Kontent qismiga oʻtish

Din falsafasi

Vikipediya, ochiq ensiklopediya

Din falsafasi – tafakkur shakllaridan boʻlgan tushunchalar matn va maqsad mohiyatidan kelib chiqib, turlicha mazmun kasb etishi, keng va tor maʼnolarda qoʻllanilishi mumkin. „Din falsafasi“ tushunchasi haqida ham shunday deyish mumkin. Xususan, keng maʼnoda u din haqidagi falsafiy qarashlarni anglatadi. Bunday talqinda din falsafasi falsafa kabi qadimiy ildizlarga ega boʻlib, asrlar davomida din, uning mohiyati, inson va jamiyat hayotidagi oʻrni haqida shakllangan xilma-xil falsafiy qarashlar, yondashuvlar va taʼlimotlarni qamrab oladi. Tor maʼnoda esa, din falsafasi falsafiy usullar va tushunchalar apparatini ishga solgan holda dinni oʻziga xos ijtimoiy-madaniy hodisa sifatida oʻrganuvchi mustaqil fanni anglatadi.
Din din falsafasining bilish predmeti hisoblanishi, yaʼni „din oʻzi nima?“ degan savolga javob izlashi bir qarashdayoq aniqdek tuyulsa-da, ammo ushbu hodisaning talqini hamma vaqt ham bir xil emasligini qayd etish lozim. Zero, din, bir tomondan, umuman, oʻzining mohiyati nuqtai nazaridan, yaʼni mavhum, metafizik maʼnoda, ikkinchi tomondan, oʻzining konkret namoyon boʻlish shakli, xususiy holatida tadqiq etilishi mumkin. Ushbu ikki yondashuv maʼlum maʼnoda bir-birini toʻldiradi. Zero, birinchi holatda dinning mohiyati haqida yaxlit tasavvur hosil qilinsa, dinga xos boʻlgan xususiyatlar hamisha konkret shakl, koʻrinishlarda namoyon boʻlishini inobatga olsak, ikkinchi holatda umuman dinga xos xususiyatlarni chuqurroq anglash mumkin boʻladi.
Din falsafasi oʻz predmetini oʻrganishda tayanadigan metodologiya konkret falsafiy tizim, taʼlimotning oʻziga xosligi bilan belgilanadi. Shunday ekan, dinning falsafiy talqinini mantiqiy asoslash bilan birga bilishning adekvatligini taʼminlash ham alohida ahamiyat kasb etadi.
Bilishning haqiqiy (adekvat)ligini taʼminlashda olingan natijalarning mantiqiy va nazariy jihatdan ziddiyatli boʻlmasligi gnoseologiyaning muhim qoidalaridan biri hisoblanadi. Ammo umuman toʻgʻri boʻlgan mazkur qoida konkret falsafiy tizim, taʼlimot doirasida yaratilgan va unga zid boʻlmagan, uning asosiy talablaridan tashqariga chiqmaydigan din haqidagi qarashlarni adekvat deb hisoblashga zamin yaratadi. Zero, bunday holatda biz din haqidagi bilimlardan koʻra ushbu konkret falsafiy tizim, taʼlimot va uning dinga boʻlgan munosabati haqida koʻproq bilimga ega boʻlamiz. Chunki tadqiqotchining shakllanib boʻlgan qarashlari va yondashuvlari taʼsirida dinning oʻzi emas, balki unga boʻlgan munosabat yoritiladi. Demak, din falsafasida mantiqiy ziddiyat yoʻq boʻlgan xulosa, qarashlarni haqiqat, deb qabul qilish yetarli emas. Haqiqat deb qabul qilingan bilimlarda dinning mohiyati aks etishi lozim. Shundagina din falsafasidan din haqidagi ahamiyatli natijalarni kutish mumkin. Bunda obyektivlik tamoyiliga rioya qilish nihoyatda muhim.
Obyektivlik tamoyili din falsafasini oʻz predmetiga real mavjud hodisa sifatida qarashni, tan olishni talab etadi. Biroq obyektivlikni xolislik bilan chalkashtirish kerak emas. Xolislik tadqiqotchining oʻrganayotgan predmetidan muayyan darajada begonalashuviga va shu tufayli uning yetarlicha anglanmay qolishiga zamin yaratishini inobatga olsak, din falsafasi nuqtai nazaridan obyektivlik va xolislik bir xil mazmunga ega emasligi oydinlashadi.
Bilish predmetini tushunishda subyektivlik tamoyili ham muhim ahamiyatga ega. Ushbu tamoyil bilish predmetiga u yoki bu shaklda daxldorlikni talab etadi va unga nisbatan yuzaga kelishi mumkin boʻlgan noxolis munosabatning oldini olishga xizmat qiladi.
