Ish vaqti
Ish vaqti — xodimning ijtimoiy tashkil etilgan mehnatda ishtiroki davomiyligi meʼyori; xodim bevosita oʻz mehnat vazifalarini bajarishi uchun lozim boʻlgan, qonun bilan yoki qonun asosida belgilangan vaqt.
Tabelda belgilangan, yaʼni ish vaqtida ish joyida boʻlganlikni hisobga olish hujjatida qayd qilingan real vaqt ish vaqti hisoblanadi. Ish vaqti ishlab chiqarish uchun ketgan mehnat sarfi va mehnat harajatlari hajmini ifodalaydi, yaʼni mehnatning oʻlchovi hisoblanadi. Ish vaqtini oʻlchashning asosiy birliklari kishi-kun, kishi-soat, kishi-minut (xronometraj, ish vaqti fotografiyasi va lahzaviy kuzatishlar oʻtkazish), kishi-oy, kishi-chorak, kishi-yil kabilardan iborat. Tabel hisobi kishi-kunda hisoblanadigan ish vaqti haqidagi maʼlumotlarning asosiy manbadir.
Xodimlar uchun ish vaqtining meʼyori muddati haftasiga 40 soatdan ortiq boʻlmasligi, 6 kunlik ish haftasida har kungi ishning muddati — 7 soatdan, 5 kunlik ish haftasida — 8 soatdan ortib ketmasligi shart. Ayrim toifadagi xodimlar uchun ular yoshi, sogʻligʻi, mehnat shartlari, mehnat vazifalarining oʻziga xos xususiyatlari va oʻzga holatlarni inobatga olib, mehnat toʻgʻrisidagi qonunlar va boshqa meʼyoriy hujjatlarga, shuningdek, mehnat shartnomasi shartlariga binoan mehnat haqini kamaytirmasdan, ish vaqtining qisqartirilgan muddatlari belgilanadi. Mazkur ishlarning roʻyxati va ish vaqtining aniq muddati Oʻzbekiston Respublikasi hukumati tomonidan belgilanadi. Bayram kunlari arafasida kundalik ish (smena) muddati barcha xodimlar uchun kamida 1 soatga qisqartiriladi. Xodim bilan ish beruvchi oʻrtasidagi kelishuvga binoan, ishga qabul qilish chogʻida va keyinchalik ham toʻliqsiz ish kuni yoki toʻliqsiz ish haftasi belgilab qoʻyilishi mumkin. Toʻliqsiz ish vaqti sharti bilan ishlash xodimning yillik asosiy mehnat taʼtili muddatini, mehnat stajini hisoblash va boshqa mehnatga oid huquqlarni biron-bir tarzda cheklashga asos boʻla olmaydi, bunda ishlangan vaqtga yoki ishlab chiqarilgan mahsulotga mutanosib ravishda haq toʻlanadi.
Korxona va muassasalarda mehnat rejimlarini ratsional oʻrnatish, ish grafiklarini, ish kuni davomida ishlash va dam olish rejimlarini tuzish, asbob-uskunalar va ishchilarning bekor turish vaqtini hamda ish vaqtini unumsiz sarflashini tugatish tadbirlari ishlab chiqiladi. Mehnat rejimi ish boshlanishi va tugashi, ovqatlanish uchun tanaffus vaqti hamda korxona xodimlarining oʻz vazifalarini bajarayotgan vaqtdagi axloq qoidalarini, huquq va burchlarini aniqlashni koʻzda tutadi. Ish va dam olish kunlarining almashinuvini, smenalarning davom etish vaqtini, ishchilarini bir smenadan ikkinchisiga oʻtish tartiblarini belgilash uchun ish grafiklari tuziladi.
Xalqaro mehnat statistikasi 8-konferensiyasi (1962-yil) hujjatlarida ish vaqtini meʼyordagi ish vaqti (qonun hamda qoidalar bilan yoki ularga muvofiq, shuningdek, jamoa shartnomalari va arbitraj qarorlari bilan belgilangan vaqt), haqiqiy ish vaqti (jumladan, meʼyordagi vaqt oraligʻida haqiqiy ishlangan soatlar, ish oʻrnida ishga tayyorlanish uchun ketadigan vaqt, ish joyida ishsiz oʻtkaziladigan, ammo mehnat shartnomasida haq toʻlash kafolatlab qoʻyilgan vaqt, ish oʻrnida odam olishga sarf boʻladigan qisqa vaqtlar) va haq toʻlanadigan ish vaqtiga ajratish tavsiya etiladi.[1]
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Иш вақтининг ҳафтасига ўттиз олти соатдан ошмайдиган қисқартирилган муддати меҳнат жараёнида соғлиғига физикавий, кимёвий, биологик ва ишлаб чиқаришнинг бошқа зарарли омиллари таъсир этадиган ходимлар учун белгиланади.
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |