Kontent qismiga oʻtish

Eritrazma

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eritrazma (yun. — qizartiraman) — terining zamburugʻ kasalligi. Asosan, kattalarda, koʻproq erkaklarda uchraydi. Kasallikka koʻp terlash, havoning juda issiq va nam boʻlishi, shaxsiy gigiyena va terini toʻgʻri parvarish qilish qoidalarining buzilishi sabab boʻlishi mumkin. Badanning koʻp terlaydigan joylari — sonning ichki tomoni (yorgʻoqqa tegib turadigan qismi) da, qoʻltiqda, semiz ayollarning koʻkrak bezlari ostidagi va kindik atrofidagi teri burmalarida qoʻngʻirqizil rangda, har xil kattalikda, cheti qipiqlanib bir oz koʻtarilib turadigan dogʻlar paydo boʻladi, baʼzan bu dogʻlar oyoq panjasi orasida ham kuzatiladi. Dogʻlar atrofidagi sogʻ teridan rangi va aniq chegarasi bilan ajralib guradi. Ular asta-sekin kattalashadi va bir-biriga qoʻshilib, terining xiylagina joyini egallab oladi, borabora koʻkimtir qoʻngʻir tusga kiradi. Kasallangan soha qichishadi, usti doim namlanib turadi, baʼzan qoʻlansa hid keladi, teri bir oz dagʻallashadi. Davo bemorning umumiy ahvoliga qarab vrach koʻrsatmasiga binoan olib boriladi. Davolanmasa, yillab davom etishi mumkin. Eritrazma, ayniqsa, bahor va yoz paytlarida qoʻziydi. Eritrazma yuqmaydi. Kasallikning oldini olish shaxsiy gigiyenaga rioya qilish, koʻp terlamaslik, ich kiyimlarni tez-tez almashtirib turishdan iborat.