Mavritaniya (Mauritanis), Mavritaniya Islom Respublikasi (Al-Jumhuriya al-Islomiya al-Mavritaniya, République Islamique Mauritanie) — Afrikaning shimoli-gʻarbidagi davlat. Maydoni 1031 ming km². Aholisi 4,3 mln. kishi (2022). Poytaxti — Nuakshot shahri Maʼmuriy jihatdan 12 viloyat (region) ga boʻlinadi, poytaxti — Nuakshot shahri muxtor okrug (district) sifatida ajratilgan.

Mavritaniya Respublikasi
الجمهورية الإسلامية الموريتانية
Al-Ǧumhūriyyah al-Islāmiyyah al-Mūrītāniyyah
République Islamique de Mauritanie
Shiorشرف إخاء عدل
Arabcha: Faxr, Qarindoshlik, Adolat
Madhiya: نشيد وطني موريتاني
Arabcha: Mavritaniya Davlat Madhiyasi
Location of Mavritaniya
Poytaxt Nuakshot
Rasmiy til(lar) Arab tili
Hukumat Harbiy To`ntarish
Polkovnik Eli Uld Mohamed Vall
Sidi Mohamed Ould Boubacar
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
28-noyabr 1960
Maydon
• Butun
1,030,700 km2 (29-oʻrin)
• Suv (%)
0.03
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
3,086,859 (131-oʻrin)
• Zichlik 2/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$6,198 mil. (150-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$2,008
Pul birligi Ouguiya (MRO)
Vaqt mintaqasi UTC 0
• Yoz (DST)
UTC 0
Qisqartma MR
Telefon prefiksi 222
Internet domeni .mr

Davlat tuzumi

tahrir

Mavritaniya — respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yilda qabul qilingan. Davlat boshligʻi — prezident (1992-yildan polkovnik Maauyya uld Sidi Ahmad Tayya). U umumiy toʻgʻri ovoz berish yoʻli bilan 6 yil muddatga saylanadi va bir necha marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyat — 2 palatali parlament (Milliy assambleya va Senat). Ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi, bosh vazirni prezident tayinlaydi.

Tabiati

tahrir

Mavritaniyaning koʻp qismi Gʻarbiy Sahroi Kabirning qumli va toshloq choʻllari, Atlantika okeaniga tutash sohili pasttekislik. Yer yuzasida pasttekisliklar va uncha baland boʻlmagan platolar koʻp. Mamlakat hududi tokembriy jinslaridan tarkib topgan qad. AfrikaArabiston platformasiga mansub. Mis, temir rudalari, shuningdek, toshtuz, gips, fosforit konlari bor. Iqlimi tropik choʻl iqlimi. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 16—20°, iyulniki 30—32°. Eng yuqori temperatura 40—45°. Sharqdan tez-tez issiq shamol esib turadi. Yillik yogʻin 50–100 mm. Mavritaniyada Senegaldan boshqa oqar daryolari yoʻq. Ekinlarni sugʻorishda daryo, yer osti va buloq suvlaridan foydalaniladi. Choʻllarda butalar, akatsiya va boshqa oʻsadi. Mavritaniyada sudralib yuruvchilar, kemiruvchilar koʻp; chiyaboʻri, fenek tulkisi, gʻizol, kiyik va boshqa bor. Qirgʻoq suvlari ovlanadigan baliklarga boy. Bandargon milliy bogʻi mavjud.

Aholisi

tahrir

Mavritaniya tub aholisining 80% dan koʻprogʻini mavrlar tashkil etadi. Ular arab tilining hasaniyya shevasida soʻzlashadi, shuningdek, barbarzenagalar, fulbe, volof, tukuler, soninke va boshqa xalqlar yashaydi. Rasmiy til — arab tili. Rasmiy din — islom. Aholining 39% shaharlarda yashaydi. Yirik shaharlari — Nuakshot, Nuadibu, Zuerat, Kaedi.

Tarixi

tahrir

Mavritaniyaning qad. va oʻrta asrlar tarixi kam oʻrganilgan. 4—11-asrlarda Mavritaniyaning janubiy qismi Gʻarbiy Afrika (Gana va boshqalar) davlatlari tarkibida boʻlgan. 13—14-asrlarda Mavritaniyaning janubiy qismi Mali davlatiga qoʻshilgandan keyin arablar hukmronligi kuchaydi.

15-asrdan Mavritaniyaga portugallar, ispanlar, gollandlar, inglizlar, fransuzlar kelib, qul, oltin, sirach olib keta boshladi. 1783-yilgi Versal sulhiga koʻra, Mavritaniya sohillari tamoman Fransiyaga tobe boʻlib qoldi. 1903-yilda Fransiya Mavritaniyani oʻz protektoratiga aylantirdi. 1920-yil mamlakat rasmiy ravishda Fransiya mustamlakasi deb eʼlon kdlindi. Mavritaniya xalqi mustamlakachilarga karshi muntazam kurashib keldi.

Ikkinchi jahon urushidan keyin Mavritaniyada ozodlik harakati kuchaydi. 1946-yildan Mavritaniya Fransiyaning "dengiz ortidagi hududi". 1958-yildan Fransiya hamjamiyati tarkibida oʻzini oʻzi boshqaruvchi respublika. 1960-yil 28-noyabr da Nuakshotda mustaqil Mavritaniya Islom Respublikasi tuzilganligi eʼlon qilindi. 1961-yil mayda Mavritaniya konstitutsiyasi qabul qilindi. 1991-yildan mamlakatda koʻp partiyali tizimga oʻtiddi. Mavritaniya tashqi siyosatda bloklarga qoʻshilmaslik, barcha mamlakatlar bilan hamkorlik tamoyiliga sodiq. Mavritaniya 1961-yil noyabrdan BMT aʼzosi. Milliy bayrami — 28-noyabr — Mustaqillik kuni (1960).

Siyosiy partiyalari va kasaba uyushmalari

tahrir

Respublikachilar sotsialdemokratik partiyasi, 1991-yilda tuzilgan; Demokratiya va birlik yoʻlidagi birlashma, 1991-yilda tashkil topgan; Mavritaniya uygʻonish partiyasi, 1991-yilda asos solingan. Mavritaniya mehnatkashlari ittifoqi — birlashgan umummilliy kasaba markazi, 1961-yilda tuzilgan, Xalqaro erkin kasaba uyushmalari konfederatsiyasiga kiradi.

Iqtisodiyoti

tahrir

Mavritaniya — agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi (baliqchilik bilan birga) ulushi 30%, sanoat ulushi 19,2%. Ishlab chiqaruvchi kuchlar zaif rivojlangan. Mustaqillikka erishilgach, hukumat qishloq xoʻjaligi va baliqchilikni jadal rivojlantirish, xorijiy sarmoya qoʻyishni ragʻbatlantirish tadbirlarini koʻrdi. Konchilik sanoati rivoj topgan. Qayta ishlash sanoati oziq-ovqat (baliq va goʻshtni qayta ishlash, qandshakar va konserva ishlab chiqarish), kimyo, neft mahsulotlari, koʻnchilik, tikuvchilik, gilamdoʻzlik tarmoqlaridan iborat. Dengiz suvini chuchuklashtirish kurilmasi oʻrnatilgan. Yiliga 140 mln. kVt/soat elektr energiya qosil qilinadi. Anʼanaviy hunarmandchilikni rivojlantirish ragʻbatlantiriladi. Sanoat korxonalarining aksariyati Nuakshot shahrida joylashgan. Koʻpchilik aholi band boʻlgan qishloq xoʻjaligi zaif. Uning asosiy tarmogʻi — koʻchmanchi va yarim koʻchmanchi chorvachilik. Qoramol, tuya, qoʻy, echki, eshak, ot boqiladi. Baliq va dengiz jonivorlari ovlanadi. Senegal daryosi boʻyida va vohalardagina dehqonchilik qilinadi. Hududining 2/5 qismi yaylov. Asosiy oziq-ovqat ekinlari: tariq, oq joʻxori, makkajoʻxori, batat, dukkaklilar, sholi, yer yongʻoq, xurmo va boshqa Akatsiya daraxtining muayyan turlaridan ajralib chiqadigan yopishqoq modda — gummiarabik (arab yelimi) eksport ahamiyatiga ega. Tez-tez boʻlib turadigan qurgʻ-oqchilik qishloq xoʻjaligiga katta zarar yetkazadi. Temir yoʻllari uzunligi —0,7 ming, avtomobil yoʻllari uzunligi —8 ming km dan ortiq. Asosiy dengiz portlari va xalqaro aeroportlari — Nuakshot va Nuadibu. Senegal daryosining quyi oqimida kema qatnaydi. Mavritaniyadan chetga temir rudasi, oltin, gips, baliq va baliq mahsulotlari, chorva, teri va boshqa chiqariladi. Mavritaniyaga chetdan sanoat mollari, neft mahsulotlari, mashina va uskunalar, oziq-ovqat keltiriladi. Tashqi savdoda Fransiya, Italiya, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Germaniya, AQSH, XXR bilan hamkorlik qiladi. Pul birligi — ugiya.

Maorifi, ilmiy va madaniy-maʼrifiy muassasalari

tahrir

Boshlangich taʼlim majburiy hisoblanadi, biroq bolalarning oz qismi maktabga qatnaydi. Mavritaniyada 1214 boshlangʻich va 51 oʻrta maktab bor. Oʻqish muddati: boshlangʻich maktabda 6 yil, oʻrta maktabda ham 6 yil Boshlangʻich maktablarda darc arab tilida, oʻrta va oliy maktablarda fransuz tilida olib boriladi; boshlangʻich maktablarda fransuz tili ham oʻrgatiladi. Oliy oʻquv yurtlari: Nuakshotda universitet (1983), Pedagogika instituti (1971), Oliy maʼmuriy maktab. Butilimit shahrida Oliy islom tadqiqot instituti (1961) bor. Yoshlarning aksariyati Fransiya, Senegal va boshqa mamlakatlarning untlariga borib oʻqiydi. Mavritaniyada konchilik sanoati ilmiy tadqiqot markazi, sabzavotchilik ilmiy tadqiqot instituti, bir necha qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi, Pedagogika hujjatlashtirish markazi (1962) bor. Nuakshotda Milliy kutubxona (1961), Milliy arxiv (kutubxonasi bilan, 1955) va Markaziy ommaviy kutubxona mavjud.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

tahrir

Mavritaniya da chiqadigan asosiy nashrlar: "Ash-shaab" ("Xalq", 1975-yildan, arab va fransuz tillarida chiqadigan kundalik hukumat gaz.), "Pyopl" ("Xalq", fransuz va arab tillarida yiliga 6-marta chiqadigan gaz.), "Jurnal ofisyel" ("Rasmiy gaz.", fransuz tilida haftasiga 2-marta chiqadigan hukumat xabarnomasi). Mavritaniya radioeshittirish va telekoʻrsatuv xizmatiga 1958-yilda asos solingan; arab, fransuz va mahalliy tillarda eshittirish va koʻrsatuvlar olib boradi. Mavritaniya axborot agentligi 1975-yilda tuzilgan boʻlib, 1990-yilgacha Mavritaniya matbuot agentligi deb atalgan; u hukumat nazoratida.

Adabiyoti mumtoz arab tilida, arab tilining hasaniyya shevasida va barbar tilida. Arablar kelishidan avval barbar qabilalarining xalq ogʻzaki ijodiyoti mavjud boʻlgan va u rivojlanib kelayotir. Mumtoz arab tilida dastlabki diniy va tarixiy mazmundagi asarlar 11-asrdan maʼlum. Hasaniyya shevasida qaxramonlik dostonlari va musiqiy sheʼrlar yaratilgan. 16-asrda mumtoz arab tilida dunyoviy sheʼriyat vujudga keldi. 17— 18-asrlarda U.Razga, Bu Fumuayn, Mavritaniya al-Yadali, 19-asrda U at-Telba, U. Muhamdi, U. ash-shayx Sidiya kabi atoqli shoirlar ijod qildi. Zamonaviy shoirlar orasida Al-Muxtor al-hamid, Xatri ibn-Xatri, Ualla Abnilar bor. Bakken sheʼrlari mahalliy shevada va mumtoz shaklda yozilgan.

Meʼmorligi, tasviriy va amaliy sanʼati

tahrir

Mamlakat janubida neolit davriga mansub oʻnlab istehkomli manzilgohlar (tepaliklarda tosh devor bilan oʻralgan tosh uylar) topilgan. Barbarlarning eni 15 m gacha, balandligi 2 m li "shusha" deb atalgan doirasimon kabristonlari miloddan avvalgi 1ming yillikka oid deb hisoblanadi. Milodiy 7—11-asrlarda savdo yoʻllarida, quduqlar atrofida bogʻlar, tosh uylar va mayejidlar paydo boʻlib, barbar manzilgohlari hosil boʻlgan va ular asta-sekin shaharlarga aylanib borgan. 11 —12-asrlardan Mavritaniya hududida toʻgʻri burchakli, yassi tomli, ichki hovlili uylar, chorsi minorali masjidlar qurilgan. Gʻarbda imoratlar gʻishtdan gul solib qurilsa, sharqda binolar sirti suvaladi, kiraverishi qizil-oq rangda naqshlanadi. 20-asrda Nuakshot, Nuadibu shaharlarida yevropacha imoratlar barpo etildi, ayrim shaharlar oʻrta asr qiyofasida qolgan. Neolit davriga oid sanʼat asarlari (qoya toshlarga oʻyib chizilgan rasmlar, "shusha"lar) saqlangan. Oʻrta asrlarda Mavritaniya hududida arab barbarlarning madaniyati rivoj topgan. Amaliy bezak sanʼatining har xil turlari (metall, sopol, charm, yogʻoch va boshqalardan buyumlar yasash) mavritan sanʼatining oʻziga xos uslubida rivojlangan. Zargarlik va kulolchilik ravnaq topgan.

Musiqasi

tahrir

Mavritaniya musiqa madaniyati mavrlar, barbarzenagalar va negroid xalqlarining turli anʼanalarini oʻz ichiga oladi. Griotlar sanʼati anʼanaviy mavritan musiqasining eng yorqin va rivojlangan qatlamidir. Ularning cholgʻu asboblari orasida 4 torli udni eslatuvchi tidinit, 12—14 torli arfaga oʻxshash qovoq poʻstlogʻidan yasalgan ardin ajralib turadi. Bayram va diniy marosimlarda zamzayya (surnay) va neffar (nay) joʻrligida koʻpchilik boʻlib aytiladigan qoʻshiqlar yangraydi. Bundan tashqari, 1 torli ud va rubobda kuylar ijro etiladi. Keyingi yillarda yevropacha zamonaviy kuylar, ayniqsa, estrada sanʼati urf boʻldi.

Kinosi

tahrir

Mustaqillikka erishilgunga qadar Mavritaniyaning oʻz kino sanʼati yoʻq edi. 1967—68 yillarda mahalliy rejissyor Med Xondo dastlabki qisqa metrajli filmlarini suratga oldi. 1971 va 1974-yilda uning "O quyoshi" hamda "Qoʻshningiz, negritoslar" filmlari va 1980-yilda "Vest-Indiya" filmi ekranga chiqdi. Xondo ijodi boshqa mavritan rejissyorlari va aktyorlari taqdiriga katta taʼsir oʻtkazdi. Jumladan, kinorej. va aktyor Sidney Sokxonaning "Alloh yetimlari", "Millati — muhojir", "Safrana yoki Gapirish huquqi" filmlari muhojirlik muammosiga bagʻishlangan. Mavritaniya tabiati, anʼanalari va musiqiy madaniyatiga bagʻishlangan rangli hujjatli filmlar ham suratga olingan.[1]

Manbalar

tahrir
  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil