Kontent qismiga oʻtish

Epigraf

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Epigraf (yun. — ustki yozuv) — 1) Yunonistonda qabrtoshlari ustidagi yozuv; 2) adabiy asar yoki uning biror qismi (bobi)ning tepasiga yozib qoʻyilgan va shu asar yoki qism (bob) mazmunini ifodalaydigan, asosiy yoʻnalishini belgilab beradigan teran maʼnoli ibora, maqol, matal, hikmatli soʻz, qoʻshiq, sheʼr yoki oʻzga bir manbadan olingan parcha. Jahon adabiyotida epigraf XV asr boshlarida paydo boʻlgan. XIX asr romantiklari asarlarida ham epigraf koʻp uchraydi. J. Russo, A. Stendal, Johann Wolfgang von Goethe, Friedrich Schiller, Aleksandr Pushkin, Mixail Lermontov, Nikolay Gogol, Lev Tolstoy, shuningdek, oʻzbek adabiyotida Gʻafur Gʻulom, Abdulla Qahhor, Omon Muxtor va boshqalar epigraf sanʼatidan mohirona foydalanganlar. Epigraf iqtibos yoki koʻchirmaning barcha xususiyatlariga ega boʻlib, asosiy matnga oʻziga xos kirish vazifasini oʻtaydi. Ularsiz baʼzan badiiy asarning mohiyatini anglash mumkin boʻlmay qoladi. Parodiyalarda ham epigraf qoʻllanadi.