Kontent qismiga oʻtish

Chashmai Ayyub xazirasi

Vikipediya, erkin ensiklopediya
Chashmai Ayyub xazirasi
Umumiy maʼlumot
Maqomi Tarixiy obida
Turi ziyoratgoh
Shahar Buxoro
Mamlakat Oʻzbekiston
Qurilishi boshlangan XI asr
Qurilishi tugagan XIX asr
Balandligi
Balandligi 10 metrga yaqin[1]
Texnik holati
Material pishgan gʻisht, yogʻoch, ganch
Qavatlar soni 1
Map
Chashmai Ayyub xazirasining oʻrni xaritada
Chashmai Ayyub xazirasi

Chashmai Ayyub xazirasi – Oʻzbekistonning Buxoro viloyati, Vobkent tumanida joylashgan meʼmoriy yodgorlik (XI[2]–XIX[3]). Bu qadamjo suv va Ayyub paygʻambar nomi bilan bogʻliq[4].

Xazira 1208–1209-yillarda Burxoniy hukmdor sadr Abdulaziz II tomonidan 1017-yil vafot etgan hadisshunos olim Abu Saʼd al-Xarjushiy qabri ustiga bunyod etilgan[1][5]. Olimlarning fikricha, Vobkent minorasini qurgan usta meʼmor Chashmai Ayyub xazirasini ham bino qilgan. Oʻrta asrlarda qadamjo vazifasini oʻtagan ushbu ziyoratgohda darveshlar xonaqosi va masjid boʻlgan[1][6].

Xazira peshtoqida yozilgan hadis Markaziy Osiyo yodgorliklarida saqlanib qolgan eng qadimgi hadis namunalaridan biri hisoblanadi[4]. Hozirgi kunda yodgorlik Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[7].

Bir rivoyatga koʻra, jahongashtalikdan qattiq toliqqan Ayyub paygʻambar Amudaryodan oʻtib, Buxoroga yetib kelgan. Shu yerdagi aholi uni izzat-ehtirom bilan kutib olgan. Aholidan minnatdor boʻlgan paygʻambar shunday duo qilgan: „Ey, Parvardigor! Ularning nasliga barakot ber, dushmanlari ustidan gʻalaba ato qil va fitnani ulardan qaytargin!“[8]. Vaqt oʻtib paygʻambar shu yerda vafot etgan. Uning qabri ustiga qurilgan imorat gumbazi ostida Jannat buloqlaridan biri ekanligi rivoyat va afsonalarda keltirilgan chashma joylashgan. Chashmaning oldida barglari hatto qishda ham yam-yashil turuvchi bir daraxt oʻsgan ekan[8].

Boshqa bir rivoyatga koʻra, paygʻambar kelib toʻxtagan joyda hassasining zarbidan yerdan chashma otilib chiqqan[6]. Chashma suvi shifobaxsh hisoblanib, buloq boshiga minglab ziyoratchilar va hojatmandlar toʻplanib kela boshlagan. Vaqt oʻtib, oʻsha joy ziyoratgohga aylangan. Chashmaning suvi esa teri kasalliklariga qarshi shifobaxsh hisoblangan[8].

Chashmai Ayyub xazirasi Buxoro shahridan 20 km uzoqlikda[2][9][10]joylashgan boʻlib, Burxoniylar hukmronligi davrida Sadr Abdulaziz II tomonidan 1208–1209-yillarda bunyod etilgan[1]. Oʻzbekiston hududida Chashmai Ayyub deb nomlangan uchta yodgorlik mavjud. Ular Buxorodagi Chashmai Ayyub maqbarasi (XII–XVI asrlar), Qarshidagi Chashmai Ayyub maqbarasi (XII–XV asrlar), Xayroboddagi Chashmai Ayyub xazirasi (XIII asr)[6].

Xaziraning Chashmai Ayyub deb atalishiga asosiy sabablardan biri qabrdan 10 metrcha shimolroqda joylashgan chuqurligi 12–15 metrlik tosh quduqqa nisbatan berilgan[11]. Chashmai Ayyub xazirasida milodiy 1017-yil (hijriy 404-yil)da vafot etgan, hadisshunos olim Saʼd al-Xarjushiy qabri joylashgan[5][12]. Saʼd al-Xarjushiy toʻgʻrisida Abdulkarim as-Sam’oniyning „al-Ansob“ (Nasabnoma) asarida maʼlumot keltirilgan[13]. Bino, shuningdek, savdo karvon yoʻli yoqasida joylashganligi sababli xonaqoh vazifasini bajargan[6]. Binoning hozirgi kunda faqat kirish qismi, yaʼni, peshtoqi saqlanib qolingan. Peshtoqning chap tomonida esa keyinchalik taʼmirlangan, pishiq gʻishtdan qurilgan devorning bir qismi mavjud[6].

Islom dini amal qila boshlagan davrda ruhoniylar, din vakillari Qur’oni Karim koʻrsatmalari va paygʻambar Muhammad alayhissalom hadislaridan kelib chiqib muqaddaslashtirilgan shaxslar nomi bilan atalgan qadamjolarga sigʻinavermaslik, shuningdek, tavof etavermaslik yoʻlini tutgan. Keyingi davrlarda din vakillari chiqargan fatvolari asosida ziyorat uchun baʼzi yengilliklar berilgan. Chashmai Ayyub yodgorligida ham hadisdan keltirilgan bitik mavjud[4]. Peshtoqning yuqori qismida „muaqqoq“ yozuvida paygʻambar Muhammad alayhissalomning hadisi va bino qurilgan sana yozilgan[14].

Undagi feruza rangli koshinda quyidagi kitoba bitilgan:

„Paygʻambar alayhissalom aytdilar: „Sizlarni qabrlarni ziyorat qilishdan qaytargan edim, bas, endi ularni ziyorat qilaveringlar“. Bu imorat olti yuz beshinchi yilda qad koʻtargan“[15].

Yodgorlikda bitilgan kitoba Markaziy Osiyo yodgorliklarida saqlanib qolgan qadimgi hadis namunalaridan biri hisoblanadi[4]. Sanʼatshunoslik fanlari nomzodi Qoryogʻdi Jumayev tadqiqotlariga koʻra, koshindagi yozuv hijriy 650-yil (milodiy 1252-yil) deb koʻrsatilgan[14]. Tarixchi olima Yelezaveta Nekrasovaning yozishicha, koshin boʻlagidagi yozuv hijriy 605-yil, milodiy 1208–1209-yillarda bitilgan[16]. Aksar manbalarda xazira peshtoqidagi yozuv milodiy 1208–1209-yillarda bitilgani qayd etilgan[3][15][17][18][19][20][21]. Bino ichkarisida quduq joylashgan. Shuningdek, xazira atrofida 4 ta quduq boʻlgan. Quduqlardan uchtasi koʻmilgan boʻlib, hozirgi kunda faqat bittasi saqlanib qolingan[22]. Yelezaveta Nekrasovaning yozishicha, Chashmai Ayyub xazirasi atrofida tabiiy buloq qadimdan mavjud boʻlgan. Arxeologik qazishmalar natijasida xazira atrofidagi masjid devori ortidan X asrga taʼalluqli sopol idish parchasi va 945–946-yillarga oid Nuh ibn Nasr tangasi topilgan. Binoga taxminan XII asrning birinchi choragida sadr Abdulaziz I (vafoti 1124-yil) tomonidan asos solingan boʻlib, buni xazira ostidagi topilmalar inkor etmaydi[23]. Olimlarning fikriga koʻra, xazira qurilishidan 9–10-yil avval Vobkent minorasi barpo etilgan[23].

Magʻoki attori masjidi darvozasining yuqori qismi

Vobkentdagi xazira va minora dekorativ bezaklari va yozuvlari bir-biriga juda ham oʻxshash hisoblanadi. Shuningdek, Chashmai Ayyub xazirasi va Buxoro shahridagi Magʻoki attori masjidi peshtoq qismidagi yarim gumbazlar yuqori qism bezaklari deyarli bir xil uslubda bezatilgan[3]. Qoryogʻdi Jumayevning yozishicha, yodgorlik XI–XII asrlarda bunyod etilgan Karmanadagi Raboti Malik va Mir Said Bahrom maqbarasi qurilish arxitekturasiga oʻxshab ketadi[24].

1220-yil Chingizxon tomonidan Buxoro zabt etilib, vayron qilingan va yoqib yuborilgan. Buxoro aholisi esa qirib tashlangan. Mazkur bosqinchilik qishloq hududlarida ham koʻzga tashlanadi. Bosqinchilik natijasida Chashmai Ayyub xazirasi ham vayron holatga kelib qolgan. Bino devori va masjidi buzilib, buloq joylashgan xona devorlari ham varyon boʻla boshlagan. Yodgorlikda XVI asrda kichik taʼmirlash ishlari olib borilgan boʻlib, maydoni 280 metr kvadratdan ikki barobar yaʼni 120 metr kvadratga qisqargan[25]. Chashmai Ayyub xazirasining vayron boʻlishi butun mamlakat, jumladan, poytaxt Buxoro va uning atroflarida boʻlib oʻtgan XVIII asrdagi siyosiy va iqtisodiy inqiroz bilan bogʻliq[25].

1985-yil yodgorlik atrofida bir guruh arxeologlar tomonidan qazishma ishlari olib borilgan[18][26] va shu yili Chashmai Ayyub xazirasi ilmiy muomalaga kiritilgan[9]. 2017–2018-yillarda Chashmai Ayyub xazirasi va uning atrofidagi tutash hududlarda taʼmirlash ishlari olib borilgan[21]. Yodgorlikning saqlanib qolgan qismi Oʻzbekiston moddiy va madaniy meʼrosining koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatiga kiritilgan – davlat muhofazasiga olingan[7]. 2023-yil 10−25-sentabr kunlari Saudiya Arabistonining Ar-Riyod shahrida boʻlib oʻtgan Jahon merosi qoʻmitasining 45-sesiyasida Buyuk ipak yoʻlining Zarafshon-Qoraqum yoʻlagi doirasida Chashmai Ayyub xazirasi UNESCOning Butunjahon merosi roʻyxatiga kiritilgan[27][28][29][21]. 2024-yil binoning saqlanib qolgan qismida temir mahsulotlaridan soyabon-ayvon qilingan[22].

Xazira peshtoqidagi koshinning oʻgʻirlanishi

[tahrir | manbasini tahrirlash]
Chashmai Ayyub xazirasi peshtoqining yuqori qismi

2010-yil bir guruh kimsalar tomonidan Chashmai Ayyub yodgorligida obodonlashtirish, taʼmirlash oʻz hisobidan homiylik qilish boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Madaniyat vazirligi Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish ilmiy-ishlab chiqarish Bosh boshqarmasidan lohiya hujjatlari tayyolangan va tegishli qonun-qoidalar buzilib, Oʻzbekiston Madaniyat vazirligi ruxsatnomasi olinmagan. Koʻchirib olingan koshin daraxt yaprogʻi naqshlari bilan bezatilib, boʻyi 52,5 sm, eni esa 30,5 smni tashkil etadi[30][31]. 2011-yil yoz oylarida bir guruh shaxs tomonidan arab yozuvida bitilgan kalligrafik yozuvning „olti yuz besh“ raqami yozilgan koshin boʻlagi koʻchirib olinib, restavratsiya qilish bahonasida Toshkent shahriga olib borilgan[32]. Keyinchalik, turkiyalik shaxsga sotish maqsadida bir guruh shaxslar „Oʻzbekiston havo yoʻllari“ milliy aviakompaniyasi orqali qonun hujjatlarini buzgan holatda Oʻzbekiston hududidan olib chiqib ketilgan. Aksar manbalarda Chashmai Ayyub yodgorligidagi yozuv 2014-yilda gʻoyib boʻlganligi yozilgan[33][31][34]. Oʻgʻirlab ketilgan koshin boʻlagi 2017-yilda Germaniya Federativ Respublikasi orqali Buyuk Britaniyaning London shahardagi „Mayfair“ galereyasida sotuvga qoʻyilgan[32]. Koshin boʻlagini islom va hind sanʼati asarlarini yigʻish bilan shugʻullangan Simon Ray sotib olgan. Oksford universiteti professori James Allen Buxoroda boʻlib, Vobkentdagi Chashmai Ayyub xazirasi peshtoqidagi koshinning bir boʻlagi yoʻqligiga guvoh boʻlgan. Professor ushbu koshin boʻlagini Simon Ray galereyasi katologida koʻrgan. James Allen Simon Rayni bu koshin boʻlagini oʻgʻirlanganligi haqida ogohlantirgan. Keyinchalik Simon Ray mazkur koshin boʻlagini Britaniya muzeyiga topshirgan[30]. 2017-yilda Britaniya muzeyi mazkur koshinning bir boʻlagini Oʻzbekistonga qaytargan[35]. Hozirgi kunda koshinning bir boʻlagi Oʻzbekiston davlat sanʼat muzeyida saqlanmoqda[36][37][21].

Meʼmorchiligi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Chashmai Ayyub xazirasi arxeologik tadqiqotlar boshlanishidan oldin ikki qismdan iborat boʻlgan. Birinchi qism bugungi kunga qadar saqlanib qolingan kirish peshtogʻi (portal) va uning gʻarbiy tomoniga bogʻlanib turuvchi qism yaʼni qanoti hisoblanadi. Ular gʻarbiy-sharqiy chiziq boʻylab joylashgan va janub tomonga qaragan. Xaziraning ikkinchi qismi esa peshtoq va qanotning ichki qismiga taqab qurilgan sinchli koʻrimsiz binodan iborat. Binoning umumiy maydoni 94,8 metr kvadratni tashkil etib, tarhi noaniq shaklli, tekis toʻrtta koʻzga tashlanmaydigan ustunlar ustiga oʻrnatilgan. Xazira shimoliy va gʻarbiy devorlarida chuqur tokchalar boʻlgan. Gʻarbiy tokcha yer sathidan biroz koʻtarilgan boʻlib, mehrob vazifasini bajargan. Shimoliy tokcha tomonda tor eshik, janubiy tomonda esa nishab boʻlgan. Shuningdek, binoning shimoliy-janubiy tomonida yogʻoch qabr mavjud[38]. Qabrning shimoliy tomonida yogʻoch goʻlalaridan ishlangan quduq boʻlgan. Quduqning tashqi diametri 1,1 metr, ichki diametri 0,65 metrni tashkil etgan[39]. Uning yuqori qismi kvadrat shaklda pishiq gʻishtdan sementli qorishmada terib chiqilgan. Quduqning yer osti yoʻli orqali sopol quvurlar oʻtkazilgan[40].

Xaziraning umumiy maydoni 280 metr kvadratni tashkil etgan[41]. Chashmai Ayyub xazirasi peshtoqidagi darvoza joylashgan boʻlinmasining yuqori qismi terrakotli sharafa va muqarnasli karniz bilan bezalgan. Keyinchalik qurilgan darvoza asliga nisbatan ancha kichik boʻlib, eni va boʻyi oddiy shuvoq bilan qayta qurilgan. Shuningdek, peshtoq darvozasi ustiga qoʻyilgan ravoqcha ham keyinchalik qayta bezatilgan. Peshtoqdagi qirma uslubdagi geometrik naqshlar XVIII–XIX asrlarga tegishli hisoblanadi. Yodgorlik peshtoqi balandligi 10 metrga yaqin boʻlib[1], eni 6,7 metrni tashkil etadi[14]. Peshtoqning yuqorisidan pastki asosigacha „tasmalar“, „bantiklar“, medalyonlar, geometrlik girih naqshlar bilan bezatilgan[14]. Xazira peshtoqining uchburchak shakldagi timpan qismida havo rangli sirlangan koshinlar terilgan boʻlib, hosil qilingan bittadan yarim koʻrinishdagi va ikkita toʻliq svastika – quyosh va abadiylik ramzini bildiruvchi naqsh boshqa biror meʼmoriy yodgorliklarda yorqin uchramaydi[24]. Peshtoqning yuqori qismida paygʻambar Muhammad alayhissalomning hadisi va bino qurilgan sana feruza rangli koshin bitilgan boʻlib, uzunligi 3,6 metr, eni esa 67 smni tashkil etadi[16].

Chashmai Ayyub xazirasidagi buloqning diametri 85–90 sm boʻlib, quduq diametri esa 2,8 metrni tashkil etadi[4]. Peshtoqning janubiy tomonidan shimolga qarab gʻishtin yoʻl bunyod etilgan. Yoʻlning gʻarbiy tomonida esa eski hovuz, uning toʻrt burchagida chinorlarning qurilgan kundallari boʻlgan[24]. Chashmai Ayyub maqbarasi atrofida qabriston joylashgan boʻlib, 1 gektarga yaqin maydonni egallagan[42]. Shuningdek, xazira atrofida 1903–1910-yillarda qurilgan yogʻoch ustunlardan iborat ayvonli jome masjidi bunyod etilgan[43][44].

  1. 1,0 1,1 1,2 1,3 1,4 Вобкент тарихи 2015, s. 50.
  2. 2,0 2,1 „Хазира-Чашма-йи Аййуб“. Islamology.ru. Qaraldi: 2024-yil 18-oktyabr.
  3. 3,0 3,1 3,2 Некрасова 2019, s. 32.
  4. 4,0 4,1 4,2 4,3 4,4 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 158.
  5. 5,0 5,1 Жумаев 2004, s. 81.
  6. 6,0 6,1 6,2 6,3 6,4 Жумаев 2004, s. 82.
  7. 7,0 7,1 „Moddiy madaniy merosning koʻchmas mulk obyektlari milliy roʻyxatini tasdiqlash toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 4-oktabrdagi 846-sonli qarori“. Lex.uz. Qaraldi: 2024-yil 8-oktyabr.
  8. 8,0 8,1 8,2 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро 2016, s. 387.
  9. 9,0 9,1 Хмельницкий 1996, s. 224.
  10. „Khazira Chashma Ayub“. Unesco-iicas.org. Qaraldi: 2024-yil 23-oktyabr.
  11. Жумаев 2004, s. 83-84.
  12. Элова 2024, s. 4.
  13. Жумаев Қорёғди 2004, s. 4.
  14. 14,0 14,1 14,2 14,3 Жумаев 2004, s. 83.
  15. 15,0 15,1 Ўзбекистон обидаларидаги битиклар 2011, s. 161.
  16. 16,0 16,1 Некрасова 2019, s. 94.
  17. Хмельницкий 1996, s. 225.
  18. 18,0 18,1 Вобкент тарихи 2015, s. 49.
  19. Richard P. McClary 2020, s. 140.
  20. Аббасова-Юсупова 2022, s. 170.
  21. 21,0 21,1 21,2 21,3 Тешаев 2023, s. 4.
  22. 22,0 22,1 Чашмаи Айюб макбараси обод этилмокда 2024, s. 3.
  23. 23,0 23,1 Некрасова 2019, s. 97.
  24. 24,0 24,1 24,2 Жумаев 2004, s. 84.
  25. 25,0 25,1 Некрасова 2019, s. 98.
  26. Вобкент тарихи: ўтмишдан бугунгача 2022, s. 89.
  27. „Silk Roads: Zarafshan-Karakum Corridor“. Whc.unesco.org. Qaraldi: 2024-yil 21-oktyabr.
  28. „O‘zbekistondagi yana bir qator obyektlar YUNESKOning Umumjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi“. Qaraldi: 2024-yil 21-oktyabr.
  29. „Buyuk ipak yo‘lining Zarafshon-Qoraqum yo‘lagi YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritildi“. Qaraldi: 2024-yil 21-oktyabr.
  30. 30,0 30,1 „Chashmai Ayyubdan o‘g‘irlangan 800 yillik koshinning O‘zbekistondan Londonga qanday kelgani sirligicha qolmoqda“. Ozodlik.org. Qaraldi: 2024-yil 14-oktyabr.
  31. 31,0 31,1 „British Museum helps return stolen artefact to Uzbekistan“. Theguardian.com. Qaraldi: 2024-yil 14-oktyabr.
  32. 32,0 32,1 „„Chashmai Ayub“ yodgorligi peshtoqidan koshin boʻlagini koʻchirib, chet elga sotib yuborgan jinoiy guruhga sud hukmi oʻqildi“. Advokatnews.uz. Qaraldi: 2024-yil 14-oktyabr.
  33. Некрасова 2019, s. 100.
  34. „Britaniya muzeyi o‘g‘irlab ketilgan artefaktni O‘zbekistonga qaytarishga yordamlashadi“. Gazeta.uz. Qaraldi: 2024-yil 18-oktyabr.
  35. Абдуллаева 2017, s. 3.
  36. „Britaniya muzeyi Oʻzbekistondan oʻgʻirlab ketilgan tarixiy yodgorlikni qaytardi. Noyob tarixiy maskanga yuksak e’tibor qaratilmoqda.“. Interfax.uz. Qaraldi: 2024-yil 18-oktyabr.
  37. „Buxorodagi maqbaradan o‘g‘irlab ketilib, Britaniyada sotuvga qo‘yilgan noyob koshin o‘z joyiga qaytariladi“. Daryo.uz. Qaraldi: 2024-yil 21-oktyabr.
  38. Некрасова 2019, s. 88.
  39. Некрасова 2019, s. 22.
  40. Некрасова 2019, s. 23.
  41. Некрасова 2019, s. 93.
  42. Некрасова 2019, s. 96.
  43. „“Чашмаи-Айюб” жомеъ масжиди тарихи“. Naqshband.uz. Qaraldi: 2024-yil 22-oktyabr.
  44. Некрасова 2019, s. 99.

Ilmiy adabiyotlar

[tahrir | manbasini tahrirlash]
  • Richard P. McClary. Medieval Monuments of Central Asia: Qarakhanid Architecture of the 11th and 12th Centuries. Edinburgh University Press, 2020 — 344-bet. 
  • Хмельницкий С.Г. Между саманидами и монголами.Архитектура Средней Азии XI-начала XIII вв. Частъ I. Берлин-Рига: GAMAJUN, 1996 — 335-bet. 
  • Некрасова Е. Архитектурные памятники Бухарского оазиса. Чашма-и Аййуб. Ташкент: “Baktria press”, 2019 — 136-bet. 
  • Ражабов Қ, Раҳмонов К. Вобкент тарихи. Тошкент: “Tafakkur”, 2015 — 76-bet. 
  • Ўзбекистон обидаларидаги битиклар. Тошкент: Ўзбекистон нашриёти, 2011 — 564-bet. ISBN 978-9943-01-716-0. 
  • Абдухолиқов Ф, Ртвeладзе Э, Раззоқов А, Раҳимов К, Ҳакимов А, Абдуҳалимов Б, Мансуров А, Маннонов А, Муҳамедов Н. Ўзбекистон обидаларидаги битиклар: Бухоро. Тошкент: Uzbekistan Today, 2016 — 560-bet. ISBN 978-9943-4510-5-6. 
  • Вобкент тарихи: ўтмишдан бугунгача. Бухоро: “Durdona”, 2022 — 252-bet. 
  • Из истории культурного наследия Бухары (9 выпуск). Бухара: “Бухоро”, 2004 — 156-bet. 
  • Аббасова-Юсупова М. Бухарская школа зодчества XV-XVII вв. (особенности и динамика развития), Самарканд, 2022 — 360-bet. 
  • Жумаев Қ. Хайриободдаги Чашмаи Айюб макбараси // Бухоронома. — 2004.
  • Абдуллаева М. Лондон галереясидаги кошин: Чашмаи Аюб макбараси пештоқидаги бу ноёб ёзув юртимизга кайтарилди // Аторуд. — 2017.
  • Тешаев Ж. Кошин бўлган кайтса - кўнгиллар таскин топса... // Buxoronoma. — 2023.
  • Ёкубов Т., Саидов Р., Истатов Ў. Чашмаи Айюб мақбараси обод этилмокда // Вобкент хаёти. — 2024.
  • Элова З. Хазира таъмирига киришилди // Buxoronoma. — 2024.