Kontent qismiga oʻtish

Gvineya

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Gvineya Respublikasi
ShiorTravail, Justice, Solidarité
(Fransuzcha: Work, Justice, Solidarity)
Madhiya: Liberté
(Freedom)
Location of Gvineya
Poytaxt Konakri
Rasmiy til(lar) Fransuz tili
Hukumat Prezidentlik Respublika
• Prezident
Lansana konte
Cellou Dalein Diallo
Mustaqillik (Fransiyadan)
• Sana
2-oktabr 1958
Maydon
• Butun
245,857 km2 (77-oʻrin)
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
9,467,866 (82-oʻrin)
• Zichlik 38/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$20,780 mil. (111-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$2,195
Pul birligi Guinea Franc (GNF)
Qisqartma GV
Telefon prefiksi 224
Internet domeni .gn

Gvineya (Guinee), Gvineya Respublikasi (République de Guinée) — Gʻarbiy Afrikadagi davlat. BMT aʼzosi. Maydoni 246 ming km2. Aholisi 7,4 mln. kishi (1990-yillar oxiri). Poytaxti Konakri shahri. Maʼmuriy jihatdan 8 viloyat (provinsiya)ga, viloyatlar 35 prefekturaga boʻlinadi.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gvineya— respublika. Amaldagi konstitutsiyasi 1991-yil 23 dekabrda kuchga kirgan. Davlat va hukumat boshligʻi — prezident (L. Konte; 1998-yil qayta saylangan). U umumiy yashirin ovoz berish yoʻli bilan 5 yil muddatga saylanadi va yana bir marta qayta saylanishi mumkin. Qonun chiqaruvchi hokimiyatni Millat majlisi (bir palatali parlament), ijroiya hokimiyatni prezident boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Gvineya hududi subekvatorial mintaqada. Qirgʻoqlari parchalangan. Relyefi, asosan, oʻrtacha baland (800–1000 m) va past togʻlar, yassi platolardan (300–400 m) iborat. Eng baland joyi — Nimba togʻi, 1752 m. Okean sohili tor pasttekislik. Foydali qazilmalardan boksit, temir, olmos, oltin va b. bor. Iqlimi ekvatorial-musson, issiq, yozi sernam. Eng issiq oyning (mart yoki aprel) oʻrtacha haroati 27—30°, eng baland joylarida 23° gacha, eng salqin oyniki (avgust) 24—26°, balandliklarda 18° gacha. Oʻrtacha yillik yogʻin 1200–4000 mm. Yomgʻirli mavsum mamlakat shimolida 5 oy, janubida 7—10 oy. Daryolari koʻp va sersuv. Asosiy daryolari: Gambiya, Bafing, Niger va Konkure. Gvineya hududi qizil, qizil-sariq tuproqli. Eng koʻp oʻsimligi — savanna. Sohilda mangra oʻrmonlari bor. Gvineyada tartibsiz ovlash natijasida fil, gippopotam, kiyik, yovvoyi choʻchqa, qoplon, gepard kabi hayvonlar kam qolgan. Maymun, ilon, har xil qush, baliq, hasharotlar (jumladan, setse pashsha) juda koʻp.

Gvineyada fulbe, malinke, susu va boshqa xalqlar yashaydi. Davlat tili — fransuz tili. Aholining 89% musulmon, 1,5% xristian, qolgani mahalliy dinlarda. Shahar aholisi 25,6%. Yirik shaharlari: Konakri, Kindia.

Hoz. hududining bir qismi Gana (taxminan 4—13-asrlar) va Mali (taxminan 13—16 a lar) kabi oʻrta asr davlatlari tarkibiga kirgan. 1725-yilda Gʻarbiy Afrikaning shimolidan kirib kelgan koʻchmanchi chorvador fulbe qabilasi Futa-Jallonda harbiy feodal davlat tuzgan. 15-asr oʻrtalarida Gvineyada dastlabki yevropaliklar paydo boʻlgan. Koʻp oʻtmay uning qirgʻoq boʻyi yerlari mustamlakachilar qoʻl ostiga oʻtgach, ular 19-asrgacha minglab mahalliy aholini qul qilib Amerikaga olib borib sotgan.

