Kontent qismiga oʻtish

Bingenlik Hildegard

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Bingenlik Hildegard

Hildegard portreti
Tavalludi 1098-yil
Bermersheim, Sponheim
Vafoti 17-sentyabr 1179-yil
Rupertsberg, Bingen
Fuqaroligi Nemis
Kasbi Yozuvchi, bastakor, faylasuf, tibbiyotchi, mistik
Dini Xristianlik
Mashhur ishlari "Scivias", „Liber Vitae Meritorum“, „Liber Divinorum Operum“, „Physica“, „Ordo Virtutum“
Otasi Hildebert
Onasi Mechtild
Mukofotlari Cherkov doktori (2012)

Bingenlik Hildegard (1098-yil – 1179-yil 17-sentyabr) – nemis yozuvchisi, bastakori, faylasuf olima.[1] U oʻzining keng qamrovli bilimlari, jumladan, din, botanika, musiqa va tibbiyot sohasidagi asarlari bilan mashhurdir. Shu bilan bir qatorda Hildegard oʻz davrining eng yirik diniy shaxslaridan biri hisoblanadi.[2]

Hildegard 1098-yilda Bermersheim shahrida, aristokrat oilasida dunyoga kelgan. Uning ota-onasi Hildebert va Mechtild oʻz davrining ziyoli insonlar boʻlib, Sponheim qiroli bilan yaqin boʻlishgan. Hildegard yoshligidan sogʻligʻi bilan bogʻliq muammolarni boshdan kechiradi.[3] Ota-onasi uni dindor hayotga bagʻishlash uchun Disibodenberg monastiriga joʻnatishadi. 1136-yilda, Hildegard Disibodenberg monastirida abbatisalik (rahbar ayol monax) unvoniga ega boʻldi. Uning rahbarligi ostida monastir katta diniy markazga aylandi. 1150-yilda u Rupertsberg, 1165-yilda esa Eibingen monastirlariga asos soladi.[4]

Hildegard oʻzining ilohiy vizyonlari haqida yozgan bir necha asarlar yaratdi. Eng mashhurlari orasida "Scivias", "Liber Vitae Meritorum", va "Liber Divinorum Operum" nomli asarlari bizgacha yetib kelgan. Ushbu asarlarida Hildegard insoniyatning ruhiy ahvoli, tabiatning xilma-xilligi va ilohiy kuchning taʼsirini tasvirlaydi. U tomonidan yozilgan musiqiy asarlar orasida monofonik qoʻshiqlar va liturgik dramalar mavjud.[5] Uning "Ordo Virtutum" asari qadimgi axloqiy dramalaridan biri hisoblanadi. Hildegard musiqa yaratishda diniy va ilohiy mavzularni birlashtirib, oʻziga xos uslubni rivojlantirgan. Hildegardning tabiiy fanlar va tibbiyot sohasidagi asarlari ham eʼtiborga molik. Uning "Physica" va "Causae et Curae" nomli asarlarida oʻsimliklar, hayvonlar va minerallar haqida batafsil maʼlumotlar berilgan, ularning shifobaxsh xususiyatlari tahlil qilingan.[6] Hildegard shifobaxsh oʻsimliklar va tabiiy davolash usullari haqida koʻplab amaliy tavsiyalar bergan, bu esa uni oʻz zamonasining tibbiyotchisi sifatida tanitgan. Hildegard "Lingua Ignota" nomli yangi til yaratdi. Bu til haqida juda oz maʼlumot saqlanib qolgan.[7]

Hildegard oʻrta asrlarda oʻzining diniy, madaniy va ilmiy merosi bilan katta iz qoldirdi. U ilohiyot, musiqa, tibbiyot va til sohalaridagi bilimlari bilan nafaqat oʻz davrida, balki keyingi asrlarda ham mashxurlikka erishadi. Rim-katolik cherkovida Hildegard asrlar davomida avliyo sifatida hurmat qilinib kelingan.[8] 2012-yilda Rim papasi Benedikt XVI Hildegardni cherkov doktori unvoni bilan sharafladi. Hozirda Hildegardning asarlari oʻrta asrlarning diniy va madaniy merosini oʻrganishda muhim manba sifatida koʻriladi.[9]

  1. Bennett, Judith M. and Hollister, Warren C. Medieval Europe: A Short History (New York: McGraw-Hill, 2001), p. 317.
  2. Worl, Gayle. „WOMEN OF HISTORIC NOTE“ (en-US) (1997-yil 9-mart). Qaraldi: 2023-yil 22-noyabr.
  3. Jöckle, Clemens. Encyclopedia of Saints. Konecky & Konecky, 2003 — 204-bet. 
  4. Campbell, Olivia, Abortion Remedies from a Medieval Catholic Nun(!), JSTOR Daily, October 13, 2021
  5. Burkholder, J. Peter, Claude V. Palisca, and Donald Jay Grout. 2006. Norton anthology of western music. New York: W. W. Norton.
  6. Jutta & Hildegard: The Biographical Sources, trans. Anna Silvas (Pennsylvania State University Press, 1999), pp. 278–79.
  7. Fiona Bowie, Oliver Davies. Hildegard of Bingen: An Anthology. SPCK 1990. Some sources note younger siblings, specifically Bruno.
  8. Michael McGrade, „Hildegard von Bingen“, in Die Musik in Geschichte und Gegenwart: allgemeine Enzyklopaldie der Musik, 2nd edition, T.2, Vol. 8, ed. Ludwig Fischer (Kassel and New York: Bahrenreiter, 1994).
  9. Pope Benedict XVI, Apostolic Letter Proclaiming Saint Hildegard of Bingen, professed nun of the Order of Saint Benedict, a Doctor of the Universal Church, 7 October 2012.