Plastik ifloslanish
Plastik ifloslanish — atrof-muhitda yovvoyi tabiatga, yovvoyi hayvonlar va odamlarning yashash joylariga salbiy taʼsir koʻrsatadigan plastik mahsulotlarning toʻplanish jarayoni[1]. Atrof-muhitga katta miqdorda plastik chiqindilar tashlanmoqda. Tadqiqotlar koʻrsatishicha, 90 foiz dengiz qushlari tanasida maʼlum miqdorda plastik jismlar borligi aniqlangan[2].
Plastik ifloslanishning koʻplab tur va shakllari mavjud. Plastmassaning ifloslanishi Yer yuzasiga, suv yoʻllari va okeanlarga yomon salbiy taʼsir koʻrsatadi. Ayni paytda plastik ifloslanishni kamaytirish boʻyicha turli mintaqalarda choralar koʻrilmoqda va bu bir martalik plastik buyumlar isteʼmolini kamaytirish, ularni qayta ishlashni ragʻbatlantirish borasidagi saʼy-harakatlardan iborat.
Plastik ifloslanishning tarqalishi plastmassa arzonligi va chidamliligi, shuningdek, hozirgi vaqtda baʼzi hududlarda ushbu material oʻrnini bosadigan muqobil yoʻqligi sabab odamlar undan haddan ziyod foydalanayotgani bilan bogʻliq. 2018-yilda dunyo boʻylab har yili taxminan 380 million tonna plastmassa ishlab chiqarilmoqda. Umuman, 1950-yildan 2018-yilgacha taxminan 6,3 milliard tonna plastmassa ishlab chiqarilgan va shuning deyarli 9 foizi qayta ishlangan, 12 foizi esa yondirilgan[3]. Coca-Cola, PepsiCo va Nestle brendlari – Yer yuzining plastik ifloslanishi boʻyicha yetakchilari.
Turlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Plastik ifloslanish suv havzalarining (daryolar, koʻllar, dengizlar, okeanlarga chiqindilarni tashlash sabab) tiqilib qolishi, suvda plastmassa zarralari, plastik toʻrlar va hk. bilan ifloslanish kabi koʻplab koʻrinishlarda namoyon boʻlmoqda. Har yili ishlab chiqarilayotgan koʻplab miqdordagi plastik mahsulotlardan bir marta foydalaniladi[4].
Mikroplastik zarralar plastik qoplar va shisha parchalanishi oqibatida, asosan, yuvish paytida, sintetik kiyim tolalari yuvilib, atrofga tarqalib ketganda yoki kanalizatsiyaga tushganda paydo boʻladi; keyin mikroplastik chiqindilar qishloq xoʻjaligi dalalariga uchib keladi, yuvilib dengizlarga tushadi va hk. Mikrozarralar bir hafta davomida havoda uchib yurishi mumkin va shuning uchun uzoq masofalarga uchib, hatto qitʼalar va okeanlardan oshib oʻtadi.
Tadqiqotlar koʻrsatishicha, havodagi mikroplastik chiqindi zarralar shaharlararo avtomobil yoʻllari va avtomobil yoʻllaridan koʻtarilmoqda — bu shinalarning tabiiy yeyilishi oqibatidir. Yana 11 foiz bunday chiqindilar okean yuzasidan koʻtarilyapti. Shunday qilib, Amerika Qoʻshma Shtatlarining gʻarbiy qismida 1100 tonna mikroplastik chiqindi doimiy tarzda havoda uchib yuribdi va hatto sivilizatsiyadan uzoqda joylashgan hududlarni ham bemalol zaharlamoqda.
Plastik ifloslanish baʼzan plastik yomgʻir — kislotali yomgʻirning yangi turini keltirib chiqarmoqda (bunday zaharli yogʻingarchilik nafaqat AQShda, qolaversa, boshqa mamlakatlarda ham kuzatilmoqda)[5].
Qamrovi
[tahrir | manbasini tahrirlash]AQShning atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi maʼlumotiga koʻra, 2011-yilda plastmassa qattiq maishiy chiqindilarning 12 foizdan koʻprogʻidan iborat boʻlgan[6] (1960-yillarda plastmassa qattiq maishiy chiqindilarning 1 foizdan kamrogʻini tashkil etgan, xolos).
Plastik ifloslanish dunyodagi katta chiqindilarni boshqarish muammosining bir qismidir. Tahliliy hisobotlarga koʻra, har yili dunyo boʻyicha 2 milliard tonna qattiq maishiy chiqindi atrof-muhitga tashlanadi. Jami chiqindilarning deyarli yarmi, yaʼni 44 foizini organik va oziq-ovqat chiqindilari, 17 foizini qogʻoz va karton, 12 foizga yaqinini esa plastik chiqindilar tashkil etadi. Shotlandiyaning Zero Waste Scotland ekologiya tashkiloti hisob-kitoblariga asosan, oziq-ovqat chiqindilaridagi uglerod hissasi plastikdan yuqori boʻlishi mumkin.
Atrof-muhitga taʼsiri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Yer
[tahrir | manbasini tahrirlash]Turli texnologiyalar yordamida yaratilgan plastik mahsulotlarning oʻrtacha parchalanish vaqti 400 yildan 700 yilgacha ekani aniqlangan. Odamlar har kuni ishlatadigan plastik qoplar tabiatda 100 yildan 200 yilgacha boʻlgan muddatda parchalanadi. Bu plastik mahsulotlar mustahkamligi va chidamliligining bir jihati, xolos. Ammo oddiy shisha idishning parchalanish vaqti 1 million yilgacha yetishi mumkin.
Asosiy tashvishli jihat shuki, plastik buyumlar yerga tushib, mayda zarrachalarga boʻlinadi va ishlab chiqarish jarayonida ularga qoʻshilgan kimyoviy moddalarni atrof-muhitga tarqatadi. Bu xlor, turli kimyoviy moddalar, masalan, zaharli yoki olovga chidamli kanserogen moddalar boʻlishi ham mumkin. Ayni kimyoviy moddalar yer osti suvlariga yoki boshqa yaqin suv manbalariga tushishi va suvni ichadigan kishilar salomatligiga jiddiy zarar yetkazishi mumkin.
Bundan tashqari, ayrim plastik turlari plastik biologik jihatdan parchalanganda, ulardan global isishga sabab boʻladigan metan gazi ajralib chiqadi[7].
Poligonlarga olib kirilgan plastmassa hech qanday xavf tugʻdirmaydi, chunki poligon atrof-muhit va inson salomatligini muhofaza qilish uchun yaratilgan,yana u tuproq va yer osti suvlari ifloslanishi oldini olish uchun yaratilgan maxsus muhandislik inshooti hamdir[8].
Zararlanishning koʻp qismi odamlar uni tashlash uchun moʻljallanmagan joylarga tashlab yuborishi yoki tabiiy poligonlarda qolib ketayotgan plastikdan kelib chiqadi.
Okean
[tahrir | manbasini tahrirlash]Butunjahon yovvoyi tabiat jamgʻarmasi (WWF) maʼlumotiga koʻra, har yili okeanlarga 5 — 12 million tonna plastik tushadi[9]. 2012-yilda ularda taxminan 165 million tonna plastik qoldiq boʻlgan. 2014-yilgi hisob-kitoblarga koʻra, okean yuzasida 268 940 tonna plastmassa mavjud boʻlib, plastik qoldiqlarning umumiy miqdori 5,25 trillion donani tashkil qiladi.
Jorjiya universiteti olimasi Jenna Jembek (Jenna Jambeck) 2015-yilda oʻtkazgan tadqiqotdan ma’lum boʻlishicha, plastik chiqindilar ularni (asosan, Osiyo mamlakatlarida) notoʻgʻri chiqitga chiqarish oqibatidadaryolar orqali yiliga oʻrtacha 9 million tonnasi okeanlarga borib tushadi.
Jembek bildirishicha, 2010-yilda plastik chiqindilarning yarmi faqat beshta Osiyo mamlakati: Xitoy, Indoneziya, Filippin, Vyetnam va Shri-Lankadan okeanga tushgan.
