Differensial psixologiya
Differensial psixologiya — psixologiya fanining odamlar oʻrtasidagi individual-psixologik tafovutlarni oʻrganuvchi sohasi.
Differensial psixologiya atamasini 1900-yil nemis psixologi V. Shtern fanga kiritgan. Differensial psixologiya muayyan individlar bilan birga, turli ijtimoiy sinflarga, etnik, yosh va boshqa guruhlarga mansub shaxslar psixikasining namoyon boʻlishidagi tafovutlarni aniqlab beradi. Differensial psixologiyada koʻpincha individning kuzatishi, test yoki oʻz-oʻzini kuzatish natijalarini tahlil etish yordamida aniqlangan shaxsiy va intellektual xususiyatlari qiyosiy tadqiq qilinadi.
Differensial psixologiyaning muhim vazifalaridan biri individual-psixologik xususiyatlarning namoyon boʻlishi, diapazoni va xarakterini ochib, yoritib berishdan iborat. Individual-psixologik tafovutlarning yuzaga kelish shartlari va sabablarini tushunish uchun ularning neyrofiziologik omillarini, nerv sistemasining asosiy xususiyatlarini oʻrganish lozim.
Hozirgi zamon Differensial psixologiyasida rivojlangan matematik-statistik apparat, jumladan, korrelyasiya (oʻzaro bogʻliqlik), regressiv (orqaga qaytish), diskriminant (cheklash) va omilli tahlil usullari keng qoʻllanadi. Differensial psixologiya maʼlumotlari taʼlim-tarbiya amaliyotida, psixiatrik-psixoterapevtik taʼsir etishda, individning u yoki bu kasb-hunarga yaroqliligini aniqlashda, kasbga yoʻnaltirish va kasb tanlashda muhim ahamiyatga ega.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |