Friedrich Engels
Fridrix Engels (nemischa: Friedrich Engels; 1820-yil 28-noyabr, Barmen, Yulix-Kleve-Berg, Prussiya qirolligi — 1895-yil 5-avgust, London, Birlashgan Qirollik) — olmon mutafakkiri va jamoat arbobi, marksizm asoschilaridan biri. Fabrikant oilasida tugʻilgan. 1841—1842-yillarda Berlinda harbiy xizmatni oʻtash davrida universitetga kelib maʼruzalar tinglab turdi. 1842-yil Manchester (Buyuk Britaniya) shahriga koʻchib kelib fabrika idorasida ishladi; „Reyn gazetasi“da hamkorlik qildi. Parijda 1844-yil Karl Marks bilan boʻlgan uchrashuv ularning doʻstligiga asos soldi. Engels „Kommunistlar ittifoqi“ni tashkil etishda (1847) va uning faoliyatida ishtirok qildi. Marks bilan birga ittifoq dasturi — „Kommunistik partiya manifesti“ni yozdi (1848). 1848-yil iyun — 1849-yil mayida Kyolnda Marks bilan birgalikda „Yangi Reyn gazetasi“ni nashr etdi, 1849-yil Janubiy Gʻarbiy Germaniyada qurolli qoʻzgʻolonda qatnashdi. 1849-yil noyabrda Londonga koʻchib keldi, 1850-yil noyabrda esa Manchesterga kelib, savdo idorasida ishlay boshladi. 1870-yildan Londonda yashadi; Marksga doimiy moddiy yordam berib turdi. U bilan birga Birinchi internatsional faoliyatiga rahbarlik qildi. Marks vafotidan keyin Engels Yevropa sotsialistlarining maslahatchisi va rahbari boʻldi. Asosiy asarlari: „Angliyada ishchilar sinfining ahvoli“ (1845), „Muqaddas oila“ (1845), „Nemis mafkurasi“ (1845–46) (keyingi ikkalasi Karl Marks bilan birgalikda yozilgan), „Germaniyada dehqonlar urushi“ (1850), „Germaniyada inqilob va aksilinqilob“ (1851–52), „Anti-Dühring“ (1878), „Oila, xususiy mulk va davlatning kelib chiqishi“ (1884), „Lyudvig Feyerbax va nemis klassik falsafasining oxiri“ (1886), „Tabiat dialektikasi“ (1873–82; 1925-yil bosilib chiqqan), „Fransiya va Germaniyada dehqonlar masalasi“ (1894). Engels Marks bilan birgalikda yaratgan taʼlimot tarixiy taraqqiyotga, hayotning obyektiv qonuniyatlariga zid edi. Bu taʼlimot 20-asrda dunyoning katta qismida muayyan sinf mafkurasiga aylantirilib, jamiyatning barcha aʼzolarini unga boʻysundirishga harakat qilindi. Bunday taʼlimot amal qilgan ijtimoiy tuzumda mulkka egalik, shaxs erkinligi, inson huquklari poymol etilishi natijasida oʻta salbiy ijtimoiy jarayonlar sodir boʻldi.
Friedrich Engels | |
---|---|
Engels (1879) | |
Tavalludi |
28-noyabr 1820-yil[1] |
Vafoti |
5-avgust 1895-yil (74 yoshda) London, Angliya |
Fuqaroligi | Prussiya qirolligi va Birlashgan Qirollik |
Mashhur ishlari | „Angliyada ishchilar sinfining ahvoli“, „Anti-Dühring“, „Nemis mafkurasi“ |
Turmush oʻrtogʻi |
Lizzie Burns (turm. 1878; vaf. 1878) |
Otasi | Friedrich Engels |
Onasi | Elisabeth Franziska Mauritia van Haar |
Imzosi | |
Manbalar
tahrir- ↑ Friedrich Engels // Encyclopædia Britannica (inglizcha)
Havolalar
tahrir- Marx va Engels. Tanlangan asarlari. Moskva: Progress Publishers, 1973.
- Marx va Engels. Tanlangan asarlari. Moskva: Progress Publishers, 1973.
- Marx va Engels. Tanlangan asarlari. Moskva: Progress Publishers, 1973.
- Marx va Engels. Selected Correspondence, third revised, Moskva: Progress Publishers, 1982.
Ushbu maqolada Oʻzbekiston milliy ensiklopediyasi (2000-2005) maʼlumotlaridan foydalanilgan. |