Plastik okeanga tushgach, quyosh, shamol va doimiy toʻqnashuvlar taʼsirida millionlab mayda zarrachalarga boʻlinadi, ammo biologik jihatdan parchalanmaydi, aksincha polimer tuzilishini saqlab qolgan holda zarralarga boʻlinadi. Oqibatda okean yuzasida ulkan hududlarda suzib yuradigan bir necha millimetr kattalikdagi mayda zarralar hosil boʻladi. Dengizda yashovchi mavjudotlar esa ushbu maydalangan plastik zarralarini plankton deb oʻylab, ularni yutadi va plastik shu tariqa jonivorlarning oziq-ovqat zanjiriga kiradi. Hozirgi vaqtda okeanning chiqindilar hududidagi plastik antropogen qoldiqlar massasi u yerdagi zooplankton massasidan yetti baravar koʻp; mutaxassislar bunday joylarni „plastik shoʻrva“ deb ataydi[10]. Bu koʻzga koʻrinmas maydalangan qoldiqlar minglab kilometrlar suv ostida suzadi, koinotdan emas, faqat suv ostidan yoki suvosti kemasidan koʻrinadi. Muammo shunchalik chigalki, unga qarshi kurashish juda ham qiyin.
2017-yili doktor Jennifer Lavers Henderson kimsasiz orollarining atrofi plastik chiqindilar bilan toʻla ekanini aniqlagan, ifloslanish koʻrsatkichi 1 kvadrat metrga 671 dona chiqindidan iborat boʻlgan.
Plastik chiqindilarning 90 foizi atigi 10 ta daryo orqali dunyo okeaniga kelib tushadi. Bular Osiyoda Yanszi, Hind, Xuanxe, Amur, Mekong, Gang, Chjujiang va Xayxe, Afrikada esa Niger va Nil[11] daryolaridir.
Hayvonlarga taʼsiri
[tahrir | manbasini tahrirlash]Plastik ifloslanish hayvonlarni zaharlashi, bu esa oʻz navbatida insonning oziq-ovqat taʼminotiga salbiy taʼsir koʻrsatadi[12].
Plastik ifloslanish yirik dengiz sutemizuvchilarga juda zarar koʻrsatishi aniqlangan va bu „Dengiz biologiyasiga kirish“ kitobida ular uchun „eng katta tahdid“ deb baholangan. Dengiz toshbaqalari kabi baʼzi dengiz turlarining oshqozonida katta miqdorda plastmassa borligi isbotlangan. Bu sodir boʻlganda, hayvon odatda ovqat iste’mol qila olmay och qoladi, chunki plastik hayvonning oshqozon-ichak yoʻlini toʻsib qoʻyadi. Dengiz sutemizuvchilari baʼzan toʻr kabi plastik buyumlarga oʻralib qoladi, bu esa ularga zarar yetkazishi yoki hatto oʻldirishi mumkin.
260 dan ortiq hayvon turlari, jumladan, umurtqasiz jonzotlar plastikni tasodifan yutib yuborishi yoki plastik chiqindilarga oʻralib qolishi xabar qilingan. Biror jonzot ularga oʻralashib qolsa, harakati keskin cheklanadi, bu esa unga oziq-ovqat topishni juda qiyinlashtiradi. Oʻralib qolish odatda oʻlimga yoki ogʻir tana jarohati va yaralarga sabab boʻladi[13]. Hisob-kitoblarga koʻra, har yili 400 000 dan ortiq dengiz sutemizuvchisi okeanlarning plastik ifloslanishi oqibatida nobud boʻladi. 2004-yilda Shimoliy dengizdagi chagʻalaylar oshqozonida oʻrtacha oʻttiz donadan plastik buyum borligi hisoblab chiqilgan.
Insoniyat uchun oqibatlari
[tahrir | manbasini tahrirlash]Plastik plastmassa turiga qarab, turli xil kimyoviy moddalarni oʻz ichiga oladi. Kimyoviy moddalar qoʻshilishi plastmassaning koʻp maqsadli boʻlishi asosiy sababidir, shu sabab u bilan bogʻliq muammolarni ham keltirib chiqaradi. Plastmassa ishlab chiqarishda ishlatiladigan ayrim kimyoviy moddalar teri orqali odam tanasiga soʻrilishi mumkin. Ushbu kimyoviy moddalar odamga qanchalik jiddiy va jismoniy zarar yetkazishi haqida hali koʻp narsa maʼlum emas. Plastmassa ishlab chiqarishda ishlatiladigan baʼzi kimyoviy moddalar inson terisiga tushganda, dermatitga olib kelishi mumkin.
JSST[14] mikroplastikning odamga qanchalik xavf solayotgani hali isbotlanmaganini eʼlon qildi. Jami 52 ta nashr koʻrib chiqildi va faqat toʻrttasi sifat talablariga javob berishi aniqlandi[15]. Mutaxassislar bugungi kunda ichimlik suvidagi mikroplastik konsentratsiyasi odam uchun xavfli emasligini taʼkidlamoqda, ammo bu muammo yetarlicha oʻrganilmaganini ham tan oldi — tashkilot, aniqroq baholash uchun yanada sifatli tadqiqotlar oʻtkazish zarur, deb hisoblaydi.
