Kontent qismiga oʻtish

Lesoto

Vikipediya, ochiq ensiklopediya
Lesoto
ShiorKhotso, Pula, Nala
(Soto: Peace, Rain, Prosperity)
Madhiya: Lesotho Fatse La Bontata Rona
Location of Lesoto
Poytaxt Maseru
Rasmiy til(lar) Soto
Hukumat Konstitutsion Rohiblik
• Rohib
Qirol Letsie III
Pakalitha Mosisili
Mustaqillik (Birlashgan Qirolligidan)
• Sana
4-oktabr 1966
Maydon
• Butun
30,355 km2 (141-oʻrin)
• Suv (%)
0.0032
Aholi
• 2002-yilgi roʻyxat
1,867,035 (146-oʻrin)
• Zichlik 61/km2
YIM (XQT) 2005-yil roʻyxati
• Butun
AQSh$6,064 mil. (152-oʻrin)
• Jon boshiga
AQSh$3,248
Pul birligi Loti (LSL)
Vaqt mintaqasi UTC 2
• Yoz (DST)
UTC 2
Qisqartma LT
Telefon prefiksi 266
Internet domeni .ls


Lesoto (Lesotho), Lesoto Qirolligi (Kindom of Lesotho) — Janubiy Afrikadagi davlat. Hamma tomoni JAR xududi bilan oʻralgan. Maydoni 30,3 ming km². Aholisi 2,177 mln. kishi (2001). Poytaxti — Maseru shahri Maʼmuriy jihatdan 10 okrug (district) ga boʻlingan.

Davlat tuzumi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lesoto — konstitutsiyali monarxiya. Amaldagi konstitutsiyasi 1993-yilda qabul qilingan (2001-yil martda tuzatishlar kiritilgan). Buyuk Britaniya boshchiligidagi Hamdoʻstlik tarkibiga kiradi. Davlat boshligʻi — qirol (1996-yildan Letsiye III). Qonun chiqaruvchi hokimiyat ikki palatali parlament — Millat majlisi va se-natdan iborat. Ijrochi hokimiyatni bosh vazir boshchiligidagi hukumat amalga oshiradi.

Lesoto togʻli mamlakat, Basuto platosida (oʻrtacha balandligi 2300–3000 m) joylashgan. Platoni sharq va janubiy tomondan Drakon togʻlari oʻrab turadi. Iqlimi tropik, quruq kontinental. Yanvarning oʻrtacha temperaturasi 25—26°, iyul-niki 10°, biroq tez-tez sovuq boʻlib turadi, togʻlarga qor tushadi. Yillik oʻrtacha yogʻin 750–1000 mm. Daryolari gidroenergiyaga boy; eng kattasi — Oranj. Tuproqdari mamlakat gʻarbida qumli, unumsiz, sharqida unumdor, vulkan tuproqlar. Lesoto dashtlarida gʻallasimon oʻsimliklar oʻsadi; Drakon togʻlarida butazorlar, oʻtloqlar bor.

Aholisining 98%ga yaqini afrikaliklar, asosan, suto xalqi, shuningdek, zulular, inglizlar va boshqa yashaydi. Rasmiy til — sesuto va ingliz tillari. Aholining koʻp qismi (70% dan koʻprogʻi) xristian (katolik, protestant)lar, qolgan qismi anʼanaviy dinlarga eʼtiqod qiladi. Shahar aholisi 19%. Yirik shaharlari: Maseru, Leribe, Mafeteng.

Lesoto davlatining qad. tarixi kam oʻrganilgan. 17—18-asrlarda mamlakat tub aholisi—bushmenlar shimolidan kelgan sutolar tomonidan siqib chiqarildi va qabila boshligʻi Moshesh 1 hokimiyati ostiga birlashtirildi. 1836-yildan Lesotoni burlar va yevropaliklar (inglizlar) egallay boshladi. 1884-yil Lesoto rasmiy ravishda Buyuk Britaniyaning Basutolend protektoratiga aylantirildi va Buyuk Britaniya Lesotoda "bevosita boshqarish" tizimini joriy etdi. Oqibatda Basutolend Buyuk Britaniyaning Janubiy Afrikadagi sanoati va mustamlakalari uchun arzon ishchi kuchi manbaiga aylanib qoldi. 1907-yil Basutolend taraqqiyparvar uyushmasi tashkil topdi. Bu tashkilot maorif, savdo-sotiq va boshqa sohalarda bir qator islohotlar oʻtkazdi. Keyinroq Kambagʻallar ligasi tuzildi. U xalq hayotini demokratlashtirish va mustamlakachilikni tugatishni talab qildi hamda Basutolendni zoʻrlik bilan oʻziga qaram qilib olmoqchi boʻlgan Janubiy Afrika Ittifoqi (1961-yildan JAR) irqchilariga qarshi qattiq kurash olib bordi. Ikkinchi jahon urushi davrida minglab sutolar Yevropa, Afrika va Yaqin Sharqdagi urushda ingliz qoʻshinlari tomonida qatnashdi. Urushdan keyin milliy ozodlik harakati kuchaydi.

