Georges Simenon
Bu maqolada ichki havolalar juda kam. |
Georges Joseph Christian Simenon (talaffuzi: Jorj Jozef Kristian Simenon; 1903-yil 12/13-fevral, Lyej, Belgiya – 1989-yil 4-sentyabr, Lozanna, Shveysariya) – fransuz yozuvchisi. Belgiya qirollik akademiyasi aʼzosi (1952-yildan). 1921-yilda „Georges Sim“ (talaffuzi: Jorj Sim) taxallusi bilan „Au Pont des Arches“ („Arkali koʻprik“) dastlabki romanini eʼlon qilgan. 1931-yilda „Piterlatish“ romani bosilgan. Politsiya komissari Maigretning sarguzashtlari haqidagi „Les Mémoires de Maigret“ („Maigretning yozishmalari“) (1950), „Maigret voyage“ („Maigret sayohat qiladi“) (1958), „Maigret et le Clochard“ („Maigret va daydi“) (1963), „Maigret hésite“ („Maigret ikkilanmoqda“) (1968), „Maigret et Monsieur Charles“ („Maigret va janob Charles“) (1972) turkum romanlari chop etila boshlagan. Mazkur romanlar detektiv syujeti bilangina emas, balki, birinchi navbatda, inson xarakterining badiiy tadqiqi, jinoyatni keltirib chiqaruvchi sabablarni ochishi bilan ahamiyatlidir. Simenon bu romanlari bilan jahon detektiv-sarguzasht adabiyotining mashhur vakillari qatoridan oʻrin olgan. Simenon komissar Maigret haqidagi romanlaridan tashqari, „Les quatres jours du pauvre homme“ („Bir qashshoq hayotining toʻrt kuni“) (1949), „Le président“ („Prezident“) (1958), „La prison“ („Qamoqxona“) (1968) singari ijtimoiy-psixologik, mustamlakachilik siyosati va fashizm mafkurasini qoralovchi „Le coup de lune“ („Oy zarbasi“) (1933), „Quartier Nègre“ („Habashlar mahallasi“) (1935), „La neige était sale“ („Qor ustida gʻubor“) (1948), „Les frères Rico“ („Aka-uka Ricolar“) (1952) romanlarini yozgan. Simenon, shuningdek, avtobiografik „Je me souviens“ („Xotirlayman“) (1945), „Pedigree“ („Ibtido“) (1948), „Lettre à ma mère“ („Onamga xat“) (1974) va boshqa kitoblar muallifi. Simenon asarlari jahondagi koʻplab tillarga tarjima qilingan.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil.
- Pervoye delo Maigret [romani, povesti, rasskazi], Moskva, 1968-yil.