da yuzaga kelgan. 19-asr adabiyotida J.da millatlarning shakllanishi va fransuz mustamlakachilariga tobe boʻlib qolish jarayoni aks etdi. Xalq ogʻzaki ijodi rivojlandi. 20-asrda mustamlakachilarni fosh etuvchi asarlar paydo boʻldi. „Xalqning diniy sheʼriyat xazinasi“ toʻplami arab tilida birinchi bor nashr etildi (1928). Arab soʻzlashuv tilining Jazoir lahjasida yaratilgan hamda tabaqachilik sarqitlari va mustamlakachilikni qoralovchi drama asarlari, novellalar katta muvaffaqiyat qozondi. Ikkinchi jahon urushidan keyingi davr adabiyotida xotin-qizlar erkini himoya qilish Ahmad Rido-Huxuning „Makkalik qiz“ romanida, Jazoir xalqining kelajak uchun olib borayotgan qahramonona kurashi Mustafo al-Ashraf va Abdulloh Naqliy dramalarida oʻz ifodasini topdi. Mufdi Zakariya yozgan milliy madhiya (1958) inqilobiy ruh bilan sugʻorilgan.
Fransuz tilidagi adabiyot 20-asrning 20-yillarida shakllandi. U dastlab turmushning turli koʻrinishlarini, Ikkinchi jahon urushi arafasida va undan keyin mahalliy xalq ongining oʻsib borishini aks ettirdi. 50—60-yillarda Jazoir vatanparvarlarining fransuz qamoqxonalarida azob chekishini koʻrsatuvchi asarlar yaratildi (Mezian Nuriddinning „Gangrena“, Anri Allegning „Asirlikdagi jangchilar“ va b.). 1963-yil Jazoir Yozuvchilar uyushmasi tuzildi, 1964-yildan „Novombr“ („Noyabr“) adabiy jurnal chiqa boshladi.
Jazoir adabiyotining eng yaxshi namunalari (Muhammad Dibning „Katta xonadon“ romani va b.) oʻzbek tiliga tarjima qilingan.
Meʼmorligi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Dengiz boʻylarida Finikiya, Rim, Vizantiya davriga oid ibodatxona, teatr, zafar toqi, koʻprik, hammom, bozor, turar joy harobalari, Gippon, Kartenna va Timgad shahar qoldiqlari saqlanib qolgan. Oʻrta asr shahar koʻchalari qingʻir-qiyshiq, tor boʻlib, ularda ark („kasba“), masjid, Madrasa, rasta va saroylar (Qalʼa-BeniHammaddagi majmua) koʻplab qurilgan. 10-asrdaJazoir sh.ga, 12— 13-asrlarda Tlemsen sh.ga asos solindi. Jazoir va Qusantinada turk hokimlarining 16—18-asrlarga oid saroy va bogʻlari saqlangan. Turar joylar shaharda 2—3 qavatli qilib gʻishtdan, qishloqda bir qavatli qilib loyguvaladan (tomlari tekis qilib) solingan. 1930-yildan Jazoir, Vahron, Annoba kabi shaharlarda Yevropa meʼmorligi (M. Korbyuzye gʻoyasi) taʼsirida koʻp qavatli uy-joy va jamoat binolari qurildi. Jazoir mustaqillikka erishgach, maʼmuriy binolar, universitet majmuasi (meʼmori O. Nimeyr), maktab va turar joylar qurish tezlashdi.
Tasviriy sanʼati
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazoir hududidan neolit davriga xos qoyalarga ishlangan odam va jonivor tasvirlari, ov hamda marosim manzaralari va b. rasmlar, rimliklardan qolgan mozaika qoldiqlari topilgan. Oʻrta asr inshootlari (12—13-asr masjidlari) ganch oʻymakorligi va koshinkorlik bilan ziynatlangan. Jazoir zamonaviy tasviriy sanʼati fransuz rassomlari ishtiroki va taʼsirida rivojlangan. Jazoirlik moʻyqalam ustalari orasida aka-uka Muhammad va Umar Rasimlar, Temam Ranem, X. Benanbur, M. Buzid, M. Aldan mashhur. 20-asrning 20—30-yillariga kelib tasviriy sanʼatda mahalliy rassomlar ijodi ustunlik qila boshladi. 60—90-yillarda baʼzi rassomlar realistik mavzuda, ayrimlari esa abstrakt uslubda ijod qildi. Qad. amaliy bezak sanʼati (kandakorlik, oʻymakorlik, toʻqimachilik, kulolchilik, zargarlik) anʼanalari zamonaviy ruhda rivojlanayotir. Mahalliy meʼmorlar, rassom, haykaltarosh va amaliy sanʼat ustalari Jazoir sh.dagi Milliy meʼmorlik va nafis sanʼat maktabida (1881-yil asos solingan) tarbiyalanadi.
Musiqasi arab musiqasining mahalliy-hududiy uslublaridan biri boʻlib, 7—8-asrlarda umaviylar, 10-asrda Andalusiya (arab Ispaniyasi), 15—16-asrlardan boshlab turk musiqa anʼanalari taʼsirida shakllangan. Koʻchmanchi va oʻtroq jazoirliklar musiqa folklorida tuya boquvchilarining qoʻshiklari — „huda“, toʻy marosim qoʻshiklaridan „zajal“, lirikishqiy — „layali“, „mavval“, diniy aytimlaridan „risa“, „zikr“ marosim turkumi, „agʻani ramazon“, „agʻani mavlud“ qoʻshiqlari, mumtoz ashula — „muashshax“ va boshqalar vokal janrlar keng tarqalgan. Jazoir anʼanaviy kasbiy musiqaning asosiy janri — nuba turkumi 8—9-asrlardan tarkib topgan boʻlib (mashhur bastakor, xonanda va sozanda Ziryod maktabi), har bir nuba 5 asosiy qism (Btayxi, Msaddar, Bashraf, Darj, Insiraf yoki Xlas)dan iborat. Jazoir mumtoz musiqasida 3 mahalliy uslub farqlanadi: Jazoir (poytaxt, markaziy), Tlemsen va Kustantaniya (Qusantina). Kustantaniya nuba turkumi eng qad. hisoblanadi va yaratilgan joyiga nisbatan „alQarnatiya“ (Grenada) deb ham ataladi. Nuba turkumi tarkibida rasd (rost), nava (navo), charka (chorgoh), irak (iroq), sika (segoh), hsin (husayniy) kabi oʻzbek maqomlariga nomdosh nubalar mavjud. Nuba ijrochiligida torli cholgʻulardan ud, kamonli rabob, qonun, puflama cholgʻulardan — nay, urma cholgʻulardan — darbukka, tor, daff va naqqora, 20-asrdan boshlab (turk madaniyati taʼsirida) yevropa sozlari (skripka, alt, violonchel, klarnet) ham keng qoʻllanadi. Anʼanaviy mumtoz va xalq musiqa janrlari oʻzaro yaqinlashuvi tufayli 20-asrdan yangi ommabop musiqa uslubi taraqqiy etdi. Sozanda va bastakor Hoji Muhammad al-Anqo bu uslubning yorqin namoyandasidir. Xonandalardan Zerok Muhammad, Muhammad Tobil, Maryam Vafo, sozandalardan Bin Hamza, Saad, Bilqosim, Xalfalar mashhur. Jazoir sh.da Milliy musiqa instituti mavjud.
Teatri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Jazoir xalqining qadimgi oʻyinlari, diniy marosimlarida teatr sanʼati nishonalari boʻlgan. Birinchi Jazoir teatr truppasi (arab tilida) 20-asrning 20-yillarida tashkil topgan. Uning asoschisi — 100 dan ortiq pyesa yozgan dramaturg, aktyor va rejissyor R. Ksentini. Uning „Bu-Borma“, „Istanbuldagi amakim“, „Zed-Alex“ va b. pyesalari mashhur. Ksentinining izdoshi B. Muhiddinning „Xoinlar“, „Xushomadgoʻylar qabilasi“ pyesalarida ozodlik gʻoyalari koʻtarildi. Muhiddin truppasi A. Nakli, Molyer, Sofokl va Ibsenlarning asarlarini sahnalashtirdi. Koʻp aktyorlar Milliydemokratik inqilob (1954)da qatnashdilar va keyinchalik chet el (Tunis)ga oʻtib ketishga majbur boʻldilar. Ular Tunisda badiiy dasta tuzdilar. Mamlakat mustaqillikka erishgach, 1962-yilda shu dasta asosida aktyor va rejissyor M. Kotib boshchiligida Jazoir milliy teatri tashkil etildi.
Kinosi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Milliy kinematografiya Milliy-demokratik inqilob davri (1954—62) da yuzaga keldi. 1957-yil milliy ozodlik fronti kinematografiyaga tayyorlov maktabini ochdi, 1961-yil esa muvaqqat inqilobiy hukumat maxsus kino boʻlimini tashkil etdi. Bu tashkilotlar ozodlik uchun kurashga bagʻishlangan bir qancha hujjatli va tashviqiy filmlar ishlab chiqarishga sharoit yaratdi. 1962-yildan Jazoir kinematografiyasi ancha kengayib, badiiy filmlar ham ishlab chikarila boshladi. 1967-yil Milliy kinematografiya savdo va sanoati boshkarmasi (1974-yil Jazoir xronika xizmati bilan birlashtirilgan) tashkil etilgan. „Jazoir shahri uchun kurash“, „Auresdan esgan shamol“, „Olovli yillar solnomasi“, „Dekabr“, „Qochqin“, „Sir kaliti“, „Meros“, „Birinchi qadam“, „Kelin“ kabi lentalar Jazoir kinematografiyasining eng yaxshi filmlaridir. Ularda ozodlik harakati tarixi, dolzarb ijtimoiy-siyosiy masalalar, xotin-qizlar ozodligi muammolari koʻtarilgan.[1]
Yana qarang
[tahrir | manbasini tahrirlash]Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |