Bagʻdod
Bagʻdod
بَغْدَاد | |
---|---|
| |
Nickname: Tinchlik shahri (مَدِيْنَةُ السَّلَام)[1] | |
Davlat | Iroq |
Gubernatorlik | Bagʻdod |
Asos solingan | 30-iyul mill.avv 762-yil |
Asos solingan | Caliph al-Mansur |
Hukumat | |
• Turi | Hokim-kengash |
• Bagʻdod shahar maslahat kengashi | Ammar Moussa Kadhum |
Hudud | |
• Umumiy | 673 km2 (300 sq mi) |
Balandligi | 34 m (110 ft) |
Aholisi (2024) | |
• Umumiy | 7 921 134[2] |
Vaqt mintaqasi | UTC 3 (Arab standart vaqti) |
Pochta kodi |
10001 dan 10090 gacha |
Veb-sayt | amanatbaghdad.gov.iq (arabcha) |
Bagʻdod — Iroqning poytaxti (1921); Bagʻdod muhofazasining maʼmuriy markazi. Dajla daryosining har ikki sohilida; Markaziy va Janubiy Osiyo hamda Oʻrta dengiz mamlakatlarini birlashtirib turuvchi yoʻllar chorrahasida. Mamlakatning eng katta shahri. Aholisi 4 mln. kishi (1990). Bagʻdodda arablar (aksariyat), kurd, arman, turk, yahudiy va forslar yashaydi. Iqlimi Oʻrta dengiz iqlimi; yanvarning oʻrtacha temperaturasi 10°, iyulniki 34°, yiliga oʻrtacha 163 mm yogʻin yogʻadi. Bagʻdodni 762-yil xalifa Mansur (754 — 775) Madinat as-Salom (Tinchlik shahri) nomi bilan bino qilib, Abbosiylar xalifaligi poytaxtiga aylantirgan. Bagʻdod etimologiyasi toʻgʻrisida bir necha rivoyatlar boʻlib, shulardan eng koʻp tarqalgani: Bagʻdod (Dodning bogʻi) va But (sanam) tuhfasi. IX asrda Bagʻdod xunarmandchilik, savdo va oʻrta asr Sharq madaniyatining markazi boʻlgan. Bagʻdodni eronlik buvayhiylar (945), sal-juqiylar sultoni Toʻgʻrulbek (1055) va moʻgʻul xoni Hulokuxon (1258) bosib olgan. 1393 va 1403-yillarda Amir Temur saltanati tarkibiga kirgan. 1410 — 1508-yillarda Bagʻdod Qora qoʻyunli va Oq qoʻyunli koʻchmanchi turkman xonlari qoʻl ostida boʻldi. 1508-yilda Eron sa-faviylari egʻallagan, 1534-yil esa Usmonli turklar davlatiga qoʻshib olindi. 1623-yilda Bagʻdodni Eron shohi Abbos I boʻysundirgan. 1638 — 1917-yillarda Usmonli turklar tasarrufida boʻldi. XVIII asrda Bagʻdod Osiyodagi yirik savdo markazlaridai biriga aylandi. Birinchi jahon urushi davrida Bagʻdodni Angliya qoʻshinlari bosib oldi (1917-yil mart), 1920-21-yillarda Angliyaning mandatli hududi tarkibida. 1921-58-yillar Iroq qirolligining, 1958-yildan Iroq Respublikasining poytaxti.
Bagʻdod — mamlakatning transportsanoat, savdo-moliya markazi. Bagʻdod, avtomobil va havo yoʻllarining tuguni. Xalqaro ahamiyatga ega aeroport bor. Yirik daryo porti (chetga don. xurmo, jup, teri va boshqa chiqariladi). Mamlakatdagi sanoat korxonalarining (asosan toʻqimachilik, koʻnchilik, tikuvchilik va oziq-ovqat) 25 %i Bagʻdod Metallsozlik, kimyo, sement sanoati, elektrotexnika zavodi bor. Hunarmandchilikda roʻzgʻor asboblari, zargarlik buyumlari, gilam, poyabzal kabi mahsulotlar ishlab chiqariladi. Bagʻdod yaqini (Dora)da neftni qayta ishlovchi yirik zavod bor. Shaharda koʻplab zamonaviy binolar qurilgan. Shaharning chap sohildagi qismida maʼmuriy muassasalar, parlament, xukumat binolari, oʻng sohilida ishlab chiqarish korxonalari va ustaxonalar joylashgan. Dajlaga bir necha yirik koʻprik qurilgan. Meʼmoriy yodgorliklardan Zubayda maqbarasi (XIII asr), Xon Marjon karvonsaroyi (1358 — 59), Abbosiylar saroyi (XII-XIII asrlar), Oltin masjid (XVI asr) va boshqa saqlangan.
Bagʻdodda universitetlar, Fanlar akademiyasi, Nafis sanʼat instituti (1936), yuridik, savdo, tibbiyot, oʻqituvchilar kollejlari, koʻplab muzeylar, jumladan Iroq muzeyi, Arab osori atiqa muzeyi, kutubxonalar bor.
Etimologiyasi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bagʻdod nomining kelib chiqishining bir nechta versiyalari mavjud. „Bagʻdod“ nomi miloddan avvalgi IX asrdagi Ossuriya mixxat yozuvlarida va shoh Navuxadnazar II (miloddan avvalgi VI asr) muhri tushirilgan Bobil gʻishtlarida uchraydi[3].
Bagʻdodning ahamiyati xalifa Abu Jaʼfar al-Mansur tomonidan asos solinganidan beri keskin oshgan. Xalifa shaharga Madinat as-Salom nomini berdi, bu arabcha „tinchlik shahri“ degan maʼnoni anglatadi. Bu rasmiy nom hisoblangan va tangalarda zarb qilingan, shuningdek boshqa rasmiy maqsadlarda ishlatilgan. XI asrga kelib, „Bagʻdod“ nomi butun dunyoga mashhur shaharning yagona nomiga aylandi[4][5].
Bagʻdod nomining kelib chiqishining eng keng tarqalgan varianti bu oʻrta fors tilidan „bag“ — „xudo“ va „dad“ — „berilgan“ soʻzlaridan kelib chiqqan. Bu „Xudoning inʼomi“ yoki „Xudo tomonidan berilgan“ deb tarjima qilinadi[6][7][8][9][10][11]. Buni, oʻz navbatida, qadimgi fors tilida ham uchratish mumkin[12]. Kamroq tarqalgan versiya bu nomni bāgh — „bogʻ“ va dad — „berilgan“ soʻzlarining birikmasi bilan bogʻlaydi[13].
Geografiya va iqlimi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Bagʻdod Iroqning deyarli markazida, Dajla daryosi boʻyida, Diyala daryosining ogʻzidan uncha uzoq boʻlmagan joyda joylashgan. Shahar va uning atrofidagi ob-havo sharoitlariga subtropik va O'rta yer dengizi iqlimi taʼsir qiladi. Yanvar oyida oʻrtacha havo harorati 10 °C, iyulda 34 °C atrofida. Yillik oʻrtacha yogʻin 160 dan 180 mm gacha. Eng koʻp yogʻingarchilik dekabr-yanvar oylariga toʻgʻri keladi. Yoz maydan oktyabrgacha davom etadi: bu vaqtda Bagʻdodda juda issiq, qahraton ob-havo kuzatiladi (iyulda oʻrtacha kunduzgi harorat 43 daraja atrofida), yomgʻir juda kam yogʻadi. Qish dekabrdan martgacha davom etadi. Qishda maksimal havo harorati 18 darajadan oshmaydi. Qor yogʻishi holatlari kuzatilgan (bu oxirgi marta 2008-yilning yanvarida sodir boʻlgan edi)[14]. 2011-yil 21-yanvarda −1 dan −3 °C gacha sovuq ob-havo qayd etilgan. Bu mutlaq minimal qiymatlarga yaqin.
May-iyun oylarida shimoli-gʻarbdan shamol esadi. Bu davrda Bagʻdod va uning atrofida chang va qum boʻronlari — „xamsin“ tez-tez sodir boʻladi.
Oʻsimliklardan asosan taroqli oʻt, xurmo, shoʻr oʻt, qamish, tol uchraydi. Suvda suzuvchi qushlar, xususan, Dajla daryosi qirgʻoqlarida uya quradi (sazan, soʻm baliq va boshqalar). Poytaxt yaqinida mayda kemiruvchilar va kaltakesaklar uchraydi. Shuningdek, koʻplab zararli hasharotlar, ayniqsa bezgak tashuvchi chivinlar bor.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Zamonaviy Iroq poytaxti hududidagi kichik aholi punktlari, arxeologik qazishmalarga koʻra, mil.avv XIX-XVIII asrlarda allaqachon mavjud boʻlgan.
Bagʻdod 762-yil 30-iyulda Dajla daryosining gʻarbiy qirgʻogʻida tashkil etilgan. Shaharning Abbosiylar davlatining poytaxti sifatida qurilishi xalifa Abu Jafar al-Mansurning farmoni bilan boshlangan[15]. Arab xalifaligida hokimiyatni qoʻlga kiritgan abbosiylar poytaxtni Damashqdan sharqqa, oʻz tarafdorlari uchun tayanch boʻlib xizmat qilgan Xurosonga yaqinroq koʻchirishga qaror qildilar. Bundan tashqari, yangi poytaxt VII-VIII asrlarda oʻzining sharqiy chegaralarini sezilarli darajada kengaytirgan xalifalikning geografik markaziga yaqinroq boʻlgan.
IX-X asrlarda Bagʻdod Yaqin Sharq hududlarining yirik madaniy va iqtisodiy markaziga aylandi. Bu yerda hunarmandchilik va boshqa mamlakatlar bilan savdo juda tez va muvaffaqiyatli rivojlandi. Bagʻdodga Arabiston, Hindiston va uzoq Yevropa davlatlaridan turli mahsulotlar va qimmatbaho buyumlar yetib kelardi. IX asr oxirida arab olimi Ibn Xordodbeh tomonidan tuzilgan tarixiy hujjatlarda Bagʻdod va ar-rus (rus) savdogarlari oʻrtasidagi savdo aloqalari qayd etilgan. Abbosiylar davrida (VIII-XIII asrlar) Bagʻdod arab (baʼzi manbalarda Bagʻdod) xalifaligining poytaxti boʻlgan.
Abbosiylar davlati parchalanganidan keyin shaharning siyosiy va maʼmuriy roli sezilarli darajada pasaydi, ammo uning madaniy ahamiyati barcha arab mamlakatlari uchun juda muhimligicha qoldi. Bagʻdod tezda yirik ilmiy markaz maqomini oldi. Bu yerda XIII asr boshlarida 30 dan ortiq kutubxona ochildi. 945-yilda shahar Buyidlar sulolasi mulki tarkibiga kirdi va 1055-yildan Saljuqiylar davlati tarkibiga kirdi.
1258-yilda Xon Hulagu boshchiligidagi moʻgʻul bosqinchilari Bagʻdodga bostirib kirib, shaharni talon-taroj qildilar. Bagʻdod Eron Hulaguid Ilxonligi nazoratiga oʻtdi[16].
1356—1411-yillarda Bagʻdod moʻgʻul Jaloiriylar sulolasining viloyat markazi boʻlgan.
XIV asr oxiri, soʻngra XV asr boshlarida Bogʻdod barlos hukmdori Temurlan tomonidan bosib olinadi, buning natijasida koʻplab shahar binolari vayron boʻladi, qimmatbaho buyumlar talon-taroj qilinadi. 1393-1405-yillarda Bagʻdod Temur imperiyasining bir qismini tashkil etgan.
1411-1469-yillarda Bagʻdod Qoraqo‘yunlular sulolasining viloyat markazi boʻlgan.
1469—1508-yillarda Bagʻdod Oqqoʻyunlular sulolasi davlatining viloyati markazi boʻlgan.
1508—1523-yillarda Bagʻdod Safaviylar sulolasi davlatining viloyat markazi boʻlgan.
1523-1529-yillarda Bagʻdodda kurdlar hukmronlik qilgan.
1529—1534-yillarda Bagʻdod yana Safaviylar davlatining bir viloyati markazi boʻlgan.
1535-yilda turk-fors urushi paytida Bagʻdod Usmonlilar imperiyasiga qoʻshib olindi.
1624-yilda, navbatdagi turk-fors urushi paytida Bagʻdod yana safaviylar nazoratiga oʻtdi, ammo 1638-yilda 40 kunlik qamaldan soʻng u 1917-yilgacha boʻlgan Usmonli imperiyasiga qoʻshildi.
1917-yilda ingliz qoʻshinlari shaharga bostirib kirdi va uning hududini egallab oldi. 1920-yilda inglizlar Iroqda iqtisodiy ustunlikka erishib, Bagʻdodni mandatli hududning maʼmuriy markazi deb eʼlon qildilar va 1921-yilda davlat suverenitetini tan olgach, Bagʻdod Iroq Qirolligining poytaxti boʻldi. 1923-yilda shaharda Iroq muzeyi tashkil etilgan boʻlib, unda asosan yirik arxeologik kolleksiyalar — Qadimgi Bobil va Ossuriya tarixiy va madaniy yodgorliklari, Parfiya podsholigi, Sosoniylar davlati hududida topilgan sanʼat buyumlari va boshqalar joylashgan.
1941-yilda fashistlar va Britaniyaparast kuchlar oʻrtasidagi qarama-qarshilik davrida shaharda qisqa vaqt ichida hokimiyat boʻshligʻi paydo boʻldi. Bunday vaziyatda Farhud nomi bilan mashhur boʻlgan qonli pogrom boʻlib oʻtdi, unda kamida 175 kishi halok boʻldi va koʻplab uylar yoqib yuborildi. Pogrom urushdan soʻng darhol Iroqdan yahudiylarning ommaviy chiqib ketishiga bilvosita sabab boʻldi.
1940—1950-yillarda shaharda bir necha bor imperialistik hukumat siyosatiga qarshi ommaviy norozilik namoyishlari boʻlib oʻtdi, milliy ozodlik harakati avj oldi, unga poytaxtning minglab aholisi qoʻshildi. Eng yirik fuqarolik tartibsizliklari 1948, 1949, 1952 va 1954-yillarda Bagʻdodda boʻlib oʻtgan. 1950-yillarning oʻrtalarida Iroqda roʻy bergan inqilobiy voqealar Hoshimiylar monarxiyasining tugatilishiga va 1958-yil iyulida mustaqil Iroq Respublikasining tashkil topishiga olib keldi, Bagʻdod uning poytaxti deb eʼlon qilindi. 1960-yillarning oxiri va 1970-yillarning boshlarida shaharda neft korxonalaridan tashqari barcha sanoat korxonalari milliylashtirildi. 1980-1990-yillarda Fors koʻrfazidagi harbiy toʻqnashuvlar (avval Iroq va Eron, keyinroq Iroq va Quvayt oʻrtasida) natijasida poytaxtda iqtisodiy faoliyat jiddiylashgan[17].
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ Petersen, Andrew „Baghdad (Madinat al-Salam)“. Islamic Arts & Architecture (2011-yil 13-sentyabr). 2016-yil 16-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2016-yil 23-avgust.
- ↑ Andoza:Cite Web
- ↑ „Baghdad, Iraq“. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 11-yanvar.
- ↑ „ما معنى اسم مدينة بغداد ومن سماه ؟“. Seenjeem.maktoob.com. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 27-aprel.
- ↑ „ما معنى (بغداد)؟ - تمت الإجابة عنه — Google إجابات“. Egabat.google.com. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 27-aprel.
- ↑ „3 civilians wounded in IED attack in Baghdad Iraq“. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 11-yanvar.
- ↑ „Baghdad, Iraq“ (deadlink). 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 11-yanvar.
- ↑ „Persian Gulf Studies Center“. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 11-yanvar.
- ↑ „BAGHDAD i. Before the Mongol Invasion – Encyclopaedia Iranica“. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 11-yanvar.
- ↑ (ingl.)(ingl.)[1] ( at books.google.com Error: unknown archive URL 20150402060319 sanasida arxivlangan) Baghdad name
- ↑ (ingl.)[2] ( at books.google.com Error: unknown archive URL 20150402034855 sanasida arxivlangan) Baghdad name
- ↑ Guy Le Strange, „Baghdad During the Abbasid Caliphate from Contemporary Arabic and Persian“, str. 10
- ↑ (ar.)„ما معنى (بغداد)؟ - تمت الإجابة عنه - Google إجابات“. Egabat.google.com. 2013-yil 14-yanvarda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 27-aprel.
- ↑ „Lenta.ru: Из жизни: В Багдаде впервые за 100 лет выпал снег“. 2008-yil 14-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2010-yil 29-yanvar.
- ↑ „Искусство Аравии, Сирии, Палестины и Ирака в Средние века | Istoriya arxitekturi“. totalarch.ru. 2020-yil 4-fevralda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 4-fevral.
- ↑ Oboronoy Bagdada rukovodil Suleyman-shax, glava oguzskogo plemeni Ивэ. Sm.: V. Minorsky Studies in Caucasian history. — London, 1953.
- ↑ „В это место ни ногой. Назван худший в мире город для проживания“ (ru). Life.ru (2019-yil 13-mart). Qaraldi: 2019-yil 13-mart.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |
Bu andozani aniqrogʻiga almashtirish kerak. |