1952-yil Basutolendda birinchi siyosiy partiya—Basutolend Afrika kongressi (BAK) tuzildi. 1960-yil oʻtkazilgan saylovda BAK negizida tashkil etilgan Kongress partiyasi gʻalabaga erishdi va mahalliy hokimiyat organlari tashkil topdi. 1965-yil kuchga kirgan konstitutsiyaga muvofiq, Basutolend oʻzini oʻzi ichki boshqaruv huquqiga ega boʻldi; parlamentga saylov oʻtkazildi. Lesoto Jonatan bosh vazir qilib tayinlandi. 1966-yil 4-oktabrda Basutolend mustaqillikka erishdi va shu yili qabul qilingan yangi konstitutsiyaga binoan, Basutolend Lesoto Qirolligi deb atala boshladi. Lesoto — 1966-yil 17-oktabrdan BMT aʼzosi. Lesoto xukumati demokratik kuchlar harakatini bostirish maqsadida JAR hukumati bilan aloqalarni yanada mustahkamlash tadbirini koʻra boshladi. 1970-yil 27-yanvarda boʻlib oʻtgan parlament saylovida Milliy partiya magʻlubiyatga uchradi. Shundan keyin Lesoto Jonatan favqulodda holat joriy etdi, saylov natijalarini bekor qildi, konstitutsiya faoliyatini toʻxtatdi. 1973-yilda favqulodda holat bekor qilindi. 1990-yilda hokimiyatni harbiylar qoʻlga oldi. 1993-yilda keyingi 23 yil mobaynida birinchi marta demokratik saylov oʻtkazildi, unda parlament saylandi. Harbiy kengash ijroiya hokimiyatni fuqarolardan iborat hukumatga top-shirdi. Milliy bayram — 4-oktabr Mustaqillik kuni (1966).

Siyosiy partiyalari, kasaba uyushmalari

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Basuto milliy partiyasi, 1959-yilda tuzilgan; Basuto kongressi partiyasi, 1959-yilda asos solingan; Marematlu ozodlik partiyasi, 1962-yilda tuzilgan; Lesoto kongressi demokratiya uchun partiyasi, 1997-yilda asos solingan; Lesoto bir-lashgan demokratik partiyasi; 1969-yilda tuzilgan. Lesoto erkin kasaba uyushmalari kongressi faoliyat koʻrsatadi.

Lesoto — Afrikada iqtisodiy jihatdan zaif rivojlangan agrar mamlakatlardan biri. Mehnatga layoqatli aholining koʻpgina qismi JARga borib ishlashga majbur. Yalpi ichki mahsulotda sanoatning ulushi 12%, qishloq xoʻjaligi ulushi 12,3%.

Qishloq xoʻjaligi zaif, qishloq xoʻjaligiga yaroqli yerlarning 10%ga ekin ekiladi. Qoramol, qoʻy, angora echkisi, ot, xachir, eshak boqiladi. Dehqonchilikda makkajoʻxori, oq joʻxori, bugʻdoy, arpa, suli, kartoshka va sabzavot yetishtiriladi.

Sanoatida olmos qazib oladigan, shaʼm, oʻgʻit, gʻisht, gilam, kiyim-kechak, mebel ishlab chiqaradigan, televizor yigʻadigan korxonalar bor. Kulolchilik, toʻquvchilik birmuncha rivojlangan. 1 yilda oʻrtacha 1 mln. kVt-soat elektr energiya hosil qilinadi. Kumir, kvars, uran konlari bor.

Avtomobil yoʻllari uzunligi — 5200 km (2100 km qattiq qoplamali). Poytaxtdan JAR chegarasigacha 1,7 kmli temir yoʻl qurilgan. Milliy aviakompaniya va Maseruda xalqaro aeroport bor. Tashqi savdoda eksportning 85% va importning 90% JARga toʻgʻri keladi. Chetga qishloq xoʻjaligi mahsuloti, jun va jun mahsuloti, chorva mollari, olmos chiqariladi; chetdan sanoat mollari, oziq-ovqat, neft, mashina-uskunalar keltiriladi. 1986-yilda muomalaga kiritilgan milliy pul birligi — loti (maloti) bilan bir qatorda JAR pul birligi — randdan bemalol foydalaniladi.

Tibbiy xizmati va maorifi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Vrachlar chet elda tayyorlanadi. 6 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan bolalar uchun majburiy taʼlim joriy qilingan. Boshlangʻich taʼlim bepul, oʻrta va oliy taʼlim pulli. Boshlangʻich maktabda oʻqish muddati 7— 8 yil, oʻrta maktabda 5 yil Roma shahrida milliy universitet, Maseruda qishloq xoʻjaligi kolleji, geol. xizmati, qishloq xoʻjaligi tajriba stansiyasi, universitet kutubxonasi, davlat kutubxonasi va arxivi bor.

Matbuoti, radioeshittirishi va telekoʻrsatuvi

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Kundalik gazetalari yoʻq. Davriy nashrlaridan yiriklari: "Lesoto tudey" ("Lesoto bugun", ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1986-yildan), "Moyeletsi oa basuto" ("Basuto maslahatchisi", sesuto va ingliz tilidagi haftanoma, 1933-yildan), "Mochochonono" ("Kometa", sesuto va ingliz tilidagi haftalik gazeta, 1974-yildan), "Leseliniana la Lesoto" ("Lesoto nuri", sesuto va ingliz tilida 2 haftada chiqadigan gazeta, 1863-yildan). Lesoto milliy radioeshittirish xizmati mavjud. Radiostansiyalari sesuto hamda ingliz tillarida eshittirish olib boradi. 1971-yildan telekoʻrsatuvlar boshlangan. Lesoto Hukumat axborot agentligi 1983-yildan ishlaydi.

Asosiy aholisi (sutolar) tartibsiz qurilgan katta-katta qishloqlarda yashaydi. Doirasimon turar joylar tosh yoki xom gʻishtdan tiklangan va qamish bilan kuloh shaklida yopilgan. Toʻgʻri burchakli uylar ham tosh yoki xom gʻishtdan qurilgan, tomi 2 nishabli yoki 4 nishabli kilib yopilgan. Uy devorlari qizil yoki sariqrang bilan boʻyalgan va geometrik naqsh ishlangan. 20-asr 2-yarmida Maseruda zamonaviy bino va inshootlar (aeroport, Ichki ishlar vazirligi, mehmonxona va boshqa binolar) qurildi.

Tasviriy sanʼati

[tahrir | manbasini tahrirlash]

Lesoto hududida qoyalarga bitilgan yozuv va naqshlar sakdangan. Ular bushmenlarning ijodi deb taxmin qilinadi. Badiiy xunarmandchilik, ayniqsa, yogʻoch oʻymakorligi rivojlangan. Roʻzgʻor buyumlari (koʻza, quti, bolishlar)ga turli shakllarda naqsh solinadi. Yogʻoch haykalchalar va sopol idish (choynak, guldon)lar yasaydilar. "Karossa" deb ataluvchi poʻstinlarni munchoklar bilan bezatadilar. Rangli munchoqlardan marjon shodalar tayyorlaydilar.

Sutolar hayotida musiqa muhim ahamiyatga ega. Cholgʻu asboblari juda xilma-xil boʻlib, ulardan yakka ijrochilikda ham, qoʻshiq yoki raqs joʻrligida ham foydalaniladi. Musiqa folklorida qoʻshiqlarning 2 guruhi mavjud: ka maoto deb ataluvchi guruhga mansub qoʻshiqlar aytilganida raqs tushiladi va mehnat jarayonini aks ettiruvchi sahnaviy harakatlar qilinadi. Xo engoye guruhidagi qoʻshiqlar harakatsiz ijro etiladi. Jangda halok boʻlgan botirlar taqsirini tasvirlovchi qoʻshiq ijro etilganida erkaklar jangovar ruxdagi raqsga tushadilar. Tabiat hodisalariga bagʻishlangan qoʻshiqlar, toʻy va diniy qoʻshiqlar, madhiyalar, marsiyalar, albatta, musiqa joʻrligida ijro etiladi.[1]

Lesoto poytaxti - Maseru shahri. BMT a'zosi

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil