Kontent qismiga oʻtish

Eklektizm

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Eklektizm, eklektika (yunoncha: — tanlovchi) — turli xil, hatto bir-biriga qarama-qarshi qarash, gʻoya, nazariyalarning "eng yaxshisi"ni tanlab olishga intilish. Dastlab soʻnggi yunon falsafasida paydo boʻlgan. "Eklektizm" terminini aleksandriyalik Potamon (2-asr) qoʻllagan va oʻz maktabini eklektik maktab deb atagan. Eklektik tafakkur usulida narsa va hodisalarning muhim va muhim boʻlmagan, asosiy va asosiy boʻlmagan xususiyatlari, ular oʻrtasidagi bogʻlanishlar yuzaki ravishda birlashtirilib, qorishtirilib ifodalanadi. Narsa va hodisalarga, ularning bogʻlanishlariga aniq, muayyan makon va zamonda, muayyan vaziyat va shart-sharoitda yondashmaslik, ulardagi asosiy va ikkinchi darajali tomonlarni hisobga olmaslik asosida eklektik tafakkur usuli paydo boʻladi. Tasviriy sanʼat va meʼmorlikda eklektizm turli-tuman, oʻzaro nomuvofiq badiiy unsurlarni birlashtirishdir. Odatda, yirik badiiy yoʻnalishlarning inqirozi davriga xos. Eklektizm xususiyatlari, jumladan, qadimiy Rim sanʼatining soʻnggi davri (Yunoniston, Misr, Old Osiyo va boshqalar sanʼatida oʻzlashtirilgan shakllar qoʻshilishi)da koʻzga tashlanadi. Uygʻonish davrining buyuk namoyandalari ijodining eng yaxshi tomonlarini qoʻshib mukammallikka erishish mumkin deb hisoblagan. Bolonya maktabi vakillari ham ekelktizmga moyil boʻlgan. Ekelektizm turli uslublarning shakllarini toʻgʻridan-toʻgʻri qoʻllagan XIX asr 2-yarmi meʼmorligi (ayniqsa, interyerlarni bezash) uchun ham xos boʻlgan, biroq uning meʼmoriy va bezak ekelktizmi oʻzining keng koʻlami, mohiyati eʼtibori bilan yaxlit bir "modern" uslubini shakllanishiga muhim taʼsir koʻrsatdi. XX asr oʻrtalaridan eklektizm anʼanalari Gʻarbiy Yevropa va Amerika badiiy madaniyatida keng tarqaldi.