Plastik ifloslanish odamlarga estetik taʼsir koʻrsatishi, ya’ni tabiiy muhitdan zavqlanishga xalaqit berishi mumkin.
Keniya soʻnggi yillarda plastik qoplarni taqiqlayotgan, katta miqdorda jarima solayotgan va jinoyatchilarni qamash bilan jazolayotgan mamlakatlar qatoriga qoʻshildi. Tailand Janubi-Sharqiy Osiyoda bir martalik plastik qoplarni taqiqlagan birinchi mamlakatlardan biri boʻlib, dunyodagi atrof-muhitga chiqindilarni tashlash boʻyicha oltinchi eng yirik mamlakat hisoblanadi[16].
Mutaxassislar plastmassani qayta ishlashning uchta asosiy usuli borligini aytadi. Ular sirasiga plastikni poligonlarga koʻmish, yoqish yoki ishlab chiqarishda qayta ishlatish uchun qayta ishlash usullari kiradi.
Kamaytirishga qaratilgan harakatlar
[tahrir | manbasini tahrirlash]Shu bilan birga, chiqindixonalar va maxsus inshootlarda oqava suvlarni muhofaza qilish tizimi mavjud, ular atrof-muhit uchun xavfsiz, biroq iqtisodiy nuqtai nazardan samarali emas.
Yevropada 2021-yildan boshlab plastik o‘rnini bosuvchi barcha plastmassa buyumlarni emas, faqat bir marta ishlatiladigan mahsulotlardan foydalanishni bosqichma-bosqich bekor qilish rejalashtirilmoqda. Bir qator sohalarda (ichimlik suvi uchun shishalar, tagliklar) bir martalik plastmassaga teng keladigan muqobil yoʻq.
Yevropa Ittifoqi hududida 2030-yilga borib, barcha plastik qadoqlar qayta ishlanishi va qayta ishlatilishi koʻzda tutilmoqda. Hozir qayta ishlashni ragʻbatlantiradigan tashkilotlar va uyushmalar mavjud. Misol uchun, Pledging Campaign Yevropa Komissiyasining sanoatda ishlatiladigan qayta ishlangan polimerlar hajmini uch baravar oshirish kampaniyasidir.
Garchi baʼzi tashkilotlar va korxonalar plastik butilkalar va qoplar[17] kabi keng tarqalgan plastmassa mahsulotlarni taqiqlagan boʻlsa-da, aksariyat yirik kompaniyalar siklik iqtisodiyotni rivojlantirish yoʻliga oʻtdi. Shunday qilib, Coca-Cola kompaniyasi oʻz maqsadini „100 foiz qadoqlarni qayta yigʻish va qayta ishlash“ deb eʼlon qildi. 2025-yilgacha qayta ishlatiladigan va kompostlanadigan qadoqlarni PepsiCo, Amcor va Unilever 100 foiz qayta ishlashga vaʼda bermoqda. Johnson & Johnson kompaniyasi esa endi paxtali tayoqchalarni qogʻoz tayoqcha bilan ishlab chiqarishni boshlamoqda.
Kosmetikada yuzni tozalash uchun mikroplastikdan foydalanishni taqiqlash AQSh, Kanada, Buyuk Britaniya va boshqa toʻrtta mamlakatda kuchga kiradi. Endi go‘zallik kompaniyalari mikroplastik o‘rniga ekologik toza muqobillarni izlashi kerak bo‘ladi, bu ular har yili 12 milliard yevrolik zarar ko‘rishiga olib keladi.[18].
Chiqindilarni chiqitga chiqarish va qayta ishlash
[tahrir | manbasini tahrirlash]2017-yilgi Science Advances uyushmasi tadqiqoti koʻrsatishicha, 2015-yilga kelib, 6,3 milliard tonna plastik chiqindilar hosil boʻlgan, ulardan faqat 9 foizi qayta ishlangan.
Har bir plastmassa turi uchun qayta ishlash xarajatlari har xil, shuning uchun 2011-yilda umumiy plastikni qayta ishlash darajasi AQShda taxminan 8 foiz boʻldi (taxminan 2,7 million tonna plastmassa qayta ishlangan). Baʼzi plastik turlari boshqalarga qaraganda koʻproq qayta ishlanadi; 2011-yilda polietilentereftalat (PET) – termoplastikning 29 foizi va PET butilkalari va qutilarining 29 foizi qayta ishlangan.
Manbalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- ↑ „Plastic pollution“. Encyclopaedia Britannica. 2015-yil 3-mayda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 1-avgust.
- ↑ „Turning rubbish into money – environmental innovation leads the way | Global Nomadic“ (en). Global Nomadic (2016-yil 29-fevral). 2017-yil 30-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 27-oktyabr.
- ↑ „The known unknowns of plastic pollution“ (en). The Economist. 2018-yil 28-oktyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2018-yil 27-oktyabr.
- ↑ Hopewell, 2009
- ↑ Pochemu s neba padaet plastik i otkuda on beretsya // BB.LV, 19 aprelya, 2021
- ↑ „Plastics“. Epa.gov. 2015-yil 13-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2012-yil 3-sentyabr.
- ↑ Biello, David. „Are Biodegradeable Plastics Doing More Harm Than Good?“. Scientific American (2011-yil 5-iyun). 2013-yil 25-sentyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 1-avgust.
- ↑ „Химическая жизнь мусора.“. 2020-yil 5-iyunda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 25-may.
- ↑ „В WWF заявили, что до 12 млн тонн пластика ежегодно оказывается в мировом океане“. 2019-yil 15-dekabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 25-may.
- ↑ „Пластиковый суп. Как в океане возникли мусорные континенты“. 2020-yil 22-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 25-may.
- ↑ „Названы неожиданные источники загрязнения океана пластиком“. 2021-yil 2-noyabrda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2021-yil 2-noyabr.
- ↑ Knight 2012, p. 5.
- ↑ Derraik, 2002
- ↑ „ВОЗ признала микропластик неопасным для человека“. 2019-yil 25-avgustda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 25-may.
- ↑ „Микропластик: Как крошечные частицы вредят природе и человеку“. 2020-yil 10-martda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 25-may.
- ↑ TAILAND OBЪYaVIL VOYNU PLASTIKU[sayt ishlamaydi]
- ↑ Malkin, Bonnie. „Australian town bans bottled water“ (en). The Daily Telegraph (2009-yil 8-iyul). 2009-yil 11-iyulda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2013-yil 1-avgust.
- ↑ „Почему запрет пластика в Европе стал трагедией для рынка косметики“. 2021-yil 14-aprelda asl nusxadan arxivlangan. Qaraldi: 2020-yil 26-may.
Adabiyot
[tahrir | manbasini tahrirlash]- Derraik, José G. B. The pollution of the marine environment by plastic debris: A review (angl.) // Marine Pollution Bulletin : journal. — 2002. — Vol. 44, no. 9. — P. 842—852. — doi:10.1016/S0025-326X(02)00220-5. — PMID 12405208.
- Hopewell, Jefferson; Dvorak, Robert; Kosior, Edward. Plastics recycling: Challenges and opportunities (angl.) // Philosophical Transactions of the Royal Society B: Biological Sciences : journal. — 2009. — Vol. 364, no. 1526. — P. 2115—2126. — doi:10.1098/rstb.2008.0311. — PMID 19528059.
- Knight, Geof (2012). Plastic Pollution. Capstone. ISBN 978-1-4329-6039-1
- Colette, Wabnitz & Wallace J. Nichols. Editorial: Plastic Pollution: An Ocean Emergency. 3 March 2010. 28 January 2013.
Havolalar
[tahrir | manbasini tahrirlash]- „Plastik dunyo“ filmi (Birinchi kanal, 2018)
- Plastik paketlarni qisqartirish // PlanetArk.org, 2011 yil 1 dekabr /webarchive/ (2013 yil 29 yanvar)
- Jessica, A. Knoblauch. Atrof-muhit salomatligi yangiliklari . 2009 yil 2 iyul /webarchive/ (2013 yil 29 yanvar)
- „Biologik parchalanadigan plastmassalar poligondagi metan chiqindilariga qoʻshilmoqda“ // ecogeek.org, 2011 yil 10 iyun /webarchive/ (29 yanvar 2013 yil)
- Tina, L. Plastik ifloslanish va isrofgarchilik . 2011 yil 20 fevral (2013 yil 29 yanvar)
- Okeanlar qanday qilib tozalanadi (YouTubedagi TED suhbati)