Umuman olganda, oʻrganilayotgan predmetning realligi obyektivlikni, uni tushunish zarurati subyektivlikni talab etadi. Ammo ushbu ikki tamoyildan faqat biri ustuvor ahamiyat kasb etmasligi lozim. Xususan, tarix va zamonaviy voqelik obyektivlik tamoyilining mutlaqlashtirilishi dinga salbiy munosabatni, uning ashaddiy tanqidini keltirib chiqarishini koʻrsatadi. Subyektivlik tamoyilining ustuvorligi esa dinning muayyan shakliga alohida eʼtibor tufayli umuman din fenomeniga xos xususiyatlarning nazardan qochirilishiga va bilish natijalarining bir yoqlama boʻlib qolishiga olib keladi. Demak, ikkala tamoyilning ham oʻz holicha qoʻllanilishi dinni adekvat anglash jarayoniga ziddir. Bundan din falsafasi haqiqatan ham din fenomenini bilishga harakat qilar ekan, u tom maʼnoda dindan tashqarida boʻlishi mumkin emasligi haqidagi xulosa kelib chiqadi. Chunki din falsafasining maqsadi dinni obyektiv ham, subyektiv ham talqin etish emas, balki uni adekvat nazariy tadqiq etish, taxdil qilish va tasvirlashdan iborat. Bu oxir-oqibatda falsafiy-diniy tadqiqotlar natijalarining umuman va barcha uchun tushunarli hamda ahamiyatli boʻlishiga zamin yaratadi. Yagona falsafiy tilning boʻlishi ehtimoldan nihoyatda uzoq boʻlsa-da, bilish natijalarining boshqalar uchun ham tushunarli boʻlishini taʼminlash nihoyatda muhimligini taʼkidlash zarur.
Din falsafasining asosiy muammolari. Din falsafasining dinshunoslik fanlari tizimidagi oʻrni, dinni falsafiy tadqiq etishning usullari masalasini hal etish u oʻrganadigan muammolar ichida alohida ahamiyatga ega. Zero, ushbu masalaning muvaffaqiyatli yechimi uning maqomi va oʻziga xos xususiyatlarini aniq belgilab olishga yordam beradi.
Bugungi kunda dinning mohiyatiga turlicha yondashuvlar va ularga asoslangan turfa taʼriflar mavjud. Bu tadqiqot metodologiyasi xilma-xilligining tabiiy hosilasidir. Shu nuqtai nazardan qaraganda, dinning ijtimoiy hodisa sifatidagi oʻziga xosligini koʻrsatuvchi falsafiy taʼrifni ishlab chiqish va uni shakllantirishga yondashuv tamoyillari mazmunini aniqlash ham din falsafasining dolzarb muammolaridan biri boʻlib qolmoqda.
Shuningdek, dinning ontologik va gnoseologik asoslari va manbalarini tadqiq etish bilan bogʻliq boʻlgan masalalarda umumeʼtirof etilgan metodologik bazani shakllantirish ham din falsafasi oldida turgan muhim muammolar sirasiga kiradi.
Dinning mohiyatini anglash unga xos xususiyalarning tizimli taxdil qilinishi bilan uzviy bogʻliq. Shu maʼnoda diniy dunyoqarash, ontologiya, gnoseologiya, tafakkur va tilning oʻziga xos xususiyatlari tadqiq etish, bu borada mavjud boʻlgan qarashlar va yondashuvlarda yakdillika erishish ham din falsafasining muhim muammolaridan hisoblanadi.
Din falsafasi uchun ulkan ahamiyatga ega muammolar qatorida xudo haqidagi teistik taʼlimotlarning mazmuni, ularning yuzaga kelish sabablarini tadqiq etish, diniy falsafaning mazmuni va oʻziga xos xususiyatlarini aniqlash, mazkur yoʻnalishdagi qarashlarni qiyosiy oʻrganish bilan bogʻliq masalalar mavjudligini ham qayd etish zarur.
Din falsafasining falsafiy va dinshunoslik fanlari tizimida tutgan oʻrni. Ilm-fan rivojlanishining ilk bosqichlarida dinshunoslik alohida va mustaqil fan sifatida rivoj topgan. Ammo uzoq taraqqiyoti davomida dinshunoslik sertarmoq sohaga – din fenomenining xilma-xil qirralarini tadqiq etadigan fanlarni oʻzida birlashtirgan tizimga aylandi. Bugungi kunda mustaqil maqomga ega boʻlgan dinlar tarixi, din sotsiologiyasi, din psixologiyasi kabi fanlarning mavjudligi bunga dalil boʻla oladi. Bu dinshunoslikning yaxlit tizim sifatidagi rivoji konkret fanlar taraqqiyoti bilan uzviy bogliq holda kechayotganini, ular oʻrtasida integratsiyalashuv mavjudligini koʻrsatadi.