19-asrda fransuzlar Gvineyani tobe etish uchun keskin kurash olib bordi. Fransiya bu kurashda gʻalaba qozondi va 1880-90-yillarda uni bosib oldi. 1895-yil Fransiya Gvineyasi nomi bilan alohida mustamlakaga aylantirildi. Gvineya xalqi mustamlakachilarga qarshi uzoq vaqt kurashib keldi. 19-asrning 70-90-yillarida malinke xalqining kurashini, Futa-Jallondagi qoʻzgʻolonlarni (1900) fransuzlar qiyinchilik bilan bostirdi. 1904-yilda Gvineya Fransiya Gʻarbiy Afrikasi tarkibiga qoʻshib olindi. Hukumatni fransuz gubernatori boshqardi. Birinchi jahon urushidan soʻng yevropaliklarning banan, ananas, qahva plantatsiyalari paydo boʻla boshladi. Keyinchalik sanoat korxonalari (asosan konchilik sanoati) vujudga keldi. Ikkinchi jahon urushidan soʻng Gvineyada milliy ozodlik harakati avj olib ketdi. 1945-1946-yillarda mamlakatda siyosiy partiyalar, toʻgaraklar tuzildi. Afrika Demokratik Birlashmasining seksiyasi sifatida 1947-yilda tashkil topgan Gvineya Demokratik partiyasi mustamlakachilikka qarshi boʻlgan barcha kuchlarni birlashtirish vazifasini oʻz zimmasiga oldi. 1958-yil 2 oktyabr referendumiga muvofiq Gvineya mustaqil respublika deb eʼlon qilindi. 1978-yildan 1984-yilgacha Xalq Revolyutsion Respublikasi deb ataldi. 1984-yil aprelda Gvineya Respublikasi nomini oldi. Gvineya 1958-yildan BMT aʼzosi. Oʻzbekiston Respublikasi bilan diplomatik munosabatlarni 1993-yil 24-iyunda oʻrnatgan. Milliy bayrami — 2 oktyabr - Mustaqillik kuni (1958).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmasi. Gvineya xalqi birlashmasi (1992-yilda tuzilgan), Birlik va taraqqiyot partiyasi (1992-yilda tuzilgan), Taraqqiyot va yangilanish uchun ittifoq partiyasi (1998-yilda tuzilgan). Gvineya mehnatkashlari konfederatsiyasi (1984-yil tuzilgan) mamlakatning yagona kasaba uyushmasi markazidir.

Gvineya— kon sanoati nisbatan rivojlangan agrar mamlakat. Yalpi ichki mahsulotda qishloq xoʻjaligi ulushi 28%, sanoat ulushi 27,5% (jumladan, kon sanoati ulushi 23,9%)ni tashkil etadi. Mustaqillikka erishgach, Gvineya milliy iqtisodiyoti ancha tez oʻsa boshladi. Ajnabiylarga qarashli kompaniyalar, banklar, elektr stansiyalar, bir qancha korxonalar davlat ixtiyoriga olindi .

Qishloq xoʻjaligi — Gvineya iqtisodiyotining negizi. Mehnatga qobiliyatli aholining 74% qishloq xoʻjaligida band. Asosiy qishloq xoʻjaligi ekinlari — qahva, banan, ananas, sholi; shuningdek oq joʻxori, makkajoʻxori, tariq, maniok, batat, yer yongʻoq va boshqa ekinlar ham ekiladi. Eng muhim texnika ekini — yogʻli palma. Chorvachilik — qishloq xoʻjaligida qoloq tarmoq; qoramol, qoʻy va echki boqiladi, baliq ovlanadi. Elektr energiyaning koʻpini GESlar beradi. Yiliga 521 mln. kVtsoat elektr energiya hosil qilinadi. Gvineyada gugurt-tamaki va toʻqimachilik kombinatlari, gʻisht, mebel, avtomobil va velosiped yigʻish, konserva, yogʻ, sabzavot-meva konservalash, yogʻoch tilish zavodlari bor. T. i. uz.—662 km, avtomobil yoʻllari uzunligi—28,4 ming km. Muhim avtomagistrali Konakri, Kindia, Kankan, Beyla, Nzerekore shaharlari orqali oʻtadi. Yirik dengiz portlari: Konakri, Kamsar. Mamlakat ichkarisida yuklarning koʻpi Milo daryosida tashiladi. Gvineya chetga alyuminiy oksidi, qahva, banan, olmos, oltin, boksit, palma yogʻi, ananas, temir ruda chiqaradi. Chetdan asbob-uskuna, qishloq xoʻjaligi mashinalari, avtomobil, neft mahsulotlari, metall buyumlar, oziq-ovqat va b. oladi. AQSH, Fransiya, Germaniya, Ispaniya, Kamerun bilan savdo qiladi. Pul birligi — Gvineya franki .

Tibbiy xizmati, maorifi, ilmiy muassasalari. Gvineyada aholini emlash va kambagʻallarga tibbiy xizmat — bepul. Shifokorlar Konakri politexnika institutining tibbiyot fakultetida va chet ellarda tayyorlanadi. Mustaqillik eʼlon qilingan paytda katta yoshli aholining 90% savodsiz, oliy oʻquv yurtlari yoʻq edi. 1968-yilda savodsizlikni tugatish milliy boshqarmasi tuzildi, boshlangʻich maktabda milliy tillar oʻqitila boshladi. 7 yoshdan boshlab bolalar uchun 6 yillik majburiy boshlangʻich taʼlim joriy etildi. Oʻrta maktab 6 yillik. Hunar-texnika taʼlimi malakali ishchilar tayyorlaydi. Oliy oʻquv yurtlari: Konakri politexnika instituti. Kankan politexnika instituti, Fulayya qishloq xoʻjaligi instituti, Kindia mikrobiologiya instituti, Kankan sholi, Kindia meva institutlari, okeanshunoslik, geliofizika va tropik iqlim sharoitida konstruktiv materiallarni sinash ilmiy tadqiqot markazida olib boriladi.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekursatuvi. Gvineyada bir qancha gazeta va jurnallar nashr etiladi. Ulardan yiriklari: "Jurnal ofisyel de Gine" ("Gvineya rasmiy gazetasi", fransuz tilidagi hukumat xabarnomasi, oyiga 2 marta chiqadi), "Xoroyya" ("Qadr-qimmat", fransuz tilidagi haftalik gaz., 1961-yildan chikadi), "Fonike" (oylik jurnal, 1974-yilda asos solingan). Gvineya matbuot agentligi 1960-yilda tuzilgan. Gvineya radioeshittirish va telekursatuvi xizmati hukumatga qarashli. Milliy telekursatuv 1977-yil maydan buyon berib boriladi.

Gvineya xalqlari folklor namunalariga boy. Yozma adabiyotida qasida tarzida yozilgan dostonlar keng tarqalgan. Tarixiy va diniy mavzulardagi qasidalardan baʼzilari (Muhammad Ali Tyamning "Xoja Umar hayoti", 1935) xalq orasida mashhur.

Gvineya adabiyotida yangi poeziya qadimiy anʼanalar asosida fransuz tilida tarkib topdi. Keyta Fodeba siyosiy mavzudagi "Afrikada tong", "Yarim kecha" (1950) dostonlarini xalq afsonalari asosida yaratgan. Ray Otra (Mamadu Traore) mustamlakachilikka qarshi sheʼrlar yozgan ("Ozodlik sari" tuplami). Oʻz ijodini avtobiografik qissa ("Qora bola", 1953) bilan boshlagan Kamara Ley "Qirolning qarashi" modernistik romanini, "Haykal koʻzlari" hikoyasini nashr ettirdi. "Faralako", "Assiatu sentyabrda" romanlarining muallifi E. Sisse mustaqillik uchun kurash gʻoyasini ilgari surgan. A. Fanturening "Tropiklar doirasi" va "Saxel qoʻshinidagi kishi" romanlarida mustamlakachilikdai keyingi voqelik muammolari koʻtarilgan.

Meʼmorligi va tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Gvineya xalqlarining qadimiy turar joylari yumaloq shaklda qurilib (oʻtovga oʻxshash), tomi qamish bilan yopilgan. Ikkinchi jahon urushidan keyingi binolar qurilishida zamonaviy meʼmorlik namunalari yaqqol koʻrindi. Bu binolarda xonalarni quyoshdan saqlovchi bugʻot, panjaralardan foydalanilgan. Mustaqillik yillarida Konakrida jamoat va sanoat binolari: politexnika instituti, stadion, radiomarkaz, bosmaxona va boshqa qurildi.

Gvineya hududidan odam va hayvonlarning haykalchalari, oʻyma bezakli va buyalgan yogʻoch buyumlar, odamlarning yogʻoch shakllari (afsonaviy hayvon boshli, geometrik shaklli), yogʻoch va suyakdan yasalib turli rangga boʻyalgan niqoblar (diniy marosimlarda kiyilgan) topilgan. Qamishdan buyum yasash (turli rangga boʻyalgan sumka, yelpigʻich, savat va b.), geometrik hoshiyali rangdor matolar tuqish rivojlangan. Gvineyada professional sanʼat rivojlanmagan .

Teatr sanʼati. Qishloq bayramlarida yuzi va tanalari boʻyalgan, serhasham kiyim va niqoblardagi raqqoslar oʻyini koʻpincha teatr tomoshalariga aylanib ketadi. 1948-yil Gvineya shoiri K. Fodeba Parijda "Afrika baleti" ansamblini tuzdi. Shu asosda " Afrika baletlari" tashkil topdi (1958). 1964-yilda "Joliba" millim ansambli tuzildi. Har yili badiiy havaskorlar toʻgaraklarining koʻrigi oʻtkaziladi. Viloyatlarda bahordan kuzgacha drama, folklor, balet, qoʻshiq musobaqalari oʻtkazish odat tusiga kirgan.

Mamlakatda yiliga 2—3 film yaratiladi. 30 ga yaqin kinoteatr bor.[1]

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil