Amir Temurning Hindistonga harbiy yurishi
Amir Temurning Hindistonga harbiy yurishi | |||||||
---|---|---|---|---|---|---|---|
Amir Temur qoʻshini Sulton Mahmudxon qoʻshinini magʻlubiyatga uchratmoqda (Akbar kutubxonasidan, 1595—1600-yillar) | |||||||
| |||||||
Qoʻmondonlar | |||||||
Amir Temur | Sulton Nosiriddin Mahmudxon | ||||||
Kuchlar | |||||||
Temuriylar saltanati | Dehli sultonligi |
Amir Temurning Hindistonga harbiy yurishi — 1398—1399-yillarda Amir Temur tomonidan Hindistonga qilingan harbiy yurish. Oʻsha davrda Hindistonda islom diniga eʼtiqod qiladiigan davlat Dehli sultonligi mavjud boʻlgan boʻlsada, harbiy yurishning asosiy maqsadi gʻazavot hisoblangan.
Tarixi
[tahrir | manbasini tahrirlash]Harbiy yurish 1398-yil aprel oyida boshlanadi. Pirmuhammad Mirzo qoʻshini (taxminan 30 ming otliq) Sulaymon togʻlari orqali Moʻltonga kelib, uni 6 oy davomida qamal qiladi. Amir Temur qoʻshinlari Termiz orqali Samangan tomon harakatlana boshladilar. Bagʻlon viloyatidagi Hindukush togʻlaridan oʻtgan Amir Temur qoʻshini eski Kofiriston (hozirgi Nuriston) aholisi bilan bir necha oy jang qiladi[1]. 1398-yil avgust oyida Amir Temur Andarob orqali Kobulga keladi va shu yerda boshqa davlatlarning elchilarini qabul qiladi. Avgust oyining oʻrtasida Shohrux Mirzoni Hirotga va Mirzo Ulugʻbek bilan Saroymulkxonimni Samarqandga qaytarib, oʻzi 2-avgust kuni Kobuldan chiqib, Hindiston sari yoʻl oladi[1]. Sentabr oyida Amir Temur qoʻshini Hind daryosini kesib oʻtadi va 6-oktabrda Chenab daryosining Jhelum daryosi bilan qoʻshilish nuqtasiga yetib keladi. Soʻngra oktabr oyida qoʻshin Ravi va Beas daryolarini kechib oʻtadi. Shundan soʻng Amir Temur va uning nabirasi Pirmuhammad Mirzo qoʻshinlari yagona qoʻshinga birlashadilar (daryodan kechib oʻtish paytida Pirmuhammad Mirzo qoʻshini koʻplab otlaridan ayriladi)[1]. Oktabr oyi oxirida qoʻshin Sahivalni, noyabr oyi oʻrtalarida Sirsani, kuzning oxirida esa Kaithalni bosib oladi. Dekabr oyida gabrlar va moniylik diniga eʼtiqod qiluvchilar yashaydigan Panipat shahrini egallab oladilar. Soʻngra Dehli yaqinida Amir Temur qoʻshini 30 ming kishilik qoʻshin toʻplagan Dehli sultonligining lashkarboshisi Malluxonning qarshiligiga duch kelishadi[2].
1398-yil 10-dekabrda Malluxon qo‘mondonligidagi qo‘shin jangda mag‘lubiyatga uchraydi[2]. Oradan bir hafta oʻtgach, 1398-yil 17-dekabrda Dehlidan taxminan 100 km shimolida joylashgan Panipat yalangligida Amir Temur qoʻshini (92 ming kishi) bilan Dehli sultoni Sulton Mahmudxon qoʻshini (10 ming otliq, 20 ming piyoda askar va 120 jangovar fil) oʻrtasida sodir boʻlgan shiddatli jang yuz beradi. Qoʻshin safi oldida harakatlanuvchi fillarning hartumlari bir-biriga bogʻlangan, fillar ustiga kajavalar oʻrnatilgan, ularda bir necha oʻqchilar joylashtirilgan. Fillar qatori yonidan toʻp otuvchilar — raʼdandozlar oʻrin olgan. Qoʻshinlar oʻzaro yaqinlashgan chogʻda Amir Temur oʻz qarorgohi Baholi doʻngligidan atrofni kuzata boshlaydi. Jang doʻmbira va nogʻoralar ovozi, karnay-surnay sadosi ostida boshlanadi. Amir Temur askarlari fillarga nayza sanchadi, kajavada joylashgan merganlarni oʻqqa tutadi. Yarador boʻlgan fillar filbonlarni uloqtirib, orqaga qochgan, bu bilan hind qoʻshiniga katta talafot yetkazgan[3]. Biroq, shunga qaramay sulton qoʻshini qarshilik koʻrsatishni davom ettirgan. Amir Temur qoʻshini sulton askarlarini qurshovga olib, fillarni oʻlja qilgan. Sulton Mahmudxon ozgina otliq guruhi bilan jang maydonini tark etib, lashkarboshisi Malluxon bilan Dehliga yashiringan, kechasi esa ular shahardan qochishgan[4]. 18-dekabr Dehlining buzurglari, sayyidlari, qozilari, aʼyonlari kelib Amir Temurdan shahar aholisi uchun omonlik tilaganlar[5].
Biroq yurish shu bilan tugamaydi. 1399-yil 7-yanvarda Amir Temur gabrlar yashaydigan Meerut shahrini egallab oladi. Sharqqa qarab yurishni davom ettrigan Amir Temur qoʻshini Gang daryosiga yetib keladi va uning qirgʻogʻida gabrlarni yoʻq qiladi. Fevral oyida Amir Temur qoʻshini Jamna daryosidan kechib oʻtadi.
Amir Temurning Dehliga qilgan harbiy yurishida taxminan 100 mingdan 200 minggacha odam halok boʻlgan[6][7]. Harbiy yurishdan soʻng Amir Temur Samarqandga katta boylik va mohir humarmandlar bilan qaytib keladi[8].
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ 1,0 1,1 1,2 Jumaboy Rahimov Adolat va qudrat timsoli 2017, s. 231
- ↑ 2,0 2,1 Jumaboy Rahimov Adolat va qudrat timsoli 2017, s. 232
- ↑ Jumaboy Rahimov Adolat va qudrat timsoli 2017, s. 234
- ↑ Jumaboy Rahimov Adolat va qudrat timsoli 2017, s. 236
- ↑ Jumaboy Rahimov Adolat va qudrat timsoli 2017, s. 237
- ↑ Lionel Trotter. „History of India: From the Earliest Times to the Present Day“ (ingliz tilida) 74-bet. Society for Promoting Christian Knowledge (1906). 2022-yil 14-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 14-sentyabr.
- ↑ Annemarie Schimmel. „Islam in the Indian Subcontinent“ (ingliz tilida) 36—37-betlar. Brill Academic (1997). 2022-yil 14-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 14-sentyabr.
- ↑ Vincent A Smith. „The Oxford History of India: From the Earliest Times to the End of 1911“ (ingliz tilida) 248—254-betlar. Clarendon Press (1920). 2022-yil 14-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2022-yil 14-sentyabr.
Adabiyotlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Jumaboy Rahimov. Adolat va qudrat timsoli. Toshkent: „Oʻqituvchi“ nashriyot-matbaa ijodiy uyi, 2017 — 384-bet.