Dinshunoslik doirasida fanlarga xos differensiallashuv ham davom etmoqda. Bu dinshunoslik tarkibida dinning konkret namoyon boʻlish shakllarini tadqiqot predmetiga aylantirgan va koʻplab mustaqil fanlarni oʻzida birlashtirgan yoʻnalish (tarmoq)larning yuzaga kelishiga zamin yaratmoqda. Masalan, bugungi kunda Qur’onshunoslik, hadisshunoslik, fiqh kabi bir qator fanlarni oʻziga qamrab olgan islomshunoslik dinshunoslikning alohida tarmogʻiga aylanib ulgurgani fikrimizning isboti boʻla oladi.
Shu nuqtai nazardan qaraganda, din falsafasining mustaqil fan sifatida shakllanishi bir tomondan, falsafiy bilimlar, ikkinchi tomondan, dinshunoslik fani tarmoqlashuvi va mazkur jarayonda yuzaga kelgan integratsiyaning hosilasi hisoblanadi.
Falsafa va dinshunoslik munosabatlari doirasida dinni falsafiy anglashning oʻziga shakli diniy falsafa (falsafiy teologiya) shakllanganini ham taʼkidlash zarur.
Diniy falsafa diniy dunyoqarash tamoyillaridan kelib chiqadigan tasavvurlar, gʻoyalar, Yaratuvchi va olam (ontologiya va metafizika), inson (antropologiya), jamiyat (sotsiologiya, istoriosofiya), bilish jarayoni (gnoseologiya va epistemologiya), qadriyatlar (aksiologiya) haqidagi qarashlar tizimini oʻz ichiga oladi. Sodda qilib aytganada, u din kompetensiyasiga kiradigan ontologik, antropologik, gnoseologik muammolarni falsafiy tushunchalar va usullardan foydalangan holda tadqiq etadi. Shu nuqtai nazardan qaraganda, diniy falsafa, bir tomondan, falsafiy bilimlarning, ikkinchi tomondan, ilohiyotning tarkibiy qismi hisoblanadi.
Diniy falsafa din falsafasi kabi dinning mohiyatiga eʼtibor qaratadi. U falsafiy tafakkur natijalariga tayangani uchun oʻzida eʼtiqod va ratsionallik, dogmatika va hurfikrlilikning birligini namoyon etadi, dinning mohiyatida yashiringan donishmandlikning maʼnosini anglash uchun imkoniyat yaratadi.
Din falsafasi rivoji dinlar tarixi, din sotsiologiyasi va din psixologiyasi kabi fanlar taraqqiyoti bilan ham uzviy bogʻliq. Xususan, dinlarning oʻtmishini uning konkret shakllarida tiklashga, diniy eʼtiqodning turli koʻrinishlari haqidagi maʼlumotlarni toʻplash, saqlash va izoxdashga xizmat qilar ekan dinlar tarixi fani konkret dinlar va umuman dinning ijtimoiy hodisa sifatidagi rivojining u yoki bu davriga xos xususiyatlarni chuqurroq anglashga yordam beradi.
Din falsafasi din va ijtimoiy voqelik oʻrtasidagi aloqadorlikni ham nazariy, ham empirik darajadaoʻrganuvchi din sotsiologiyasi fani bilan ham uzviy bogliq. Xususan, din sotsiologiyasi tomonidan din va jamiyat hayotining turli sohalari oʻrtasidagi oʻzaro taʼsir va aks taʼsirga xos xususiyatlar, dining paydo boʻlishi va mavjudligining ijtimoiy asoslari bilan bogʻliq masalalarni oʻrganish jarayonida toʻplanadigan empirik materiallar va unga tayangan nazariy umumlashmalar din va diniy hayot rivojiga xos qonuniyatlarni tushunishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Din falsafasi oʻz rivojida diniy ongning oʻziga xos xususiyatlari, strukturasi va funksiyalarini belgilab beruvchi psixologik va ijtimoiy-psixologik omillarni oʻrganuvchi din psixologiyasi fani yutuqlariga ham tayanadi. Jumladan, dindorlar ongi va hissiyotlarining konkret ijtimoiy muhit va sharoit bilan bogʻliqligi, diniy marosimlarning inson ruhiyatiga taʼsiri hamda diniy jamoalarning ijtimoiy-psixologik strukturasi, muloqot, ishontirish va taʼsir oʻtkazish mexanizmlarini oʻrganish bilan bogliq holada toʻplangan materiallar shaxs va jamiyat maʼnaviy hayotida dinning oʻrni va rolini tushunishga xizmat qiladi[1].

  1. Najmiddinov, Karimov, Turdiyeva 2017, s. 160.
  • Najmiddinov J., Karimov J., Turdiyeva D.. Dinshunoslik. Qomusiy lugʻat. Imom Buxoriy xalqaro markazi nashriyoti, 2017 — 480-bet. ISBN 978-9943-5105-3-1.